Tomorqada mehnat qilib ham mo‘may daromad topish mumkin
Buni Oqdaryo tumani Oytamg‘ali mahallasida yashovchi tomorqachilar amalda ko‘rsatishyapti. Chunki ular bir qarich yerdan ham unumli foydalanishga harakat qiladi.
- Tumanimizning mavjud 35 ta mahallasidagi 33 ming 691 ta xonadonda 4047 gektar tomorqa yer maydoni bo‘lib, turli qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiriladi, - deydi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limi bosh mutaxassisi Furqat Aliqulov. - “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarning 12 tasi sabzavotchilik, 6 tasi aynan kartoshkachilik va 13 tasi bog‘dorchilik yo‘nalishlariga ixtisoslashgan. Oytamg‘ali mahallasi Pilol qishlog‘i aholi tomorqalari kuz va qish oylarida ham bo‘sh turmaydi. Ular bu mavsumda, asosan, ko‘kat va boshqa to‘qsonbosti ekinlar yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
Shu qishloqda yashovchi Nodir Yusupov 12 sotixli tomorqasining 10,5 sotixi issiqxonalardan iborat.
- Dastlab, 2012 yilda 3,5 sotix yerda issiqxona tashkil qildim, - deydi u. – Bu yerda qishin-yozin mahsulot yetishtirib, yaxshi daromad topish mumkinligini angladim. Yiliga 3 marta ekin ekib, mo‘l hosil ola boshladim. Ikki yil ichida qilgan daromadimning ro‘zg‘ordan ortganini yig‘ib, yana ikkita ana shunday issiqxona barpo etdim. Har biridan yiliga 30-40 million so‘mgacha foyda ko‘ryapmiz. Turmush o‘rtog‘im bilan shu yerda mehnat qilamiz. Yaqinda bankdan kredit olib, 20 sotix yerda issiqxona qurish istagidaman.
Pilollik yana bir dehqon Bahodir Ubaydullayev hovlisidagi 4 sotixlik ochiq tomorqasida yiliga 3-4 marta ekin ekib, hosil oladi.
- Erta bahorda 4 sotix yerga 100 kilogramm kartoshka urug‘ini qadasam, 1 tonnaga yaqin hosil olishim mumkin, - deydi u. – Keyin bodring ekaman. Yaxshi mehnat qilinsa sotixidan o‘rtacha 500 kilogramm hosil olish mumkin. Kuz boshida, ya’ni sentyabr oyida bodringdan bo‘shagan maydonga ismaloq ekaman. Bu o‘simlik 40 kunda tayyor bo‘ladi. Uni ham yig‘ishtirib olib, to‘qsonbosti ekin, sarimsoq piyoz ekishni rejalashtirganman.
Pilol qishlog‘ida bu kabi usta tomorqachilar ko‘plab topiladi. Ular boshqalarga o‘rnak bo‘lyapti. Tumanda aholi tomorqasidan unumli foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilyapti.
Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi tuman bo‘limi hamda Fermer, dexqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan tomorqachilarga zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda. Ularga sifatli urug‘lar, ekinlar parvarishi uchun zarur o‘g‘itlar yetkazib berilishi va hatto hosil yig‘ib olingach, mahsulotlarni sotuviga ham ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilgan
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (surat).