To‘rt hududda 4 ta tumanda 13 879 million so‘m imtiyozli kredit "yeb yuborilgan"

Qoramol, asalari, parranda, baliq, quyon alkogol va tamaki mahsulotlari do‘konlarida, tikuv mashina va issiqxonalar “Paynet” va aviachipta shoxobchalarida sotilyaptimi!? Xulosa qilishga shoshilmang, quyida bunga batafsil to‘xtalamiz.

Keyingi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, insofli tadbirkorlarga yengilliklar yaratish borasida talay ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Ammo yaratilgan imkoniyatdan g‘ayriqonuniy ravishda foydalanishga urinayotganlar ham yo‘q emas.

Viloyatimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasidagi ta’minotchi tashkilotlar hisobvaraqlari, aylanmalari tahlil qilinganda, afsuski, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar sui’ste’mol qilingani ma’lum bo‘ldi.

Misol uchun, Oqdaryo tumanida 2019 yil ro‘yxatdan o‘tgan, fuqaro T.J. ta’sischiligidagi “F.O.D.” MChJ hisobvarag‘iga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida 181 nafar jismoniy shaxsga ajratilgan 3 967,8 million so‘m, 1 tadbirkorlik sub’yektiga ajratilgan 200 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i kelib tushgan. Kreditning 90 foizi, ya’ni 3 747 million so‘mi issiqxona, qoramol, asalari va parranda olish maqsadida, qolgan 419 million so‘m esa baliq, tikuv mashinasi, quyon, blok sex apparati uchun berilgan. Imtiyozli kreditlar hisobidan korxona ta’sischisi fuqaro T.J. plastik kartochkasidan yog‘och olish uchun 100 million so‘m o‘tkazilgan. Ya’ni, o‘z ta’sischiligidagi korxona fuqaroning o‘zidan 100 million so‘mga yog‘och sotib olgan. 183 million so‘m uchinchi shaxsning kreditlari uchun o‘tkazilgan. 2 078 million so‘m mablag‘ mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibida ko‘zda tutilgan xarajatlarni naqd pulsiz hisob-kitoblar orqali to‘lash uchun milliy valyutadagi korporativ bank kartochkasiga o‘tkazilgan. Ajablanarlisi, issiqxona, qoramol, asalari, parranda, baliq, quyon, tikuv mashinasi uchun kelib tushgan mablag‘ning 1 216 million so‘mi tamaki, 861 million so‘mi alkogol mahsulotlari va yaxna ichimliklar savdosi faoliyatini olib boruvchi sub’yektlarda o‘rnatilgan terminallar orqali chiqim qilingan.

Payariq tumanida 2020 yil ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Ch.G.V.” oilaviy korxonasi hisobvarag‘iga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida 33 nafar jismoniy shaxsga 689,3 million so‘m, uch nafar tadbirkorlik sub’yektiga ajratilgan 180 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i kelib tushgan. Kreditning 424 million so‘mi parranda, 259 million so‘mi issiqxona, 186 million so‘mi tikuv mashinasi uchun yo‘naltirilgan. Imtiyozli kreditlar hisobidan 768 million so‘m mablag‘ naqd pulsiz hisob-kitoblar orqali to‘lash uchun milliy valyutadagi korporativ bank kartochkasiga o‘tkazilgan. Yana yuqoridagiga o‘xshash holat: parranda, issiqxona va tikuv mashinasi uchun kelib tushgan mablag‘ning 91 million so‘mi to‘lov xizmati (“Paynet” tizimidagi) ko‘rsatuvchi korxonaga, 298 million so‘mi alkogol mahsulotlari va yaxna ichimliklar, 213 million so‘mi oziq-ovqat mahsulotlari savdosi faoliyatini olib boruvchi sub’yektlarga chiqim qilingan.

Past Darg‘om tumanida ham shu kabi holat qayd etilgan.

Korporativ kartalardan yuqoridagi holatlardagi kabi to‘lovlarni amalga oshirish 2021 yil aprel oyida kuchini yo‘qotgan “Yuridik shaxslar tomonidan milliy valyutadagi korporativ bank kartalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizom”ga ziddir. Amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari to‘g‘risidagi nizom”ga ham mos kelmaydi. Har ikki nizomda ham korporativ bank kartasi orqali amalga oshirilgan operatsiyalarning qonuniyligi uchun javobgarlik karta hisobvarag‘ini ochgan yuridik shaxs zimmasida bo‘lishi belgilangan.

Yana bir holatda Ishtixon tumanida 2021 yil ro‘yxatdan o‘tkazilgan, fuqaro N.O. ta’sischiligidagi “K.T.” MChJ hisobvarag‘iga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida 33 nafar jismoniy shaxsga ajratilgan 844,4 million so‘m, 

1 tadbirkorlik sub’yektiga ajratilgan 55 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i kelib tushgan. Kreditlarning 393,4 million so‘mi artezian quduqlarini qazish, 323,6 million so‘mi issiqxona, 101,6 million so‘mi tikuv mashinasi, 80,8 million so‘mi uskunalar uchun mo‘ljallangan. Ammo imtiyozli kreditlar hisobidan 4 nafar jismoniy shaxsning to‘lov kartalariga 536,6 million so‘m suv nasoslari va elektr jihozlar uchun, 212,7 million so‘m tikuv mashinasi uchun, 44,9 million so‘mi uskuna uchun, 103 million so‘mi metall, polietilen plyonka, qurilish mollari uchun o‘tkazilgan.

O‘rganishda bir qator ta’minotchi korxonalar hisobvarag‘iga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ajratilgan imtiyozli kreditlar hisobidan kelib tushgan mablag‘lardan 13 milliard 879 million so‘mi korporativ bank kartochkasiga o‘tkazilgani aniqlandi. Shundan 8 710 million so‘m faoliyatining tavsifi va turiga muvofiq bo‘lmagan hamda imtiyozli kreditlar maqsadiga nomutanosib ravishda sarflangan.

Bugun maqsadli ishlatilmagan kreditning ertaga muammoli kreditga aylanish ehtimoli juda yuqori. Kreditlarning maqsadli ishlatilmasligi va muammoga aylanishi faqat bank tizimiga emas, balki jamiyatning iqtisodiy manfaatlariga ham putur yetkazadi.


Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi axborot xizmati.