Tog‘chinoqda 1000 dollar oylik oladigan o‘qituvchi bor
Kattaqo‘rg‘on tumani Jizmonsoy mahallasida ijodiy safarda bo‘ldik. Tog‘lar orasida joylashgan qishloqlarda qariyb 10 million so‘m oylik olayotgan o‘qituvchilar hayoti, ularga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdik. Safarimiz chog‘ida, avvalo, olis qishloq Tog‘chinoqqa borishni maqsad qilib, yo‘lga otlandik.
Kichik maktabning katta yutug‘i bor. Muammosi-chi?
Mahalla hududiga kiraverishimizda hovlisida yam-yashil archalar o‘sib turgan maktab e’tiborimizni tortdi. Bu ta’lim muassasasiga kirish rejamizda yo‘q edi, ammo to‘xtashga qaror qildik. Maktab kichik bo‘lsa-da, bitiruvchilari oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha tumanda yuqori o‘rinda ekan.
- 2019-2020 o‘quv yilida bitiruvchilarimizning 46 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi va tumanda bu ko‘rsatkich bo‘yicha birinchi o‘rinda edik, – deydi maktab direktori Asad Abdurahimov. – O‘tgan o‘quv yilida bitiruvchi sinf o‘quvchilarimiz kamligi sabab, ular qo‘shni maktabda ta’lim oldi. Joriy o‘quv yilida bu boradagi ko‘rsatkichimizni 70-80 foizga oshirishni rejalashtirganmiz. O‘quvchilarimiz fan olimpiadalarida ham yuqori natijalarga erishyapti. Maktabimiz 96 o‘rinli bo‘lib, bugungi kunda 195 nafar o‘quvchi ta’lim olyapti. To‘g‘risini aytish kerak, sinfxonalar yetishmaydi. Bu muammoni tumanimiz hokimi o‘rganib, 2022 yilda qo‘shimcha 6 ta sinfxona qurib berilishini aytdi.
Mahalla markazida mashinani almashtirdik
Jizmonsoy mahallasi markazida ham to‘xtashga majbur bo‘ldik. Sababi, Tog‘chinoqqa borish uchun tog‘ yo‘llariga chidamli mashina va malakali haydovchi kerak bo‘lar ekan. Faqat mototsikl yoki “Niva” avtomashinalari qatnaydigan yo‘llarda haydovchisi tajribali bo‘lsa “Damas” ham yurarkan.
Xullas, mahalla markazidan “Damas”da o‘tirib, “Tog‘chinoq qaydasan”, deb 12 kilometr masofani bir soatda bosib o‘tdik, desam ishonavering. Bu - yo‘lda buloqdan suv ichganimiz, yilqilarni suratga olganimiz, tog‘ning tepasiga chiqib, Nurota va Qo‘shrabot tumanlariga qarashli qishloqlarni tomosha qilganimizga ketgan vaqtdan tashqari.
- Biz turgan joy uch tuman chegarasi, - dedi bizga hamrohlik qilayotgan, tuman xalq ta’limi bo‘limi metodisti Sarvar Toirov. – O‘ng tomondagi qishloq Navoiy viloyati Nurota tumaniga, chap tarafdagisi esa Qo‘shrabot tumaniga qarashli. Qarshimizda Tog‘chinoq.
O‘quvchilar uchun to‘garaklar
Tog‘chinoqda yashash, bu yerda joylashgan 81-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlashning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari va shu bilan birga zavqi bor. Olis hududda joylashgan maktabga boshqa viloyatlardan - Navoiydan uch nafar, Andijon va Farg‘onadan bir nafardan o‘qituvchi kelib, qishloq bolalariga saboq beryapti.
- Navoiy viloyati Xatirchi tumanidan kelganman, - deydi oliy toifali matematika o‘qituvchisi G‘ayrat Safarov. – Bu yerda 9 million so‘mga yaqin oylik olyapman. O‘quvchilar uchun qo‘shimcha to‘garaklar tashkil qilganman. Bundan tashqari, o‘tgan yillarda maktabni bitirib, o‘qishga kirolmagan yoshlarga repetitorlik ham qilyapman.
O‘qituvchilikdan ham oyiga 1000 dollar topsa bo‘larkan
Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanidan kelgan Oyshaxon Ermatova shu maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars beradi.
- Yo‘lini hisobga olmasa, bu qishloqda yashashning gashti boshqacha, - deydi muallima. – Odamlari samimiy. O‘quvchilari ilmga chanqoq. Xotirasi kuchli. Bu yerda telefon aloqasi bo‘lmagani ham ular uchun qo‘l kelarkan. Ammo shunday chekka qishloqdagi maktabga internet tarmog‘i tortilganiga qoyil qoldim. Prezidentimiz o‘qituvchilar oyligi 1000 dollar bo‘ladi deganda, ko‘pchilik ishonmagandi. Mana, biz qariyb 10 million so‘m oylik olyapmiz. Maqsadim juda katta. Birinchi navbatda menga bildirilgan ishonchni oqlab, maktab bitiruvchilarining kamida 80-90 foizining talaba bo‘lishiga ko‘maklashish. Shuningdek, olis hududda, ammo O‘zbekistonimizdan chiqmasdan turib, o‘qituvchilik qilib, peshona terim bilan topayotgan daromadimdan ro‘zg‘orimizni but qilish, qolaversa, yaqinda olamdan o‘tgan qaynukamning oilasiga moddiy yordam ko‘rsatib turishni niyat qilganman.
“Hayotning erganagi” nima?
Muallima Oyshaxon Ermatova olis hududda ishlash uchun yolg‘iz kelmagan, o‘g‘li Muhammadjon u bilan birga.
- Ayam bilan shu qishloqqa kelib yashayapman, - deydi u. – Boshida bu yerliklarning shevasiga tushunishim qiyin bo‘ldi. Masalan, “Hayotding yerganagini jovib ke”, degan gapga. Keyinchalik o‘rgana boshladim. To‘g‘risi, lug‘at daftar tutdim. Hayot – tomorqa. Erganak – darcha, eshik. Jovmoq – yopmoq. Shappat – qiyalik. Jo‘l – yo‘l. Ko‘na – eski, ko‘hna.
“Buloq suvidan ichyapmiz”
Maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga farg‘onalik Gulnoza Mamadaliyeva ustozlik qilyapti. U bu yerga oilasi bilan birga kelgan. Turmush o‘rtog‘i haydovchilik bilan shug‘ullanadi.
- Boshida biroz qiynaldim, - deydi G.Mamadaliyeva. – Birinchi sinfga kelgan o‘quvchilarimdan hech biri bog‘chaga bormagan. Aksariyati ruchka ushlashni bilmaydi. Ayrimlari bironta ham she’r yodlamagan. Ammo sekin-asta o‘rgatdim. 4 yil davomida bu o‘quvchilarimga boshlang‘ich ta’lim berishda bor kuchimni ayamayman. Buning uchun bizga zarur sharoit yaratilgan. Yashayotgan uyimizda shu qishloq imkoniyati darajasida qulayliklar bor. Tabiiy yoki suyultirilgan gaz bu yerlarga yetib kelmagan, albatta. Shuning uchun o‘tin yoqyapmiz. Asosiysi, elektr energiyasi bor. Menga eng yoqqan tomoni qishloqning havosi toza, tabiati go‘zal. Buloq suvidan ichyapmiz. Tinch va osuda tog‘lar orasida yashash juda zavqli ekan.
Jasoratli o‘qituvchilarga rahmat
Mamlakatimizning turli viloyatlaridan Tog‘chinoqqa kelib dars berayotgan fidoyi o‘qituvchilardan qishloq aholisi minnatdor.
- Shu maktabda 40 yil o‘qituvchilik qilib, pensiyaga chiqqanman, - deydi mehnat faxriysi Qurbonqul Mahmudov. – Malakali mutaxassislarning yetishmasligi sababli maktabimizda ta’lim sifati susaydi. Ammo qishlog‘imizga boshqa viloyatlardan tajribali o‘qituvchilar jalb qilingach, vaziyat o‘zgaryapti. Ular o‘quvchilarimizga bor bilimlarini beryapti. Buning uchun minnatdormiz. O‘ylaymizki, bu ustozlardan maktabda faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar ham o‘rnak oladi. O‘tgan o‘quv yili yakuni bo‘yicha “qizil” maktab bo‘lgan bu ta’lim maskani tez orada “yashil”ga aylanadi.
Olis hududlarda ta’lim sifati oshyapti
Kattaqo‘rg‘on tumanining olis hududida joylashgan ikki mahalla maktablariga boshqa viloyatlardan 13 nafar malakali mutaxassis taklif etilgan.
- Tumanimizning chekka hududi – Bunyodkor mahallasidagi 45-maktabga vodiy viloyatlaridan 2 nafar, Navoiy viloyatidan 1 nafar o‘qituvchi jalb qilingan, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi kadrlar bo‘yicha inspektori Navro‘z Qodirov. – Jizmonsoy mahallasidagi 3 ta maktabda esa boshqa viloyatlardan kelib dars berayotgan muallim 10 nafarni tashkil etadi. Ular uchun imkon qadar turmush va ish sharoitlari yaratib berilgan.
***
Tog‘chinoqdan qaytayotganimizda quyosh bota boshlagandi. Bu qishloq tog‘ining turli shakldagi xarsang toshlari, ularni o‘yib chiqqan o‘simliklar, tog‘liklarning qurtovasi, sho‘rtobasi va undan tayyorlanadigan o‘ziga xos taomlar, qolaversa, mahalladagi tarixiy obidalar, zilol chashmalar haqida yana lavhalar tayyorlashni niyat qildik. Bizni kuzatib boring.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.