Tanzila Norboyeva Samarqandga nega tashrif buyurdi?

Kattaqo‘rg‘on shahar xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi ochildi.

Shaharda turizmni rivojlantirish maqsadida tadbirkor ayol Mavluda Sherova tashabbusi bilan tashkil etilgan mehmonxonaning ham ochilish marosimi o‘tkazildi.

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan shahardagi harbiy qismlarda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar, mustaqillik yillarida Vatan uchun jon fido etgan qahramonlarning onalari hamda iqtidorli qizlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularga O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida “Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqei, ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi faolligini oshirish - davr talabi” mavzusida anjuman tashkil etildi.

Ushbu tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva ishtirok etdi.

Yurtimiz xotin-qizlari yetakchisi davlatimiz rahbarining parlamentga murojaatnomasi, joriy yilning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nomlanishi va ayni paytda muhokama etilayotgan davlat dasturi loyihasi haqida atroflicha so‘z yuritdi. Jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni va rolini oshirish uchun avvalo, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Ayniqsa, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan opa-singillarimizni davlat tomonidan ijtimoiy muhofaza qilish barobarida ularni jamoatchilik ham qo‘llab-quvvatlashi kerakligi qayd etildi. Bu ayollarni jamiyatdan ajratib hayotga moslashtirib bo‘lmaydi, ularga avvalo, yaqinlarining, atrofdagi insonlarning e’tibori, mehri, g‘amxo‘rligi zarur.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi M.Hoshimov Bosh vazir o‘rinbosarining fikrlarini ma’qullab, nafaqat Kattaqo‘rg‘on shahri, balki viloyatning barcha hududlarida xotin-qizlarga alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani, bunda ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarining ahamiyati katta bo‘lishini qayd etdi.

Darvoqe, anjumanda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 35 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislarga viloyat hokimligi tomonidan kompyuter jamlanmalari topshirildi.