Teshiktoshdagi Navro‘zning dong‘i dunyoga taraldi
Urgutning Beshkon mahallasiga tabiat har tomondan qarashgan: bir tomondan yam-yashil adirliklar, bir tomondan tabiiy buloqlar, narigi tomonda esa ko‘zni quvnatib turuvchi purviqor tog‘lar. Adirliklar aro tabiatning o‘zi mohir ustalik bilan yasagan turli shakldagi toshlar. Bularning hammasi ushbu hududga o‘zgacha ob-havo, go‘zallik baxsh etib turibdi. Aynan shunday manzarada shu atrofdagi o‘nlab mahalla ahli ishtirokidagi Navro‘z bayramining nishonlanishi chinakam sayilga aylanib ketdi.
Beshkon, Qoratepa, Vag‘ashti, Xalqobod kabi tumandagi o‘nlab mahalla ahli, viloyat markazidan mehmonlar erta tongdan Teshiktosh maskani qaydasan, deb yo‘lga tushishdi. Adirlik bayramona bezatilgan, hududni sayyohlik markaziga aylantirish maqsadida o‘tgan yili barpo etilgan o‘tovlaru halginchaklar gullarga burkangan.
Adirlikka ekilgan turli mevali daraxtlar qiyg‘os gullab turibdi. Ta’lim muassasalari, mahalla faollari tomonidan tayyorlangan milliy taomlar, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan ishtirokchilarning e’tiborini tortgan bo‘lsa, musiqa va san’at maktabi o‘quvchilarining kuy va raqslari bayramga o‘zgacha bir shukuh bag‘ishladi. Bir tomonda polvonlar bellashsa, yana bir qirda chavandozlar ko‘pkariga tayyorlana boshladi. Bahor ayyomi sumalaksiz o‘tarmidi? Beshkon mahallasidagi 44-umumta’lim maktabining faollari kechasi bilan o‘yin-kulgi ostida sumalak pishirib, bu totli ne’matni xalqqa ulashdi. Yana bir guruh faollar doshqozonlarda osh damlab elga tarqatdi.
Aslida har yili shu yerda mahallamiz bilan bayram o‘tkazish odat tusiga kirgan, - deydi tarix fani o‘qituvchisi Behruz Fozilov. – Bu yil bayram o‘zgacha bir shukuhda, katta miqyosda o‘tayotganligi hududning tarixiy joy sifatida yanayam mashhur bo‘lishiga olib keladi. Aslida Teshiktosh maskanidan eramizdan avvalgi V-VI asrlarga tegishli bo‘lgan shahar qoldiqlari topilmoqda. Ayni paytda tarixchi olimlar bu hududni yanada chuqurroq o‘rganishga kirishgan. Uzoq yillik tarixga ega bo‘lgan bayram ajab emaski, minglab yillar avval ham shu adirliklarda o‘tkazilgan bo‘lsa.
Sumalakni tayyorlashda bosh-qosh bo‘lgan Nilufar Nurmatova bu bahoriy taomning ta’mi doim o‘zgacha bo‘lishini ta’kidlasa, osh pishirishda tashabbusni qo‘lgan olgan Boymuhammad Do‘stov elga tarqatilayotgan oshning mazasida allaqanday o‘zgachalik borligini aytdi.
Ko‘pkariga tayyorlanayotgan chavandozlar orasida yosh yigitchani ko‘rib, hayratimiz oshdi.
- Bobom va otam chavandoz, - deydi Qaynarbuloq qishlog‘idan kelgan 14 yoshli Xurshid Xurramov. – O‘n yoshimdan boshlab ko‘pkariga chiqaman.
Ko‘p gapirishni istamaydigan chavandoz yigitcha otini jadal choptirib, «ha», degancha ko‘pkari bo‘ladigan adirlik tomon yo‘l oldi.
Ayollarning laparlari-yu, kelinchaklarning salom solishi, adirlikka o‘rlagan bahorga hamohang kishida haqiqiy bayram kayfiyatini uyg‘otdi. Havo sharining uchirilishi aholi uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Gulruh MO‘MINOVA,
Zamira BALTAYeVA,
Nasiba JONTO‘RAYeVA.