To‘qimachilik sanoatning yetakchi tarmog‘i bo‘la oladimi?

Koronavirus pandemiyasi dunyo iqtisodiyotiga sezilarli darajada salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. O‘zbekistonda ham pandemiya oqibatida yuzaga keladigan yo‘qotishlarning oldini olish, mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishga erishish zarur. Ishsizlikni kamaytirish orqali kambag‘allikka barham berish, shu yo‘l bilan byudjet va aholi daromadlarini oshirish vazifasi turibdi. Bunday vaziyatda to‘qimachilik sanoatiga aholi bandligini va eksportni ta’minlaydigan soha sifatida qaralmoqda. Xo‘sh, haqiqatan ham to‘qimachilik sanoati iqtisodiyotda yetakchi tarmoq bo‘la oladimi?

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, to‘qimachilik sohasining yillik eksport hajmi 1,5 milliard AQSh dollaridan ko‘proqni va 350 mingdan ortiq aholi bandligini ta’minlaydi. Ya’ni, to‘qimachilik mamlakatimiz sanoatida band bo‘lgan ishchilarning to‘rtdan bir qismini tashkil etadi.

Tobora avj olayotgan global moliyaviy inqiroz jahon bozori kon’yunkturasi qaysi tomonga o‘zgarishini oldindan bashorat qila olishga hech qanday imkoniyat bermaydi. Bunday sharoitda ishlab chiqarish sohalaridan qaysi biri lokomotiv rolini bajarashi ham savol ostida qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, yangi yirik investitsion loyihalarga qo‘l urishdan oldin chuqur marketing tadqiqotlarini amalga oshirish zarurligi iqtisodiy boshqaruv faoliyatidagi eng dolzarb vazifa. Shu bilan birga, iqtisodiy tahlil yordamida boshqa jiddiy savollarga ham javob topa olish lozim.

Nima sababdan iqtisodiyoti yaxshi o‘sayotgan Rossiya Federatsiyasi biz uchun "yashil koridor" joriy etgan 2019 yilda to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmi o‘tgan yillarga nisbatan ko‘payish o‘rniga kamaydi? Nega umumiy eksport hajmida ip-kalavaning ulushi yuqori darajada saqlanib qolmoqda? Raqobatchi mamlakatlar, jumladan, Xitoy, Turkiya va Bangladesh kompaniyalarining Yevropa mamlakatlari bozoriga qaratilgan marketing rejalari nimalardan iborat? Ko‘rinib turibdiki, to‘qimachilik sohasi istiqbollarini belgilashda javoblardan ko‘ra savollar ko‘proq.

Shubhasiz, investitsion faoliyatdagi natijadorlikka erishish uchun tashqi omillar ta’sirini o‘rganish bilan bir qatorda, ichki omillarning tahlili ham muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda yillik ishlab chiqarish quvvati 600 ming tonnaga yaqin 200 dan ko‘proq ip-yigiruv fabrikalari bor. Ularning aksariyati 20-25 yil oldin ishga tushirilgan, ma’nan va jismonan eskirgan asbob-uskunalardan foydalanib faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu sababdan, bunday korxonalar xalqaro bozorlarda kuchayib borayotgan raqobatga dosh bera olmaydi. Ular ichki imkoniyatlar hisobidan o‘z faoliyatini zamonaviylashtirishga ham klaster tizimida xomashyo yetishtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ham qodir emas.

Qayta ishlash jarayonida ipning vazni tola vazniga nisbatan 10-12 foizga kamayishini, yana ushbu korxonalar uchun soliq va kredit, ta’mirlash va energiya xarajatlari ko‘pligini hisobga olsak, birlamchi qayta ishlash korxonalaridan investitsion jozibadorlikni kutish noo‘rin.

Yangi tartibga ko‘ra, 1 tonna tolani sotib olish uchun uning iste’molchisi taxminan 100 dollar kam sarflaydi. Klaster nuqtai nazaridan qaraganda, sanoat korxonasi yutishi bilan fermer xo‘jaligi yutqazadi, bunday holat esa umumiy manfaatdorlikka xizmat qilishi gumon. Shundan kelib chiqib, avvalo, ip-yigiruv fabrikalarida monitoring o‘tkazib, to‘laqonli klasterlar tarkibiga kiritiladigan korxonalarni aniqlab olish lozim.

Endi soha eksporti tarkibini tahlil qilib ko‘raylik. Unda 90 foizni ip-kalava va polotnoga o‘xshagan yarim tayyor mahsulotlar va qolgan qismini esa tikuv-trikotaj mahsulotlari tashkil etadi. Shunday ekan, investitsiyalar birinchi navbatda, ip-yigiruv fabrikalarini tanlov asosida modernizatsiya qilishga, parallel tarzda balans uslubiga tayangan holda tikuv va bo‘yash sexlari, tikuvchilik korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga yo‘naltirilishi kerak.

Uzoq yillar davomida xomashyo yetishtirish va uni qayta ishlashda vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar yagona zanjir sifatida emas, balki alohida-alohida qilib takomillashtirildi. Natijada ushbu zanjirning birlamchi bug‘inida muammolar to‘planaverib, u yildan-yilga siyraklashdi. Va nihoyat, bu nomutanosiblikni bartaraf etishda klasterlar tashkil etish yagona yo‘l sifatida ko‘rildi. Ammo O‘zbekistonda birinchi to‘qimachilik klasterlari faoliyat boshlaganiga uch yil bo‘ldi. Lekin ularning samarali faoliyat ko‘rsatishiga xizmat qiladigan xo‘jalik mexanizmini qonunchilik asosida yaratish jarayoni oxirigacha yetkazilmay qolmoqda. Shu sababdan respublikamizda haqiqiy klasterlar soni sanoqliligicha qolmoqda. Natijada sohaga bozor iqtisodiyoti dastaklariga tayanadigan boshqaruv tizimi, raqobatbardoshlikni taminlaydigan boshqa omillar yetarli darajada joriy etilmadi.

Sir emaski, oxirgi yillarda xomashyoning tannarxi tez o‘sib boryapti. Sababi paxtachilikda agrotexnik tadbirlarning mexanizatsiyalash darajasi va moddiy ta’minotdagi barqarorlikni ta’minlash, ilm-fanga asoslangan va doimo takomillashtiriladigan seleksiya ishlari bilan bog‘liq muammolar talaygina. Qishloq xo‘jaligi texnikasi, ma’danli, ayniqsa, fosforli o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallarining ulgurji narxlari paxta xarid narxlaridan ko‘ra tezrok o‘sayotgani tufayli sohani boshqarishda jiddiy nuqsonlar saqlanib qolmoqda.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish munosabatlarini tartibga soluvchi qonunlardan biri qiymat qonunidir. Ushbu qonun qishloq xo‘jalik faoliyatida o‘ziga xos xususiyat bilan amal qilishi iqtisodiy nazariyadan yaxshi ma’lum. Uning talablariga rioya qilinsa, ya’ni xarid narxlari tabiiy unumdorligi past bo‘lgan yerlarda rentabellikni ta’minlaydigan darajada o‘rnatilsa, kerakli natijaga erishiladi. Xalqaro statistikaga binoan, ekin maydonlarining ko‘pi bilan uchdan bir qismi yuqori hosildorlikka ega. Qolgan qismidagi natijalar intensiv texnologiyalarning qo‘llanishiga bog‘liq. O‘zbekistonda ishlab chiqarish jarayonini rag‘batlantirishga qaratilgan bozor dastaklari ushbu qonun talablari asosida tabaqalanmagan.

Misol uchun, xarid narxlari va kredit stavkalari barcha paxta ekin maydonlariga nisbatan bir xil darajada qo‘llaniladi. Shu sababdan, respublika bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik 27 sentner bo‘lgan sharoitda ekin maydonlarining yarmida ushbu ko‘rsatkich 20 sentnerga ham yetmaydi. Ko‘rinib turibdiki, gap faqat xarid narxini belgilashda emas. Mantiqan yondashganda, paxtani ball-boniteti yuqori bo‘lgan maydonlarga joylashtirish va intensiv texnologiyalarga tayangan holda ishlov berish muhim. Shunday yo‘l tutilsa, 1 million gektarda emas, balki 750-800 ming gektardan ham rejadagi hosilni olish mumkin. Chunki intensiv texnologiya yuqori unumdorlikka ega ekin maydoni birligiga ko‘proq mehnat, moddiy-texnika va moliyaviy resurslarni jadallik bilan yo‘naltirishdir. Afsuski, bizda uzoq yillar davomida bunday yondashuvga e’tibor berilmay, ekstensiv uslubda ishlashni afzal ko‘rdik. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ulkan imkoniyatdan foydalanmadik.

Misol uchun, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishni olaylik. Hozirgacha ushbu yo‘nalishda qanday moliyaviy yondashuv yaxshi samara berishini aniqlab olganimiz yo‘q. Natijada, yiliga paxta ekin maydonlarining atigi 3-4 foizigina zamonaviy sug‘orish texnologiyasi bilan qamrab olinmoqda. Paxta terimida asosan qo‘l mehnatiga tayaniladi. Shu sababli uni qisqa muddatda sifatli terib olishga ham ortiqcha xarajatlarni tejashga ham erisha olmayapmiz.

Shu bois to‘qimachilik sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotida yetakchi tarmoqqa aylanishi, xalqaro bozorda munosib mavqega ega bo‘lishi, uning yordamida boshqa ishlab chiqarish sohalarining yuqori samaradorlikka erishish, birinchi galda, paxta xomashyosi tannarxini imkon qadar pasaytirishga bog‘liq.

Ikkinchi muhim masala, sohaga investitsion resurslarning chuqur marketing tadqiqotlari, aniq hisob-kitoblar asosida jalb etilishi. Jahon bozorida munosib raqobat ko‘rsata olishi uchun O‘zbekistonning to‘qimachilik klasterlari Turkiyaning kompaniyalariga o‘xshab kengayishi lozim. Investitsion faoliyatni ular qaysi shaklda jalb etilishidan qat’iy nazar, eksport borasida eng yuqori natijalarga erishgan kompaniyalarni yiriklashtirish tomon takomillashtirilish lozim. Chunki ularda korporativ boshqaruv tizimi, marketing xizmati muayyan darajada yo‘lga qo‘yilgan. Shuning hisobiga ular xorijga turli xil va yuqori sifatli trikotaj mahsulotlari eksportini ko‘paytirish imkoniyatiga ega.

Uchinchi masala, to‘qimachilik klasterlarini malakali mahalliy kadrlar bilan ta’minlash lozim. Hozir bizdagi soha korxonalarining deyarli barchasida xorijiy texnik xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Uzoq yillar paxtachilik sohasini yuqori malakali agronom va hisobchi, sanoat korxonalarini esa texnik xodimlar, iqtisodchi va marketologlar bilan ta’minlashga ikkinchi darajali masala sifatida qarab kelindi. Bu masalalar to‘la hal etilmas ekan, yuqori hosildorlik va sifatga ega paxta yetishtirish, xalqaro standartlarga mos keladigan tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish mushkul vazifa bo‘lib qolaveradi.

Ilhom VAFOYeV,

iqtisodchi.