“Tez yordam”ning Samarqand, Qashqadaryo va Xorazm viloyat filiallariga yana 30 dona “Volkswagen Caddy” avtomashinalari topshirildi
Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, vazirlik va "Jizzakh Auto" o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, "103" xizmatiga navbatdagi 30 dona A toifali “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari topshirilgan.
Aytilishicha, 2023 yil yanvar-fevral oylarida Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki yurtimizda ishlab chiqarilgan 227 ta “Volkswagen Caddy” avtomashinalari bilan boyigan.
Shuningdek, o‘tgan yil avgust oyida 50, sentyabr oyida 100, oktyabr oyida 100, noyabr oyida esa yana 108 dona ana shunday avtoulovlarning yangi partiyasi ehtiyojga qarab Respublika tez tibbiy yordam markazining hududiy filiallariga taqdim etildi.
2023 yil so‘ngida “Jizzakh Auto” kompaniyasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi uchun mazkur rusumdagi avtomashinalarning navbatdagi 100 dona yangi partiyasi taqdim etilgan.
Navbatdagi, Samarqand, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari “Tez yordam” filiallari uchun berilgan 30 ta avtomashina hisobiga tizimdagi bunday avtotransport vositalari soni jami 800 dan oshadi.