Tovuq fabrika “ochgan” firibgarning tovuqlari nega ko‘paymadi yoxud tanishlarini chuv tushirgan olg‘ir
Komil odamlarni aldab, pulidan foydalanishda ustasi farang bo‘lib ketgan. Bo‘lgan bo‘lmagan gaplariga shu qadar ishontiradiki, qanday qilib pulingizni berib qo‘yganingizni bilmay qolasiz, deb yozmoqda “Adolat sari” gazetasi.
Ular Aslam bilan 2001 yili tanishgan edi. O‘shandan beri salom-alik qilib turadi. 2012 yil Aslam “Grin-Kard”da yutib oilasi bilan Amerikaga ketdi. Aslam 2016 yil Samarqandga keldi. O‘z ishlari bilan “Marmar” dehqon bozoriga bordi. Tanishi Komilni ham ko‘rib ketish uchun uning oldiga bordi. Hol-ahvol so‘rashib bo‘lgach, Komil Aslamni avrashga kirishdi.
- Kattaqo‘rg‘ondan katta tovuq fabrika qurganman. Hozir tovuqdan zo‘r foyda qolyapti, - deb Aslamni shu ishga qiziqtirishga jon-jahdi bilan kirishdi. – Hammasi yaxshiku, lekin fabrikani yanayam kattalashtirishim kerak. Katta bo‘lgandan keyin foydasi ham shunga yarasha bo‘ladi-da, buning uchun pul yoki puldor kerak. Kel, birga ishlaylik - dedi.
- E-e aka, oldin bunaqa ish bilan shug‘ullanib ko‘rmaganman. Tovuq boqish qo‘limdan kelmaydi, - dedi Aslam.
- E, sen bu yog‘ini menga qo‘yib ber. Men hammasini hisob-kitob qilib qo‘yganman. Bu ishlar uchun kamida 100.000 AQSh dollari bersang bo‘ldi, - dedi.
- Aka, avval ham shunaqa ishlarga aralashib ko‘rganman. Firibgarlarga yo‘liqib, hozir hech kimga ishonchim qolmagan, - deb gapni uzdi.
Lekin zulukdek Aslamga yopishib olgan Komil uni qo‘yib yuborgisi yo‘q edi. Gap kelganda otangni ham ayama deganidek:
- Oxirgi marta mendan pul olganingiz esimdan chiqqani yo‘q. O‘shanda ham Rossiyaga yuk yuborib, katta foyda ko‘ramiz degandingiz. Oxiri nima bo‘ldi? Foyda u yoqda tursin, bergan pullarimni mayda-mayda qilib bergandingiz, - dedi. – Endi tovuq fabrikasi deb, sarson qilmoqchimisiz? – dedi Aslam.
- Yo‘q, ukajon bu galgisi boshqacha bo‘ladi, - dedi ko‘zlari o‘ynab. – Mana men hisoblab chiqqanman, deb kalkulyatorni oldi. – 4.000 so‘mga tovuq olsak, 30-40 kunda go‘shtga tayyor bo‘ladi... jami 2 million AQSh dollari foyda qilishimiz mumkin, - dedi.
Komil shunga o‘xshash biznes rejalarni qalashtirib tashladi.
- Uka, agar bu ishlar bo‘lmay qolsa, tovuq fabrikani seni nomingga o‘tkazib beraman. Sen xavotir olma. – dedi aslida umuman bo‘lmagan tovuq fabrikasini va’da qilib.
Aslam qop-qop berilgan va’dalarga ishondi. U Komilning bozor atrofidagi ish joyi, ya’ni valyuta ayirboshlashga mo‘ljallangan ofisida unga 30.000 AQSh dollari berdi.
- Ko‘proq bersang, foydasi ham ko‘proq bo‘lardi-da, - dedi.
Shundan so‘ng Aslam shirin xayollar og‘ushida Amerikaga ketib, o‘z ishlari bilan band bo‘ldi.
Oradan 6-7 oylar o‘tib, Aslam ukasining to‘yini o‘tkazish maqsadida yurtga qaytdi. Pul tikkan ishlariga qiziqib, Komilning oldiga o‘tdi.
- Uka hammasi joyida, - dedi sir boy bermay. – Tayyor brollerlarni Toshkent viloyatiga jo‘natganman. Bugun-erta 70-80 ming dollar pul kelib qoladi. Ukangni to‘yiga pul beraman, - dedi Komil.
Lekin to‘y o‘tsa ham Komildan sado chiqmadi. Aslam xafa bo‘lib uning yoniga bordi.
- Uka, ishlarimiz joyida. Bu biznes pul bir-ikki kun kechikadi. Sen umuman xavotirlanma. Men senga boshida aytgandim. Katta biznesni kamida 100.000 dollar bilan boshlash kerak deb. Yana 90.000 dollar bersang, ishlarni yanayam kengaytirardim. Ko‘proq tovuq sotib olardim. Hozir foydani “oborotga” tashlaganman. Qo‘limda bir so‘m pul yo‘q, - dedi.
Aslam 2017 yili kelganida olam-olam foyda olib, pulning tagida qolishiga ishontirgan Komilga yana 90.000 dollar berib ketdi.
Aslam unga qattiq ishonganidan hech nimani so‘rab surishtirmasdi. Bu esa Komil uchun ayni muddao edi. Oradan vaqt o‘tib Komilning munosabati o‘zgardi. Gapirish ohangi, xatti-harakatlari avvalgiga nisbatan sovuqlashdi. Keyingi yili yana yurtga qaytgan yigit Komilni yo‘qlab bordi.
- Aka, foydadan va’da qilganingizni yana sizga bergan pullarimni qaytaring, - dedi.
Komil “ukajon, ukajon” deb uni tinchlantirdi. Tovuq fabrikasini bir borib ko‘rib kelaylik deganda:
- Uyoqda nima qilasan? O‘zim hammasini hisob-kitob qilyapman. Hech qanday muammo yo‘q. Mana hamma hisob-kitoblar mana shu daftarda, - dedi.
Daftarni nomiga ko‘rsatar, lekin ichidagilarni o‘qishga qo‘ymasdi. Uning qiliqlaridan Aslamning hayratlaru shubhalari ortib boraverdi.
Amerikaga ketishdan oldin yigit Komilni yo‘qlab bordi. U gap orasida “bir kishidan biznes qilishga ancha pul olgandim. Keyin boshqa joyga sarfladim. Hozir qo‘limda uncha pul yo‘q. Egasi bo‘lsa har kuni so‘rab kelayapti”, dedi.
- Endi nima qilasiz, aka? - deb so‘radi Aslam.
- Uka, bu biznes. U kishi kuyib qoldi. Men ham bilmasdim bunday bo‘lishini. Bir joyga tikkandim, u yer davlat tasarrufiga o‘tib ketdi, deb kuldi.
Aslamning qiziqishi yanada ortdi.
- Endi nima qilasiz? - dedi.
- Buning ham iloji bor. Mendan qaysi tashkilot yoki mansabdor shaxs so‘rasa, “protsent”ga olgandim deyman, - dedi kulimsirab.
O‘sha odamning o‘rnida men bo‘lishim ham mumkinku, deb o‘yladi Aslam. Yo‘g‘e, menga bunday qilolmas. Shuncha yillik tanishmizku, axir, deb o‘yladi noxush xayollarni miyasidan quvib.
Aslam Komilning erta-indin degan bahonalaridan charchadi. Telefon qilsa, javob bermay o‘zini olib qochishlari uning aslida qanday odamligini anglatdi.
Bir safar uning barcha va’dalarini va olgan pullarini eslatdi.
- Pul olayotganda 3 kun oldin aytsang bo‘ldi, tayyorlab beraman deganingiz esingizdami?
- Ha-ha esimda. Endi shunaqa bo‘lib qoldida, - dedi.
Komil hammasini tan oldi. Aslam bu suhbatni telefoniga yozib olgandi. U yozuvni diskka ko‘chirib tegishli joyga topshirdi.
***
Komil pulning hidini uzoqdan oladigan xilidan edi. Bir kuni u otasining tanishi Jo‘raqul akadan pul undirishni reja qildi. Unga qo‘ng‘iroq qilib, ko‘rishishga kelishdi.
- Kattaqo‘rg‘ondan tovuq fabrika qurganman. Ishlarim yurishib turibdi. Faqat bank kredit chiqarmayapti. Hozir tovuqlarning yemishi tugab qolgan. 15.000 dollar berib turing, - dedi.
- Menda buncha pul yo‘q, - dedi Jo‘raqul.
Lekin Komil deganlari osonlikcha voz kechadiganlardan emasdi.
- Fabrikaga sarmoya kiritsangiz, foydaning 5 foizi sizniki. Agar foyda bo‘lmay qolsa, pulingizni o‘z cho‘ntagimdan beraman. Foydaga qarab qolgan joyim yo‘q. Shaharda 25 ta savdo do‘konim bor, ulardan oyiga 500-600 dollardan pul kelib turadi. Qolaversa, bankdan yaqinda 1 milliard so‘m kredit olaman. Bankdan chiqishi bilan sizni pulingizni beraman, - dedi.
Jo‘raqulning savol berishiga hojat qoldirmadi. Avvaliga ikkilanib, keyin otasining hurmati uchun unga pul beradigan bo‘ldi.
Ilonning yog‘ini yalagan Komil 6 oyda qaytarish sharti bilan tilxat yozib Jo‘raquldan 15.000 dollar olib ketdi.
Yolg‘on gapirish bobida Komilning oldiga tushadigani yo‘q. Manaman deganlar ham uning oldida ip esholmasdi.
Olti oy o‘tib Jo‘raqul pulini so‘radi.
- Sizdan olgan pulga kuydim. O‘sha pulga bug‘doy ekkandim. O‘sib katta bo‘lib qolganda tuman hokimi kelib, bug‘doyimni haydatib paxta ektirdi. Xo‘jam xudo deng. Pullaringizni cho‘ntagimdan beraman, - deb avradi Komil.
Jo‘raqul ancha sarson bo‘lib, malomatlarga qolib 7.000 dollarini oldi.
Bir gal suhbatda “qolganini ham tezroq ber, o‘zingni olib qochavermay, bo‘lmasa sudga beraman”, dedi Jo‘raqul uni biroz qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘lib. Ammo ayyor Komil bu kabi gaplardan cho‘chimasdi.
- Mayli istasangiz, sudga boring. Meni nomimda hech narsa yo‘q. Keyin pullaringizni asta-asta yillar davomida olasiz, - dedi axmoq qilganday kulib.
Jo‘raqulning qattiq jahli chiqdi. Uning gaplariga ishonib, pul berganiga pushaymon bo‘ldi. unga nisbatan qonuniy chora ko‘rib, qolgan pullarini undirib berishini so‘rab tegishli idoraga murojaat qildi.
Murojaatdan so‘ng Komil uning pullarini keltirib berdi.
Sud hukmi bilan Komil 65.301.900 so‘m jarima jazosiga tortildi.
Sudlanuvchi tomonidan jabrlanuvchi Aslam foydasiga 493.231.200 so‘m moddiy zarar undiriladigan bo‘ldi.