Talabalar tomonidan og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilishi kuzatilmoqda: OTMlarda profilaktika (katta) inspektori shtat birliklari kiritish taklif etildi
Bunday jinoyatlarni SamDUning 10 nafar, SamDAQIning 4 nafar, SamDTUning 2 nafar, TATU Samarqand filiali, TDIU Samarqand filiali, TDAU Samarqand filiali va SamISIning 1 nafardan hamda 10 nafar boshqa viloyatlarda joylashgan oliy ta’lim muassasalari talabalari sodir etgan.
Bu haqda viloyat Kengashi sessiyasida ma’lum qilindi.
Misol uchun, Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti talabasi joriy yil 14 fevral kuni tadbirga jalb qilingan shaxsga 7,55 gramm miqdordagi “marixuana” giyohvandlik vositasini 750 ming so‘mga sotayotgan vaqtida hodisa joyida ushlangan.
Yoki Samarqand davlat universitetining uch nafar talabasi 2021 yil 23 dekabr kuni fuqarolardan birini Sartepa maskanidagi xonadoniga majburlab olib borib, qiynab, nomida bo‘lgan “Matiz” avtomashinasini ularning nomiga o‘tkazib berishga majbur qilib, bir nechta jinoyatlarni sodir etishgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, viloyatdagi yirik oliy ta’lim muassasalarida jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali amalga oshirish maqsadida shartnoma asosida kamida bittadan profilaktika (katta) inspektori shtat birliklari kiritish taklif etildi.