Tomorqa xizmatlari tashkil etildi. Nima o‘zgardi?
Aholi tomorqasidan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida tomorqa maydonlari xatlovdan o‘tkazildi. Xatlovga ko‘ra, hozirda viloyatimiz tumanlaridagi 846 ta mahalladagi tomorqaga ega 538 ming 540 xonadon tasarrufida 61 ming 840 gektar ekin ekiladigan yer maydoni mavjud.
Tomorqachilar ixtiyoridagi unumdor yerdan samarali foydalanish va yuqori daromadli ekinlar ekilishini ta’minlash uchun viloyat va tumanlarda shtablar, ishchi guruhlar tashkil etildi. Ularga boshqarma, tashkilotlardan mas’ullar biriktirildi. Tomorqachilarga yordam berish uchun tumanlarda 41 ta “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan aholiga urug‘lik, ko‘chat yetkazib berish, texnika, kimyoviy ishlov berish va boshqa xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Natija qanday bo‘ldi?
O‘tgan yili 2019 yil hosili uchun 12 ming 710 gektarga to‘qsonbosti usulida ekinlar ekildi va bahorda sarimsoqpiyoz, ko‘katlar, sabzi, piyoz, osh lavlagi va boshqa ekinlardan jami 157 ming 573 tonna hosil olindi. Aholi ixtiyoridagi tomorqa maydonining 32 ming 816 gektarida bog‘, tokzor, issiqxona va boshqa ekinlar, qolgan 29 ming gektar ochiq maydonda ertagi ekinlar joylashtirildi.
Albatta tomorqa maydonlariga to‘liq ekin ekish ishlarini to‘g‘ri tashkil etishda joylardagi ishchi guruhlarning uyma-uy yurib, ish olib borgani yaxshi samara berdi. Xonadonlarda olib borilgan o‘rganishlar natijasida viloyatimizdagi 8 ming 387 ta kam ta’minlangan va imkoniyati cheklangan oilaga 43 mingdan ortiq mevali daraxtlar va tok ko‘chatlari hamda 27 ming kilogramdan ortiq kartoshka, sabzi, pomidor, karam, piyoz va boshqa urug‘lar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan yetkazib berildi. Bu albatta, katta yutuq bo‘lmasa-da, tomorqadan unumli foydalanish, aholi daromadlarini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
2019 yil 11 yanvarda viloyatimizga amalga oshirgan tashrifida davlatimiz rahbari aholi xonadonlarida 10 mingta 1 sotixli ixcham issiqxona qurish bo‘yicha topshiriq bergandi. Haqiqatda bu kabi ixcham va kamxarj issiqxonalar qurish yaxshi daromad ekanligini to‘g‘ri anglagan 10 ming 150 nafarga yaqin tomorqachilar mo‘’jazgina issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘yishdi. “Bir mahalla - bir mahsulot tamoyili” asosida muayyan mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirish orqali mahallalar va tomorqa xizmati korxonalarining kooperatsiyasi yaxshi samara bermoqda. Bu ayniqsa, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlaridagi tomorqa xizmati korxonalarida tizim yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
2020 yil hosili uchun viloyatimizdagi dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari tomonidan 13 ming 200 gektar maydonga to‘qsonbosti usulida ekinlar ekishni rejalashtirgandik. Avgust-sentyabr oylarida 4 ming 815 gektarga piyoz va sarimsoqpiyoz ekilgan bo‘lsa, noyabr-dekabr oylarida 8 ming 385 gektarga ko‘kat, osh lavlagi, piyoz, sabzi, karam va boshqa ekinlar ekildi.
Kengash va uning tasarrufidagi “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining asosiy maqsadi aholi tomorqasidan unumli foydalanish, ichki bozorni ta’minlash va tomorqachilar daromadini oshirish hisoblanadi.
Shu bois joylardagi tomorqachilarga qulay xizmat ko‘rsatishni tashkil etish va kengash faoliyati bilan kengroq tanishtirib borish maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashining www.samfk.uz rasmiy veb sayti ishga tushdi. Ushbu saytda dehqonchilikning sir-asrorlari, viloyatimizdagi fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining qishloq xo‘jaligi sohasida erishayotgan yutuqlari va boshqa ma’lumotlar berilib borilmoqda. Shuning bilan birga joylarda uchrayotgan muammolar va to‘siqlar yuzasidan rasmiy veb-saytning virtual qabulxona sahifasiga murojaat qilish ham mumkin.
Xayrulla BERDIYeV,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi raisi vazifasini bajaruvchi.