Til - nomus masalasi

Ha, aynan shunday. Agar millatning tili bulg‘ansa, uning nomusi ham bulg‘anadi. Nomussiz millat esa hech qachon millat bo‘lmaydi. Shunday ekan, tilimizning sofligini saqlash, uning nufuzini oshirishga barchamiz birdek mas’ulmiz.

O‘zbek tili maqomini mustahkamlash bo‘yicha ishlab chiqilgan 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida tashkil etilgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti ona tilimizni rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega.

Prezidentimizning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi farmoniga ko‘ra, tashkil etilgan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasidagi Davlat tilini rivojlantirish departamentining asosiy vazifasi - davlat tilini rivojlantirish, davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlash, o‘zbek tilining yozma matni me’yor va qoidalarini ishlab chiqish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etishdan iborat.

Buning natijasida, davlat tilida ish yuritishni tashkil etish va uning ijrosini nazorat qilishga e’tibor yana ham kuchayishi ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, o‘zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida – davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalarida faol qo‘llanilmoqda, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Albatta, bu o‘zbek tilining taraqqiy etayotganidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, tarixda ilk bor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlashi milliy tilimizning xalqaro miqyosda nufuzi oshishiga turki bo‘ldi.

Baxtiyor Xolmuxamedov,
SamDU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi.