To‘yga necha kishi aytgansiz? Bu boradagi tartibdan xabardormisiz?
O‘tgan hafta shanba kuni, ya’ni 14 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati kengashi va Qonunchilik palatasi kengashining qo‘shma majlisida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Endi oilaviy tadbirlar faqat bir kun soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkazilishi kerak. Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Dafn etish marosimi bundan mustasno.
Oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qo‘shaloq to‘y-hashamlarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.
To‘y-hashamlarni o‘tkazuvchi shaxslar tadbirlarni o‘tkazishdan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini xabardor qilishi shart.
Shuningdek, nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda 3 tadan ko‘p yengil avtomashina yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
Oilaviy tadbirlarda (dafn etish marosimidan tashqari) pulli avtotransport xizmati litsenziyaga ega bo‘lmagan tashuvchilar tomonidan ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, to‘y egalarining shaxsiy avtomashinalaridan hamda homiylar yordamida jalb etilgan avtotransport vositalaridan foydalanilgan hollar bundan mustasno.
Oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma’ruza din idorasining vakolatli vakili tomonidan o‘qiladi.
Milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni ("kelin navkari", "chorlar", "ota ko‘rdi", "sep yoydi", "quda chaqirdi", "kuyov chaqirdi", "kelin chaqirdi", "tog‘ora yuborish" va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni ("yetti", "payshanbalik", "yakshanbalik", "yigirma", "qirq", "hayit", "yil oshi", "pul tarqatish", "mato ulashish" va hokazolarni) o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.
To‘yxona, kafe va restoranlarda 50 nafar va undan ortiq shaxslar ishtirokida oilaviy tadbirlar o‘tkazish uchun tadbir o‘tkazuvchi shaxs hamda to‘yxona, kafe va restoran rahbari o‘rtasida shartnoma tuziladi.
Oilaviy tadbirlarda san’atkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar) qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadi. Oilaviy tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
To‘yxona, kafe va restoranlar ma’muriyati rejalashtirilayotgan oilaviy tadbirlar haqida ushbu tadbirlar o‘tkazilishidan kamida ikki kun oldin tegishli hududdagi ichki ishlar organiga yozma ravishda xabar berishi kerak.
Mahalliy hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar, soliq va FHDYo organlari oilaviy tadbirlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshiradi.
Ichki ishlar organlari oilaviy tadbirlarni o‘tkazishga oid qonun hujjatlari talablariga to‘yxona, kafe va restoranlarda rioya etilishini nazorat qiladi hamda ushbu talablar buzilganligi aniqlangan holatda tegishli shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi.