«Tolibon» Afg‘onistonning uchdan ikki qismini nazorat qilmoqda

«Tolibon» Afg‘oniston janubidagi Lashkargoh shahrini egallab oldi.

Bundan oldin mamlakatning ikkinchi va uchinchi yirik shaharlari bo‘lgan Qandahor va Hirotni, shuningdek Kobulning janub bilan o‘rtadagi muhim aloqani uzib qo‘ygan G‘azna ma’muriy markazini egallab oldi.

«Tolibon» hozirda Amerika qo‘shinlari to‘liq chiqarilishidan bir necha hafta oldin mamlakatning 2/3 qismini nazorat qilayotganini ta’kidlamoqda.

Vashington elchixona xodimlarini evakuatsiya qilish uchun qo‘shimcha 3 ming askar yuborishini e’lon qildi, shuningdek, ko‘pgina G‘arb davlatlari o‘z fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqirmoqda.

Afg‘onistonga AQShning qo‘shimcha kuchlarini joylashtirish vaqtinchalik bo‘ladi, albatta.

«Birinchilar qatorida hozirda Markaziy qo‘mondonlik mas’uliyati zonasida bo‘lgan 3 ta piyoda bataloni bo‘ladi. Ular 24-48 soat ichida Qobuldagi Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroportga yo‘naltiriladi. Uchta batalondan ikkitasi AQSh dengiz piyodalari va bittasi quruqlikdagi qo‘shinlar», deya tushuncha berdi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

Shu bilan birga mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish umidi tobora kamayib bormoqda. Vaholanki, Doxada «Tolibon» va Afg‘oniston hukumati rasmiylari uchrashuvlari davom etmoqda.

«Umid qilamizki, shu hafta Doxada Afg‘oniston Islom Respublikasi va "Tolibon" vakillari hamda mintaqaviy va xalqaro elchilar o‘rtasidagi muzokaralar mojaroni tinch yo‘l bilan hal qiladi», dedi BMT Bosh kotibi matbuot kotibi Stefan Dyujarrik.

Amerikalik tahlilchilar nazarida yaqin 30 kun ichida Qobul uchun kurash boshlanadi va «Tolibon» bir necha oy ichida mamlakat ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritishi mumkin. U.S.News ma’lumotiga ko‘ra, bu holda Xitoy «Tolibon» boshqaruvini tan oladi.

Ularning qaytishidan qo‘rqib, minglab afg‘onlar esa o‘z uylarini tark etishmoqda.