Tarixdagi surbetlarcha sodir etilgan o‘g‘irliklar
Ko‘pchiligimiz qahramonlari boylik orttirish maqsadida dunyoning eng mashhur jinoyatchilari bir joyda to‘planib, makkorlik ishlatib, o‘g‘irlik qilishga qaror qilgan filmlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘ramiz. Ushbu filmlarda muvaffaqiyatli bosqindan so‘ng, pul yoki zargarlik buyumlarini qo‘lga kiritgan qaroqchilar quyosh botgan tomonga qarab jo‘nab ketishadi, politsiya esa butun dunyo bo‘ylab ularni topish va qo‘lga olish uchun muvaffaqiyatsiz harakatlarni amalga oshira boshlaydi.
Ko‘pincha bunday ssyenariylar shunchaki boshdan olinmaydi, ular aqlbovar qilmaydigan, bezbetlik bilan sodir etilgan haqiqiy o‘g‘irliklardanilhomlanib suratga olinadi.
“United California” bankidagi bosqin
1970 yillarda sodir bo‘lgan hujum o‘sha paytdagieng yirik jinoyatlardan biriga aylandi. Taxminiy hisob-kitoblar, AQShning Kaliforniya shtatidagi bank filiali seyfidan 100 million dollardan ortiq mablag‘ olib chiqilgani haqida gapiradi.
Bosqinda Emil Dinsio boshchiligidagi “Laguna Nigel” to‘dasining 7 nafar a’zosi ishtirok etgan. Bosqinchilar bankka bostirib kirib, tezda seyf ichini bo‘shatib, so‘ng noma’lum tomonga qochib ketishgan.
Qaroqchilar o‘z muvaffaqiyatlarini takrorlashga va yana boshqa bankka hujum qilishga qaror qilmaganlarida, ehtimol, hech qachon qo‘lga olinmagan bo‘lardi. Ikkinchi operatsiya ular uchun muvaffaqiyatli kechmadi va butun jamoa qo‘lga olindi.
Oradan ko‘p yillar o‘tib, to‘da a’zolaridan biri bu ikki o‘g‘rilikka bag‘ishlangan “Supero‘g‘ri” kitobini yozishga qaror qildi.
Bag‘doddagi yo‘qotish
Banklardagi barcha bosqinlar ham shovqin-suron, qurol ishlatib bank mijozlarini garovga olish bilan tugamaydi. 2007 yilda Bag‘doddagi “Dar as Salom” xususiy bankida tarixdagi eng sokin o‘g‘irliklardan biri sodir etildi.
Ertalab ishga kelgan bank xodimlari, asosiy eshik ochiq va ichida hech narsa yo‘q “yalang‘ochlangan” seyflarni ko‘rdi.
Bank seyfida 282 million dollar bor edi. Pullarga qo‘shilib, 3 nafar qo‘riqchi ham yo‘qolgan. Sirli hodisa, bu talonchilik qanday amalga oshirilganini hech kim hech qanday tarzda tushuntirib bera olmadi.
Qaroqchilarga politsiya yordam bergan, o‘g‘irlangan pullarning bir qismi evaziga ularni xavfsizlik postlari orqali olib o‘tgan, degan taxminlar bor.O‘g‘irlikka keyinchalik hech kim ko‘rmagan, pullar bilan birga yo‘qolgan qo‘riqchilar ham aloqador bo‘lgani haqidagi mish-mishlar tarqalgani bor gap.
Tarixdagi eng katta olmoslar o‘g‘irligi
Bu yerda hamma narsa oddiy: dunyodagi eng katta qimmatbaho toshlar o‘g‘irligi juda ibtidoiy tarzda amalga oshirildi.
2005 yilning 25 fevralida katta partiyadagi olmoslarni Amsterdamning Sxipxol aeroportidan Antverpen shahriga olib o‘tish rejalashtirilgan edi.
Hodisadan bir oy oldin bir necha komplekt aeroport formasi o‘g‘irlangan va aynan shu formalarni kiygan to‘rt kishi barchaning ko‘z o‘ngida qurol olib chiqib, olmoslarni olib ketayotgan yuk mashinasi haydovchisiga tahdid qila boshlagan.
Haydovchini chiqarib yuborgan qaroqchilar mashinaga o‘tirib, aeroportdan noma’lum tomonga jo‘nab ketishdi. Tekshiruv davomida o‘g‘irlangan yuk mashinasi tasodifan tanlanmagani va o‘g‘rilar undagi bor olmoslar haqida aeroport xavfsizlik xizmati xodimlarining biridan bilib olgani aniqlandi.
18 yildirki, politsiya haqiqiy bosqinchilarni topishga harakat qilmoqda, hatto bir nechta gumondorlar hibsga olindi, biroq haligacha o‘g‘irlangan olmoslar topilmagan.
Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘sha kuni jinoyatchilar o‘zlari bilan deyarli 120 million dollarlik qimmatbaho toshlarni olib ketishgan.
O‘g‘irlik bahosini aniq hisoblashning iloji yo‘q. Chunki olmoslarning ko‘pchiligi qirralanmaganedi, bu esa baholash va qidiruv ishlarini qiyinlashtiradi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.