Talabalarga kontrakt summalarini oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yilda oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatining o‘rnatilishiga taalluqli sharhi
2019 yilning 1 sentyabridan oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarini yangi o‘quv yili uchun o‘rnatilishi bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalar va ularning ota-onalari e’tiboriga quyidagi ma’lumotlarni yetkazadi.
Respublikada oliy ta’lim tizimida amaldagi tartibga muvofiq, test sinovlari natijalariga ko‘ra eng yuqori ballar to‘plagan talabalar davlat granti bo‘yicha bepul o‘qiydilar. O‘z navbatida Davlat buyurtmasi parametrlari doirasida kontrakt asosida “o‘tish” ballarini to‘plab qabul qilingan talabalar esa, ularni o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarni qisman qoplashni nazarda tutuvchi ijtimoiy himoyalangan bazaviy to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qiydilar.
Shu bilan birga talabalarga to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish, aholining keng qatlami uchun oliy ta’limning hammabopligini ta’minlash maqsadida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlari ikki xil ko‘rinishda – “stipendiyali” va “stipendiyasiz” etib belgilandi.
Stipendiyasiz qiymat miqdorlari, har oylik talabaga to‘lanishi belgilanayotgan 400 000 so‘m, bir yilda jami 4 800 000 so‘mni chegirib tashlash hisobiga shakllantiriladi.
Misol uchun, bakalavriatning Gumanitar fanlar, Pedagogika, Texnika, Qishloq va suv xo‘jaligi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladigan talabalar (jami talabalarning qariyb 80 foizi) 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, quyidagi tartibda to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin:
👉 Stipendiya bilan – 10 792 960 so‘m (Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 17 barobarida);
👉 Stipendiyasiz – 5 992 960 so‘m (10 792 960 so‘m - 4 800 000 so‘m).
Bundan tashqari, aholiga to‘lovlarni amalga oshirishda yengillik yaratish maqsadida kontrakt summalarini oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari to‘lov muddatlarini uzaytirish vakolatiga ega bo‘ladi.
Ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlari bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining www.edu.uz saytida tanishish mumkin.
Yangi o‘quv yilida to‘lov-kontrakt qiymati miqdorini 18 foizga oshirilishida (indeksatsiya qilishda) asosiy omil sifatida, oliy ta’lim muassasalari xodimlarining ish haqi miqdorlari (o‘tgan o‘quv yilida 3 marotaba), kommunal xizmatlar tariflar va boshqa saqlash xarajatlari oshgani holda, oliy ta’lim muassasalari xarajatlarini daromadlariga nisbatan 74 foizga o‘sganligi inobatga olindi.
Shu bilan birga, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov ko‘rsatkichi 2017/2018 o‘quv yilidagi 9 foizdan joriy o‘quv yilida 20 foizga ortganligi yoki talabalar kontingentining 126 ming nafarga ko‘payganligi oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar va o‘quv binolari quvvatlarini yaratish bo‘yicha qo‘shimcha ehtiyojga olib keladi, bu esa o‘z navbatida qo‘shimcha xarajatlarni talab etadi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 2019/2020 o‘quv yilidan to‘lov-kontrakt miqdorlarining o‘rtacha 18 foizga oshirilishi - bir talabani bir yillik o‘qitish xarajatlarini qisman, ya’ni o‘rtacha 68 foizi qoplamoqda xolos (bunda - xarajatlarni qoplanishi o‘tgan yilgi darajada saqlab qolinmoqda).
Oliy ta’lim muassasalarini Davlat tomonidan qo‘llab quvvatlash maqsadida bugungi kunga qadar faoliyati tugatilayotgan kasb-hunar kollejlari va litseylarning 77 251 o‘rinli o‘quv binolari, 3 000 o‘rinli talabalar turar joylari qo‘shimcha quvvat sifatida oliy ta’lim muassasalariga o‘tkazib berilib, qo‘shimcha imkoniyat yaratildi.
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘quv va ijtimoiy infratuzilmasini modernizatsiya qilish, zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi va mebellar bilan jihozlash, kutubxona fondini to‘ldirish va boshqa xarajatlarning 90 foizidan oshig‘i davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori bilan tasdiqlagan oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish Dasturi doirasida 2016-2018 yillarda respublika oliy ta’lim muassasalarining 87 ta bino va inshootlarida qurilish, rekonstuksiya, kapital ta’mirlash hamda jihozlash ishlari uchun Davlat byudjetidan jami 749,4 mlrd.so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
2019 yilda esa, mazkur maqsadlar uchun Davlat byudjetidan 662,0 mlrd.so‘m mablag‘ ajratildi, bu o‘z navbatida, 33 ta oliy ta’lim muassasasida yana 54 ta yangi ob’yektni foydalanishga topshirish imkonini beradi.
Shuningdek, mazkur yillar mobaynida byudjet mablag‘lari hisobidan 32 ta oliy ta’lim muassasalari 31,7 mln. dollarlik xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy 28 turdagi144 ta o‘quv laboratoriya to‘plamlari bilan hamda 36 ta oliy ta’lim muassasalari 15,8 mlrd. so‘mlik 5087 ta kompyuterlar bilan jihozlandi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalarni va ularning ota-onalarini qiziqtirgan barcha savollarga, shu jumladan o‘qish uchun to‘lov shakli, talabalar va ularning ota-onalari tomonidan ta’lim olish uchun ish xaqidan yo‘naltiriladigan mablag‘larga qo‘llaniladigan imtiyoz va yengilliklar qo‘llash tartibiga taalluqli, shuningdek ta’lim krediti va boshqa savollarga yozma shaklda hamda davlat interaktiv xizmatlari orqali javob berishga tayyorligini ma’lum qiladi.