Tarixda nom qoldirgan hayvonlar

#O‘qing_qiziq!

O‘zining hayratlanarli, qahramonona ishlari yoki ilmiy tajribalardagi ishtiroki tufayli ba’zi hayvonlar insonlardan kam bo‘lmagan ishlarga qodir. Bugun o‘z nomlarini tarixda yozib qoldirishga muvaffaq bo‘lgan hayvonlarni eslaymiz.

Sher Ami laqabli kaptar

Bu kaptar Birinchi jahon urushi paytida o‘rgatilgan haqiqiy kurer edi. Qush Fransiyaga 12 ta muhim xabarni yetkazgan. Biroq Sher Ami o‘zining haqiqiy jasoratini Argonna jangi paytida ko‘rsatdi.

O‘shanda aloqa bo‘linmalari ittifoqchilar tomonidan o‘qqa tutilgandi va qo‘mondon o‘t ochish harakatlarini to‘xtatishni so‘ragan yozuvli kaptarni yubordi. Bu topshiriq davomida Sher Ami jarohat olib, bir ko‘zi ko‘r bo‘ldi va deyarli bir oyog‘ini yo‘qotdi, lekin shunga qaramay muhim xabarni yetkazdi va 200 askar hayotini saqlab qoldi.

Balto laqabli it

Bu it butun bir qishloqni qirilib ketishidan qutqargan Sibir laykasi. 1925 yilda Alyaskada difteriya (bo‘g‘ma kasalligi) epidemiyasi avj olgan paytda yordam beradigan dori ming kilometrlar narida joylashgan Sietl shahrida edi va uni samolyotda olib kelishning hech ham iloji yo‘q edi.

Vaksina olib kelish uchun itlar guruhini yuborishga qaror qilindi. Hayvonlar bo‘linmasini Balto ismli it boshqargan, u o‘z qarindoshlarini deyarli izg‘irin va qor bo‘ronlarda to‘xtamasdan boshqardi. Jasur hayvonlar qisqa vaqt ichida dorini qishloqqa yetkazib, odamlar hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Layka iti

Layka kosmosga sayohat qilgan birinchi it edi. Afsuski, bu qissa yaxshi tugamadi, chunki it sayohat qilgan «Sputnik-2» kosmik apparati mukammal bo‘lmagan va hayvonning xavfsizligini ta’minlay olmagan.

Rasmiy taxminda aytilishicha, Layka orbitaga chiqarilgandan 6 kun o‘tgach kislorod yetishmasligidan vafot etgan va faqat 2002 yilda it parvoz boshlanganidan 6-7 soat o‘tgach, ruhiy zarba va ortiqcha qizib ketishdan vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

Belka va strelka laqabli itlar

Bu itlarga esa omad kulib boqdi – ular «Sputnik-5» kosmik kemasida parvozni amalga oshirib, sog‘-salomat qaytib kelishdi. «Safar» taxminan 25 soat davom etdi, shu vaqt ichida kema Yer atrofida 17 marta aylanib chiqdi.

To‘rtinchi aylanish paytida Belka bezovtalanib, mahkamlagichlardan ozod bo‘lishga urindi, Strelka esa hech qanday tashvish alomatlarini ko‘rsatmadi. Shunga asoslanib birinchi odamning kosmik parvozini orbita bo‘ylab faqat bir marta aylanishiga qaror qilindi.

Dolli laqabli qo‘y

Dolli 1996 yilda yetilgan sutemizuvchining DNK materialidan tug‘ilgan birinchi hayvon bo‘ldi.

Bu tajriba klonlash imkoniyatini isbotlab berdi va keyinchalik kiyik, cho‘chqa va ot shu tarzda paydo bo‘ldi.

Jonatan ismli toshbaqa

Bu jonzot kamida 170 yoshda, toshbaqaning aniq yoshi noma’lum, lekin uning birinchi surati 1900 yilda qilingan. O‘sha paytda Jonatan 50 yoshda deb yozilgan.

Hozirda toshbaqa ko‘rish qobiliyati yo‘qolganiga qaramay, o‘zining besh avlodi bilan birga yashaydi va o‘zini kuchga to‘la va tetik tutadi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.