Tik-tok - shunchaki, vaqt o‘g‘risi

Yaqindan boshlab “tik-tok” so‘zi qulog‘imizga tez-tez chalinadigan bo‘ldi. Maktabda sinfdoshlarim o‘rtasida ham uning ovozasi, OAVda ham tik-tokerlar yaratgan "mahsulotlar" muhokamasi. Xullas, hamma joyda tik-tok bilan bog‘liq gaplar...

Ko‘pchiligimiz biron-bir qo‘shiqni eshitganimizda unga yaxshi yoki yomon munosabat bildiramiz. Lekin she’rning muallifi kim, bastakori kim, agar unga klip ishlangan bo‘lsa, klipmeykeri, rejissori kimligiga qiziqib ko‘rmaymiz. Ijtimoiy tarmoqlar ham xuddi shunday. Ulardan foydalanamizu, ammo to‘liqroq ma’lumotga ega emasmiz. Misol uchun, ayni damdagi mulohazamiz mavzusi bo‘lmish tik-tok xususida nimalarni bilamiz? Unga qachon va kim tomonidan asos solingan? Maqsadi nima? Bizga qanchalik foydasi bor? Keling, yaxshisi, ushbu savollarga birgalikda javob izlab ko‘raylik.

Tik-tok - bu yosh, lekin bugungi kunda juda mashhur ijtimoiy tarmoqlardan biri. Bu yerda foydalanuvchilar o‘z videolarini yaratadi, ularni boshqalar bilan baham ko‘radi, boshqa foydalanuvchilar ishini baholaydi va muloqot qiladi. Mazkur dasturiy mahsulot 2016 yilda Xitoyning mashhur “Byte Dance” korporatsiyasi a’zosi Chjan Yiming tomonidan tashkil qilingan. Dastlab u “Play Store” yoki “App Store”dan yuklab olingan. Asosiy foydalanuvchilari kulgili va hazil videolarni suratga olib joylashtiruvchi yoshlar va maktab o‘quvchilari bo‘lgan.

Tik-tok o‘zi nima, deya menga savol berishsa, ikkilanmasdan "Qimmatli vaqtimizning ayyor o‘g‘risi", deb javob bergan bo‘lardim.

Barchamiz o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘lgan yana bir savol: tik-tokning sizu bizga qanchalik foydasi tegyapti? Undan yaxshi narsalarni o‘rgana olyapmizmi? Ko‘pchilik aqlli insonlar (yoshidan qat’iy nazar) nimadir tomosha qilishdan yoki o‘qishdan oldin "Men bundan o‘zim uchun kerakli narsalarni ololamanmi?", deb o‘ylaydi. Agar javob o‘zini qoniqtirmasa, o‘sha narsadan foydalanishmaydi. Nazarimda, tik-tok ham bizga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar beryapti. “Business Apps” ma’lumotlariga qaraganda, foydalanuvchilar kuniga asosiy vaqtini tik-tokka, yangi video yaratish yoki boshqa videolarni tomosha qilishga sarflar ekan.

Yana, tik-tok foydalanuvchilarining asosiy qismini, ya’ni 41 foizini 16-24 yoshli yigit-qizlar tashkil qilar ekan. Ko‘rib turganimizdek, platformaning asosiy foydalanuvchilari yoshlar. Ular ayni kuch-quvvatga to‘lgan, ilm o‘rganish pallasi chog‘ida vaqtini bema’no, behayo va foydasiz videolarni ko‘rishga sarflasalar bu juda yomon emasmi? Achinarlisi, bundaylar qatorida bizning yurtdoshlarimiz, ayniqsa, tengqurlarimiz ham bor...

Tik-tok videolarining birida yosh yigit onasining yuziga tort bilan urib, bayram bilan "tabrikladi"... Bu aqli zaif yoki ruhiy xasta kimsaning ishi, menimcha. Axir dunyoga keltirib, parvarishlab katta qilgan insonning yuziga urish, o‘zini to‘g‘ridan-to‘g‘ri do‘zax oloviga otish bilan teng emasmikin?! Buni ham qo‘yib turaylik. Keyingi holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Bunda ham bosh qahramon yosh yigit. U yurayotgan poyezdning tagiga yotgancha o‘zini videoga olibdi. Bu yigit "Qanday qahramonlig-a, zo‘r yigit ekan!", degan olqishlarni kutgan yoki millionlab layk (ovoz) yig‘ish niyatida (zora, layk inson umridan aziz bo‘lsa) bu ishni qilgan. Bu yog‘i bizga qorong‘i. Endi o‘ylab ko‘raylik, bu videolarni tomosha qilayotgan insonlarga u qanday ta’sir qiladi? Agar yoshi kattaroq kishi bo‘lsa, "Ahmoq ekan. Nega bunday qiladi?", deyishi mumkin. Lekin oq bilan qorani yaxshi ajarata olmaydigan yoshlarchi? Ularga taqlid qilishmaydimi?

Xulosa o‘zingizdan. Ayanchli hodisalar sodir bo‘lmasligini istasak, doim ogoh bo‘laylik. Bir kunda bir soatlik qimmatli vaqtimizni "Vaqt o‘g‘risi"ga boy bergunimizcha, kitob o‘qib, bilimimizni boyitaylik, oilamizga foydasi tegadigan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanaylik. Zero, biz yoshlar Vatanning kelajagimiz!

Kamola SUVONOVA.