Tersakliklar qachon “Uzreport” va “Milliy” telekanalini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi?
«Zarafshon» gazetasi tahririyatiga Urgut tumani Tersak mahallasida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolardan shikoyat xati keldi. Unda ushbu mahalla tumanning tog‘li qismi - Taxtaqoracha dovonida joylashgani, 2017 yilda hududga 18 ta telekanalga mo‘ljallangan teleuzatkich qurilgani, hozirda 12 ta telekanal ko‘rsatuvlari namoyish etilayotgani yozilgan.
“Bizga “Zo‘rTV”, “Uzreport”, “Mening yurtim”, “MilliyTV”, “Sevimli”, “Futbol TV” telekanallarini ham ko‘rishimiz uchun o‘rnatilgan teleuzatkich imkoniyatlarini kengaytirilishida ko‘mak berishingizni so‘raymiz”, deydi xat so‘ngida tersaklik fuqarolar.
Biz ushbu shikoyat xatiga javob berish va muammoga yechim topishni so‘rab, respublika “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasi Samarqand radioteleuzatish markaziga murojaat qildik va quyidagi javob xatini oldik:
“Xatda yozilgan telekanallar - “Zo‘rTV”, “Uzreport”, “Mening yurtim”, “MilliyTV”, “Sevimli”, “Futbol TV” mamlakatimizdagi mavjud tijoriy telekanallar hisoblanadi. Bunday tartibda faoliyat yuritayotgan teleradiokanallarni sun’iy yo‘ldoshga chiqarish esa markazimiz vakolatiga kirmaydi.
Ushbu masala yuzasidan tijorat kanallari ta’sischilariga murojaat qilish lozim. Hujjatlar rasmiylashtirilgandan so‘ng respublika “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan teleradiokanallarni sun’iy yo‘ldoshga chiqarish amalga oshiriladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, bizning mrkazimizga qarashli mavjud barcha uzatkichlar orqali, shuningdek, Tersak qishlog‘idagi “Uzunsoy” kam quvvatli stansiyasida o‘rnatilgan raqamli teleuzatkichdan tijorat teledasturlarini efirga tarqatish uchun texnik imkoniyat mavjud. Hozirda sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimida O‘zbekistonning 12 ta davlat teledasturi va 4 ta radioeshittirish efirga uzatilmoqda.
F.ROZIQOV,
“Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK Samarqand radioteleuzatish markazi direktori.