Tikilib qarasa bo‘ldi, sotuvchi kassadagi pullarini berib yuboravergan
- 30.10.2022 22:11
- 252
- Xorij
Taniqli ko‘zboylag‘ich qaroqchilardan biri XIX asr oxirlarida Britaniyada karomatlar ko‘rsatgan Lyus Albertdir. Bu odam g‘oyat kuchli gipnozchi bo‘lsa-da, mahoratini bir shisha aroq evaziga namoyish etavergan. U o‘tgan–qaytganlar yoki do‘kon egasining ko‘ziga tikilib qarasa bo‘ldi, ular cho‘ntaklaridagi, kassadagi pullarini qo‘shqo‘llab berib yuborishgan.
Ko‘pincha Albert do‘kondagi xarid qilgan narsasi uchun bir parcha oddiy qog‘ozni berib ketavergan. Sotuvchi keyinchalik ko‘ziga pul bo‘lib ko‘ringan narsa oddiy qog‘oz ekanligini bilgan.
1889 yilda tovlamachini sud qilishadi. Biroq hukm g‘alati edi: “Shubhasiz, Albert shafqatsiz jazoga loyiq. Ammo uning jinoyatlari o‘ta yangi va shunchalik g‘ayrioddiyki, bu sud qonunchiligining afsungarlik moddasiga to‘g‘ri kelmaydi. Aks holda u hozir ozod etilmay, gulxanda yondirilishi aniq edi”.
Xorij OAV asosida Tog‘aymurod ShOMURODOV tayyorladi.