Tarixiy bino buzilishi ortidagi mashmashalar
Gap Samarqand shahridagi Mironshoh ko‘chasi 6-umumiy uy haqida bormoqda. XX asr boshlarida Samarqand shahrining tarixiy hududida qurilgan ushbu fuqarolik inshooti uning atrofida kechgan noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan qilingan qurilish tufayli avariya holatiga kelib qolgani, muammoni yechadigan mas’ullar masalaga panja orasidan qarayotgani haqida gazetamizning 2017 yil 4 noyabr 137-sonida «Bu muammoni hal etadigan idora bormi?» sarlavhali maqola chop etgandik. Afsuski, shundan keyin 2,5 yil o‘tibdiki, hamon muammoni hal etadigan idora yo‘q. Shunday bo‘lmasa, bu uyda yashaydigan Ilhom Hamdamov tahririyatga murojaat qilmagan bo‘lardi...
Kalavaning uchi
I.Hamdamov yashagan ushbu uy XX asr boshlarida qurilgan fuqarolik inshooti sifatida viloyat tarix va madaniyat yodgorliklari davlat ro‘yxatiga kiritilgan va YuNESKOning muhofazasiga olingan. Bu haqda viloyat hokimining 2000 yil 14 martdagi 83-Q-sonli qarori bor. Ammo 2015 yilning dekabrida qo‘shni hovli - Mironshoh ko‘chasi 4-uyda “Afrosiyob Xosiyat begim makoni” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan hech qanday hujjatsiz, shahar hokimi qarorisiz ko‘p qavatli uy qurish uchun 8 metr chuqurlik - kotlovan kovlanishi oqibatida uyning poydevori, devor va tom qismlariga qattiq shikast yetadi.
- Bu yerda chuqurlik qazilgani, qudratli texnikalardan ustma-ust foydalanilgani bois uyimning devorlarida katta yoriqlar paydo bo‘ldi, oqibatda yashash xavfli bo‘lib qoldi, - deydi tahririyatimizga shikoyat xati bilan kelgan I.Hamdamov. – Ammo quruvchi-yu korxona rahbarlarining parvoyi palak. «Bu uyni qayta ta’mirlab, yashash uchun zarur sharoit va zamonaviy ko‘rinishga ega holatga keltirmoqchidir», deb o‘ylab qurilishga doir hujjatlar bilan qiziqib ko‘rdim. E’tibor qilsam, “Afrosiyob Xosiyat begim makoni” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2015 yil 30 noyabrda umumiy maydoni 1476 kvadrat/metr bo‘lgan buzilgan holatdagi 4-uyni auksion savdosida sotib olgan. Ushbu hujjat bu yer maydonida ko‘p qavatli uy barpo etish uchun huquqiy hujjat bo‘lmasa-da, kotlovan qazib, qurilish ishlarini boshlab yuborgan. Bu qaysi qonun-qoidaga to‘g‘ri keladi? Axir, bu yer Samarqand shahrining tarixiy hududi, tag‘in YuNESKO muhofazasidagi joy bo‘lsa?!… Nahotki, buni nazorat qiladigan, unga barham beradigan tashkilot bo‘lmasa?!
Ana shundan keyin adolat istab u idoradan-bu idora eshigiga qatnash, qo‘ynimni puch yong‘oqqa to‘ldirish boshlandi.
Javob xatlari ko‘p, ammo masala yechimidan bedarak
I.Hamdamov muammoni hal qilish, noqonuniy qurilishni to‘xtatish va aybdorlarga chora ko‘rishlari uchun to‘rt yil davomida qancha idoralarga xat bilan chiqmagan, umid bilan ularning eshigida sarson bo‘lmagan, deysiz?! Ammo hammasida bir xil «qo‘shiq» aytilgan: “Afrosiyob Xosiyat begim makoni” MChJ Mironshoh ko‘chasi 4-uyda noqonuniy ravishda kotlovan qazish ishlarini olib borishi oqibatida ushbu manzil yonida joylashgan 6-umumiy uyning yon devorlarini avariya holatiga olib kelgani, qurilish ishlarini olib borish uchun yon-atrofda yashovchi qo‘shnilar roziligi olinmagani, shaharsozlik normalari va talablariga zid ravishda ish yuritgani, Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining Samarqand va Jizzax viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo davlat inspeksiyasi (o‘sha paytdagi) bilan kelishmaganligi bois qurilish ishlari zudlik bilan to‘xtatilsin…
Shahar hokimligi jamiyatning 2015 yil 30 noyabrda 4-uyni sotib olib, qurilish uchun hech qanday ruxsat olmay ish boshlagani haqida ogohlantirish xati yozib, buni darhol to‘xtatishini talab qilgan. Shundan so‘ng, qurilish korxonasi bu yerda zamonaviy savdo binosi qurishini aytib, bu borada hokimning qarori chiqarib berilishini so‘ragan.
- Oradan bir yil o‘tib, madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish inspeksiyasining bu hududda qurilish ishlari olib borilishi mumkin emasligi haqidagi xulosalariga qaramasdan va mavjud holatni bila turib shahar hokimligi “Afrosiyob Xosiyat begim makoni” MChJga imorat qurish uchun ruxsat berdi, - deydi I.Hamdamov. – Ya’ni, shahar hokimi A.Shukurov 2016 yil 6 dekabrda buzilgan 4-uy o‘rnida ikki qavatli zamonaviy savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi qurish uchun 1755-Q-sonli qarorni qabul qilgan...
Ushbu qaror asosida jamiyat ikki qavatli savdo majmuasi emas, ko‘p qavatli, aniqrog‘i, to‘qqiz qavatli uy qurib boshlagan. Ana endi ushbu noqonuniy qurilishni zudlik bilan to‘xtatish haqida shahar hokimligi ogohlantirish xatlari jo‘natgan, hatto 2016 yil 3 mayda viloyat xo‘jalik sudiga, 2016 yil 14 noyabrda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo arizasi kiritgan. Qaniydi, bu ogohlantirish xatlari, sudning qurilishni to‘xtatish haqidagi qarorlari “Afrosiyob Xosiyat begim makoni” MChJ raisi-yu quruvchilariga zarracha ta’sir qilsa?! Ogohlantirish xati jo‘natgan idoralar esa aniq ko‘rinib turgan noqonuniy qurilishni to‘xtatish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rmadi.
Oqibatda o‘zboshimchalik bilan qurilayotgan imorat oy sayin ko‘kka bo‘y cho‘zaverdi. I.Hamdamovning qo‘lida turli idoralarning javob xatlari taxlam-taxlam bo‘laverdi, ammo masalaning yechimidan darak yo‘q. Sarsongarchiliklar oqibatida ko‘rgani – uyining yarmi o‘pirilib tushgani, bu yerda yashashning umuman imkoniyati yo‘qligi bo‘ldi. Noiloj oilasi bilan Masjidi Qo‘ng‘iroqdor mahallasida yashovchi ukasining hovlisiga ko‘chib o‘tdi.
Bosh vazir bosh qo‘shdi, natija esa yo‘q
- Boshingga tashvish tushsa, buning yechimi huquqiy hujjatlarga borib taqalsa, o‘zing ham huquqshunos bo‘lib ketarkansan, - deydi Ilhom Hamdamov. – Qonunlarni varaqlab, men yashab turgan uy xalqaro miqyosda qabul qilingan Konvensiya, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan huquqiy himoyada ekanligini bildim.
Masalan, 1995 yil 22 dekabrda O‘zbekiston “Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Konvensiyani ratifikatsiya qilgan. Mazkur Konvensiyaning 4-moddasida “Ushbu Konvensiyaning tomoni bo‘lmish har bir davlat 1 va 2-moddalarida eslatilgan, o‘zining hududida joylashgan madaniy va tabiiy merosni aniqlashtirish, muhofazalash, saqlash, ommalashtirish va kelajak avlodlarga yetkazishni ta’minlash majburiyati avvalo uning zimmasiga yuklatilishini tan oladi” deb belgilangan. 6-modda 3-xatboshisida esa “Ushbu Konvensiyaning tomoni bo‘lmish – har qanday davlat boshqa davlatlarning ushbu Konvensiya tomonlari hududida joylashgan 1 va 2-moddalarida keltirilgan madaniy va moddiy merosga to‘g‘ri yoki qisman zarar keltirishi mumkin bo‘lgan har qanday oldindan rejalashtirilgan harakatlarni qabul qilmaslik majburiyatini olishi…” qayd qilingan. O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 36-moddasida “Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar” deb belgilangan.
Xo‘sh, Samarqandda madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan, bu “ish”ga sharoit yaratib bergan mas’ul rahbarlar javobgarlikka tortildimi? Axir, Samarqand shahrining tarixiy markazida joylashgan hududlarda noqonuniy inshootlar qurilganligi bois YuNESKO mas’ullari e’tiroz bildirgandi-ku. Shu bois, 2018 yil iyun oyida respublika Bosh vaziri A.Aripov Samarqandga tashrif buyurgan va shaharning tarixiy hududida qurilgan noqonuniy binolarni buzishga topshiriq bergandi.
To‘g‘ri, qaysidir ma’noda adolat qaror topdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2018 yil 27 iyundagi ajrimi bilan “Afrosiyob Xosiyat begim makoni” MChJning noqonuniy qurilish bilan bog‘liq ishlari batafsil ko‘rib chiqildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2020 yil 13 yanvardagi hukmi bilan “Afrosiyob Xosiyat begim makoni” MChJ raisi O.Rajabov, R.Rajabov va boshqalar Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, sud mening foydamga ularning hisobidan solidar tartibda 1 milliard 261 million 119,4 ming so‘m moddiy zarar undirilishi bo‘yicha qaror chiqardi.
Ammo shu bilan hamma ish joyiga tushdi, masalalar to‘liq hal bo‘ldi, deysizmi? Aslo, yo‘q.
Avvalo, aybdorlar ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa-da bu o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ygan amaldorlar, “Afrosiyob Xosiyat begim makoni” MChJni qo‘llab turgan ayrim mutasaddilar suvdan quruq chiqishdi. Ularning bu kabi harakatlariga hanuzgacha huquqiy baho berilmayapti. Prokuratura idoralari noqonuniy qurilishlar bilan bog‘liq jinoyat ishlarini o‘z vaqtida nazoratga olmadi? Uning yechimi haligacha uzun ichakdek cho‘zilib kelyapti. Masalan, mana, 6 oydirki tarixiy inshoot sanalgan uy-joyimni tiklash hech kimning, hech qaysi rahbar yoki mutasaddining xayoliga kelgani yo‘q. Ma’naviy zarar u yoqda tursin yuqorida aytilgan sud qarori bilan belgilangan moddiy zarar haligacha undirib berilmayapti. Ijrosini talab qilsam, koptok kabi u idoradan bu idoraga «uloqtirishadi». Qolaversa, Samarqandning tarixiy hududida qurilgani bois buzilishi belgilangan 9 qavatli 4-uyning hamon qad rostlab turgani nafaqat mening, balki har qanday kishini «Hammasi qog‘ozda ekan-da bebosh quruvchiga hech kimning kuchi yetmas ekan…», degan xulosaga kelishiga sabab bo‘lmaydimi?
Darvoqe, 2019 yil 21 iyun kuni viloyat hokimligida huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari va sud raislari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Samarqand shahrida noqonuniy qurilgan bino va inshootlarni buzib, uning tarixiy holatini qaytarish haqida gap borgan edi. Unda Qurilish vazirligi va boshqa tegishli organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijasiga ko‘ra, 17 ta ob’yekt to‘liq yoki qisman buzilishi lozim, deyilgan, bunday ob’yektlardan biri Mironshoh ko‘chasidagi 4-uy edi. Xatlovga qadar Samarqand shahar iqtisodiy sudining ob’yektlarni buzish to‘g‘risida hal qiluv qarorlari mavjudligi, 13 ta ob’yektni buzish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo arizasi kiritilganligi, Majburiy ijro byurosi tomonidan ushbu ob’yektlarni buzish uchun ijro hujjatlari rasmiylashtirilgani aytilgandi. Ammo hamon uning ijrosi ta’minlangani yo‘q.
Tarixiy uyni tiklab bo‘lmaydi, ammo...
I.Hamdamov hamon shu kabi muammolar girdobida. Lekin bu birgina u kishining muammosi emas. Samarqand – tarixiy shahar. U shu jihati bilan qadrli. Shaharning qadimiyligini asrash, asrlardan asrlarga o‘tib kelayotgan tarixiy binolarni saqlash barchaning insoniy ishi. Shuning uchun mana bu savollarga ko‘pchilik javob izlaydi: Samarqand shahrining tarixiy hududida qurilgan noqonuniy ob’yektlar qachon buziladi? Bu haqda ommaga kim ma’lumot beradi? Madaniy merosni qasddan nobud qilgan shaxslarga qachon qonuniy baho beriladi? I.Hamdamovga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni kim, qaysi idora, qachon, qay tartibda undiradi yoki to‘laydi?
- Bugunga kelib nafaqat mening, balki 6-umumiy uy atrofidagi YuNESKO muhofazasiga kiritilgan tarixiy maskanlarning 75-80 foiz holati o‘z qimmatini yo‘qotdi, - deydi Ilhom Hamdamov. – Uni tiklashning, tarixiy ko‘rinishiga keltirishning umuman imkoniyati yo‘q. Shu bois, ikkita maqsadim bor. Birinchidan, Samarqand shahrining boshqa tarixiy hududlarida bunday noqonuniy qurilishlar bo‘lmasligiga erishish. Shu bois Madaniyat vazirligi, YuNESKO, Yodgorliklar va tarixiy joylarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro kengash (ICOMOS) ekspertlarining ushbu hududda ekspertiza o‘tkazishlariga erishish. Bu kelgusida Samarqand shahriga sayyohlar va investorlar kelishidagi muammolarni hal etishga, yurtimizda turizm ravnaqiga xizmat qiladi. Ikkinchidan, shaharning tarixiy hududlarida bu kabi qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yayotgan “tadbirkor”u amaldorlarning xufiyona ishlariga barham berish, adolatni tiklash. Zero, Prezidentimiz 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qonun ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni bosh vazifa etib belgilagan. Buni bajarmaslikka hech kimning haqqi yo‘q.
Akram HAYDAROV,
«Zarafshon»ning maxsus muxbiri.
TAHRIRIYaTDAN: Ko‘tarilgan mavzu o‘ta dolzarb. Hatto bugungi kunda ham Samarqandning goh u, goh bu tarixiy hududida bino qurilayotgani haqida eshitib qolamiz. O‘rganib ko‘rsak, noqonuniy ekani yoki shaharsozlik kodeksi talablariga zid ravishda qurilgani isbotlanadi. Xo‘sh, bu “ish” Samarqandga yarashadimi? Nega bunday bo‘layotgani, buning sababi nima ekanini kim odamlarga tushuntiradi? Nega hech kim o‘zboshimcha quruvchilarga chora ko‘ra olmaydi?