“Tashkent Sity”ga ishga kiritib qo‘yaman”
Nurobodlik Sherzod Ayubov (ism-familiyalar shartli) yuz nafarga yaqin fuqarolarga ana shu va’dani berib, ularning 40 million 300 ming so‘mga teng bo‘lgan mulkini takroran aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritib, shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Sherzod qishloqdoshlari va boshqa fuqarolarga Toshkent shahrida qurilayotgan “Tashkent Sity”ga ishga kiritib qo‘yishini, bu yerda 700-900 AQSh dollari miqdorida oylik maosh olishi mumkinligini aytib, ularning ishonchiga kiradi.
Aytgan gaplari yana ham ishonarli bo‘lishi uchun ishga kirishni xohlovchilarga yashash turgan mahallasidan ma’lumotnoma, fuqarolik pasporti, mehnat daftarchasi va harbiy guvohnomasi nusxasi, olti dona 3x4 hajmli fotosurat, INN, 086-sonli tibbiy ma’lumotnoma taqdim etishlari zarurligini aytadi. Yaxshi haq to‘lanadigan ish izlab yurgan kishi albatta, bu gaplarni ishonib, aytilgan hujjatlarni to‘g‘irlaydi-da. Lekin Sherzod bu hujjatlar tayyor bo‘lganidan so‘ng ishga kirmoqchi bo‘lganlar sug‘urta uchun 400-450 ming so‘m pul to‘lashi kerakligini ma’lum qiladi. 900 dollar oylik maosh olishdan umidvor kishilar albatta, bu shartga ko‘nadi va ular aytilgan summani yoki shunga teng buyumni Sherzodga keltirib berishadi.
Ammo, oxir-oqibat bu firibgarlik fosh bo‘lib, “Tashkent Sity”da ishlamoqchi bo‘lganlar aldanganliklarini bilib qolishadi.
Mazkur jinoyat ishi yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudida ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan aybdor deb topilgan Sherzod Ayubov tomonidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan 40 million 300 ming so‘m zarar uning qarindoshlari tomonidan to‘liq qoplangach, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi.
Nabi RAYIMOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Nurobod tuman sudining raisi.