TATU Samarqand filialida kadrlar tayyorlash sifati qanday?

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Samarqand filialida asosiy shtatda jami 102 nafar professor-o‘qituvchi, shundan 4 nafar (3,9 foiz) fan doktori, 27 nafar (26,4 foiz) fan nomzodlari, 71 nafar (69,6 foiz) ilmiy darajasiz o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda.

Universitetning professor-o‘qituvchilaridan 1 nafari 2018 yilda dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarning PhD yoki DSc ilmiy darajasini olgan. Birorta o‘qituvchi nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasasiga borib o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkazmagan.

Shuningdek, 2018 yilda 4 (2017 - 1) ta dissertatsiya himoya qilingan. Universitet professor-o‘qituvchilari nufuzli xorijiy jurnallarda 2 ta, ilmiy jurnallarda 4,2 ta maqola chop ettirgan.

2018 yilda darslik va o‘quv qo‘llanma nashr qilinmagan.

Sohalar buyurtmalari asosida 166 mln. 30 ming so‘mlik tadqiqotlar amalga oshirilgan.

Axborot kommunikatsiya texnologiyalariga oid dasturlar va elektron bazalar uchun 10 ta guvohnoma olingan.

2018 yilda universitet o‘quv jarayoniga 1 nafar xorijiy o‘qituvchi jalb etilgan, xorijiy davlatlardan kelib tahsil olayotgan talabalar yo‘q.

Shuningdek, professor-o‘qituvchilar ilmiy yoki ta’lim loyihasida, xalqaro konferensiya yoki seminarlarda ishtirok etmagan.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilariga nisbatan ish beruvchilar uchun tashkil etilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 29,6 foiz ish beruvchi bitiruvchilarning bilim darajasi va amaliy ko‘nikmasi “qoniqarli” deb baholagan.

Bitiruvchilarning kelgusida o‘sish imkoniyatlariga 25,9 foiz ish beruvchi ijobiy baho bergan.

Oliy ta’lim muassasasining ish beruvchilar bilan hamkorlik darajasiga 44,4 foiz ish beruvchi ijobiy baho bergan.

Faqat 11 foiz ish beruvchi kelgusida ushbu oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilarini ishga qabul qilmasligini bildirishgan.