Toshkent viloyati hududida karantinda saqlanayotganlar bo‘yicha umumiy ma’lumot berildi

Toshkent viloyati hokimligining rasmiy axborotiga ko‘ra, Toshkent viloyatida koronavirus epidemiyasiga qarshi kurash ishlari belgilangan chora-tadbirlar asosida izchil olib borilmoqda.

Ayni vaqtda viloyat hududidagi sanatoriy, oromgohlar va poligonlarda 4159 nafar, jumladan, “Sokol” oromgohida 522 nafar, “Yoshlik”da 318 nafar, “Chotqol”da 212 nafar, “Hojikent” pansionatida 235 nafar, ”Energetik”da 250 nafar, “Umid gulshani” sanatoriysida 111 nafar, “Nazarbek”da 242 nafar, “Botanika”da 278 nafar hamda Chirchiq harbiy poligonida 1013 nafar, Yuqori Chirchiq karantin poligonida 978 nafar fuqaro qat’iy karantinga olingan.

Shuningdek, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 99 nafar, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida 97 nafar, Qibray tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasida 3 nafar, shahar va tuman yuqumli kasalliklar shifoxonalarida 59 nafar, RShTYoIM Toshkent viloyati filialida 235 nafar, Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan somatika shifoxonasida 183 nafar, jami 676 nafar fuqoro karantinda saqlanmoqda.

Uy sharoitida esa 1939 ta oila a’zosi bo‘lgan 6449 nafar fuqaro 1740 ta xonadonda karantin o‘tamoqda.

Koronavirus oqibati bilan kurashga safarbar etilgan tibbiyot xodimlari 561 nafar shifokor hamda 5010 nafar o‘rta va kichik tibbiy xodimlaridan iborat bo‘lib, ularning 206 nafari terapevt, 135 nafari reanimatolog, 79 nafari infeksionist, 141 nafari epidemiolog vrachlardir.

Viloyat, shahar va tumanlar tibbiyot muassasalarida 828 ta zaxira o‘rin hozirlab qo‘yilgan.

Joriy yilning 29 mart kuni soat 13:00 da 95 nafar, 14:00 da 382 nafar fuqaro “G‘ishtko‘prik” chegara postidan o‘tgan bo‘lib, ularning 5 nafari Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi, qolganlar birinchi reys bilan 95 nafar, ikkinchi reys bilan 377 nafari Sirdaryo viloyatiga jo‘natildi.

Qibray tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirusga gumon qilingan shaxslarni 14 kunlik karantinda ushlash uchun 90 o‘rinli zaxira mavjud bo‘lib, 3 nafar fuqaro koronavirusga gumon qilinib, bu yerga yotqizildi.

RShTYoIM Toshkent viloyati filialiga esa Turkiya davlatidan kelgan, biri onkologik kasal, ikkinchisi unga qarovchi 2 nafar fuqaro joylashtirildi.

1 nafar fuqaro “Hojikent” pansionatidan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga, yana 1 nafar fuqaro Chirchiq harbiy poligonidan Qibray tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazildi.

Yuqori Chirchiq karantin poligonining qurib bitkazilgan qismiga chet 2 ta aviareys bilan keltirilgan 484 nafar fuqaro joylashtirilib, ular uchun qo‘shimcha 10 nafar hamshira, 10 nafar kichik tibbiyot xodimi ajratildi hamda dori-darmonlar, kanselyariya tovarlari, tibbiyot asbob-anjomlari, gigiyenik vositalar, qattiq jihozlar yetkazib berildi.

Shuningdek, Chirchiq harbiy poligoni ham qo‘shimcha ravishda dori-darmonlar, kanselyariya tovarlari, tibbiyot asbob-anjomlari, gigiyenik vositalar, qattiq jihozlar bilan ta’minlandi.

Hozirgi kunda viloyatdagi 28 ta (shundan 16 tasi kunlik) dehqon bozoridan tashqari barcha savdo komplekslari to‘liq yopilgan. Dehqon bozorlarida 17 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdosi yo‘lga qo‘yilgan.

Bozorlarda har kuni dezinfeksiya va sanitar-tozalov tadbirlari amalga oshirilmoqda, teplovizorlar bilan to‘liq ta’minlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Shahar va tumanlar hududlariga kirib-chiqish bo‘yicha to‘liq cheklovlar o‘rnatilgan. Viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida karantin sharoitiga o‘tilib, hududga kirish-chiqish maxsus ruxsatnoma bilan amalga oshirilmoqda. Viloyat miqyosida 54 ta karantin blokposti tashkil etilib, 200 ta ichki yo‘l berkitilgan.

Dehqon bozorlariga olis joylarda, tog‘li qishloqlarda (Bo‘stonliq, Ohangaron, Parkent tumani) arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari vaqtinchalik savdo markazlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Viloyat hokimi rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha viloyat shtabi, shahar va tumanlar hokimlari rahbarligida shahar va tumanlar shtablari 24 soat uzluksiz ishlab turibdi. Shtab a’zolari tomonidan har soatda voqealar rivoji tezkorlik bilan tahlil qilinib, zarur qarorlar qabul qilinmoqda.