To‘rt yilda Samarqandga keluvchi sayyohlar soni 9 millionga yetadi
Samarqand shahrida 27 sentyabr - Butunjahon turizm kuni munosabati bilan qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, viloyat Matbuot uyida jurnalistlar va blogerlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida viloyat turizm va sport boshqarmasi boshlig‘i Botir Nurullayev viloyatda turizm sohasida olib borilayotgan ishlar, bugun o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan tadbirlar borasida ma’lumot berdi.
Ta’kidlandiki, joriy yilning 8 oyi davomida 1,5 million nafar mahalliy va chet el sayyohlar tashrifi kuzatildi. Sayyohlarning viloyatimizda qolish kunlari 2,6 kunni tashkil etdi. Kunlik xarajatlar 70 AQSh dollaridan 150 AQSh dollariga o‘sdi. Besh yil ilgari mehmonxonalar soni 99 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 410 taga yetib, bir vaqtning o‘zida 11 491 ta mehmonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. 2 054 o‘rinli 215 ta mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 222 ta xonadonda oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, mazkur xonadon egalarining doimiy bandligi ta’minlandi. Turoperatorlar soni 171 taga yetdi. Turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi 336 ta gid-ekskursovod, 1217 nafar turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi hunarmandlar hamda 4 ta folklor ansambllari faoliyat ko‘rsatmoqda. Barcha madaniy-meros ob’yektlari va tarixiy obidalarda Wi-Fi hududlari tashkil qilingan. Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida 14 ta axborot markazlari xizmati yo‘lga qo‘yildi. Aholining oilaviy dam olishlarini tashkil etish uchun 25 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 850 o‘rinli muz saroyi, kitoblar do‘koni, 4 ta kinoteatr, karting, 83 ta savdo do‘koni, bolalar o‘yingohi, bouling, 12 ta umumiy ovqatlanish nuqtalari, mediaparkdan iborat “Family Park” savdo-ko‘ngilochar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada 520 nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Samarqand tumanidagi “Konigil” turizm qishlog‘ida 50 ga yaqin milliy hunarmandchilik ob’yektlari, oshxona, sovg‘alar do‘konlari, mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Urgutdagi “Taxtiqoracha” dovonida 4 ta, Samarqand tumanida 18 ta ekoturizm dam olish maskanlari tashkil etilib, 1000 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Turizm sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiga xorijiy universitetlarning professor-o‘qituvchilari jalb qilindi, 15 mingdan ziyod noyob kutubxona fondi hamda “Trevel jurnalistika”, “Kreativ industriya”, “Smart turizm”, “Madaniy merosni boshqarish”, “Muzey ishi” yo‘nalishlari tashkil etildi. Shuningdek, oliygoh qoshida “Ipak yo‘li sivilizatsiyasi” tadqiqot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Joriy yil turizm va madaniy meros ob’yektlari infratuzilmasini yaxshilash uchun 100 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilib, viloyatda 17 ta madaniy meros ob’yektlari restavratsiya va konservatsiya ishlari, 7 ta sayyohlar tashrif buyuruvchi turizm ob’yektlarida obodonlashtirish, axborot markazlari tashkil etilib, yondosh infratuzilma tartibga keltiriladi. Shuningdek, turizm ob’yektlariga olib boruvchi 42 kilometrlik yo‘llarga asfalt yotqizish ishlari olib boriladi, 11 ta sayyohlik ob’yektlarining muhandislik-infratuzilmasi rivojlantiriladi, ichimlik va oqova suvi, elektr energiya ta’minoti yaxshilanadi.
- 2022 yilda 7,18 trillion so‘mlik 210 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 10 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan, -deydi viloyat turizm va sport boshqarmasi boshlig‘i B.Nurullayev. - Jumladan, Samarqand turizm markazi barpo etilmoqda. Logistika-transport xizmati tashkil qilinadi. Bunda xorijiy aviatashuvchilarga mamlakat aeroportlari xizmatlaridan erkin foydalanishga ruxsat berilib, ular tashish xizmatlariga jalb qilinadi. Bu esa mehnat muhojirlari va sayyohlarga keng qulayliklar yaratadi.
Samarqand xalqaro aeroporti ilk bor xususiy boshqaruvchiga berilib, yangi terminal ishga tushishi bilan ushbu aeroportni temiryo‘l, avtobus qatnovlari bilan bog‘lagan holda yirik transport xabiga aylantirilib, O‘zbekistonning bosh turizm darvozasi maqomiga aylantiriladi. Natijada yangi xalqaro aeroport parvozlar sonini 7-10 barobarga oshirilib, chetdan turistlar oqimini keskin ko‘paytirish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, 4-5 yulduzli 8 ta mehmonxona, 18 ming kvadrat metr maydonda xalqaro kongress markazi va ko‘rgazma majmualari, tematik xiyobonlar hamda “Abadiy shahar” tarixiy majmualari yaratilmoqda.
Imom Buxoriy majmuasi rekonstruksiya qilinib, 10 ming o‘rinli masjid, 21 gektar maydonda ulug‘ ajdodlarimizning diniy va moddiy madaniy meros ob’yektlarini aks ettiruvchi tematik xiyobon, 3 ta mehmonxona va 24 ta oilaviy mehmon uylari bunyod etiladi. Uch ming nafar ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatuvchi, “halol” standartiga ega umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ziyorat turizmi majmuasi barpo etiladi.
2023-2026 yillarda tumanlar turizm salohiyatidan kelib chiqib, ixtisoslashtiriladi. Jumladan, Samarqand shahrida madaniy, ziyorat, MICE turizm, Urgutda ekstremal, ekologik, qishloq turizmi tashkil etilsa, Payariq tumanida ziyorat va qishloq turizmi, Nurobodda tibbiyot, ekstremal turizm rivojlantiriladi. Toyloqda vinochilik turizmi hamda Samarqand tumanida qishloq, tibbiyot, MICE turizmiga moslashtiriladi. Shuningdek, Samarqand shahrining Bog‘ibaland va Sharq MFYlarida turizm mahallasi, Urgut tumanidagi Tersak hamda Payariqdagi Choshtepa qishloqlari “Turizm qishlog‘i”ga aylantirilib, 2026 yilda Samarqandga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar soni 4 millionga, mahalliy sayyohlar 5 million nafarga yetkaziladi. Mehmonxonalar soni 400 taga va ulardagi o‘rinlar soni 22 mingtaga yetadi. 300 ta yangi oilaviy mehmon uylari tashkil qilinadi. Natijada turizm sohasida 40 ming kishi doimiy, 70 ming kishi esa mavsumiy ish bilan ta’minlanadi.
Matbuot anjumanida soha mutasaddilari jurnalistlarning savollariga javob berishdi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.