Test jarayonlarining tashkiliy qismiga oid ayrim xabarlar
Test jarayonlarining tashkiliy qismi haqida huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z telegram kanalida xabar bermoqda.
- test sinovlari 29 iyul kunidan boshlanadi;
- abituriyentlar o‘zi to‘plagan balini DTM saytidagi shaxsiy kabineti orqali ertasi kuniyoq bilishi mumkin, talaba bo‘lgan-bo‘lmaganini test sinovlari to‘liq yakunlangach bilib oladi;
- test sinovlari o‘tkaziladigan binolarga borish yo‘nalishlarida yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatiladi;
- har bir hududda test sinovlari jarayoni uchun zarur axborot, texnik, tibbiy va maishiy sharoitlar yaratiladi, xususan, abituriyentlarning hudud tashqarisidagi va ichkarisidagi to‘planish joylarida soya-salqin joylar (maxsus soyabonlar, “mikroklimat” tizimi) tashkil etiladi;
- abituriyentlarning ota-onalari va xayrixohlari uchun salqin joylar, o‘tirish o‘rindiqlari, sanitariya va epidemiologiya markazi tomonidan ruxsat etilgan salqin ichimliklar va sifatli yengil oziq-ovqat mahsulotlari savdosi tashkil etiladi;
- yo‘lovchi transportning o‘z vaqtida va uzluksiz qatnovi ta’minlanadi;
- bino rahbarlari va guruh nazoratchilarining test sinovlariga belgilangan vaqtda yetib kelishlarini ta’minlash uchun barcha tashkiliy ishlar (transport, yig‘ilish joylarini va vaqtini belgilab olish) amalga oshiriladi;
- test sinovlari o‘tkaziladigan hududlarda tibbiy navbatchilik tashkil etiladi;
- test sinovlari o‘tkaziladigan binolar kuzatuv kameralari va shaxsni identifikatsiyalash vositalari bilan jihozlanadi, test sinovlarini “on-line” tarzda kuzatish uchun abituriyentlarning ota-onalari hamda keng jamoatchilikka kutish joylarida katta monitorlar o‘rnatiladi;
- test sinovlari o‘tkaziladigan binolar va DTM uzluksiz elektr quvvati (zaruriyatdan kelib chiqib, UPS – zaxira elektr manbani ta’minlovchi uskunalar) bilan ta’minlanadi;
- abituriyent qizlar uchun yetarli miqdorda maxsus tekshiruv xonalari tashkil etiladi;
- test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan hududga bir smenadagi sig‘im bo‘yicha barcha abituriyentlarni 1 soat ichida to‘liq tekshirib kiritilishi uchun nazorat xizmati postlaridagi tegishli xizmat xodimlari soni ko‘paytiriladi;
- test sinovlarining umumiy jarayoni DTM tomonidan ruxsat berilgan «Yoshlar ittifoqi» markaziy kengashi a’zosining kuzatuvi ostida abituriyentlarga xalaqit bermagan holda birinchi smenada 10:00 dan 10:20 gacha, ikkinchi smenada 17:00 dan 17:20 gacha bo‘lgan vaqtlarda respublikada faoliyat yuritayotgan nufuzli internet-nashrlari (KunUz, GazetaUz, DaryoUz va h.k.) hamda xorijiy televideniye vakillari tomonidan suratga olinishiga ruxsat etiladi.