Toyloq agrobiotexnologiyalar texnikumini a’lo baholarga bitirgan o‘quvchi SamDUga 2-bosqichdan imtihonsiz qabul qilinadi
Samarqand davlat universitetida 2020-2021 o‘quv yilida agrobiotexnogiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti ochiladi.
- Yangi tashkil qilinayotgan fakultet salohiyatli, malakali agronomlarni tayyorlab beradi. Bizda tuproq, iqlim, suv sharoitini hisobga olganda, bilimli mutaxassislar yetishmaydi, - dedi universitet rektori Rustam Xolmurodov. – Shuning uchun ham bugun tadbirkorlarimiz chet eldan mutaxassis olib kelib, ular ko‘magida tadbirkorlik ishlarini yo‘lga qo‘ymoqda. Nega biz o‘zimiz shunday mutaxassislarni tayyorlamaymiz? Agar yetuk agronomlar o‘zimizda tayyorlansa, xalqning oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi. Shuningdek, eksportbop mahsulotlar ham yetishtiriladi. Ehtiyojdan kelib chiqib, universitetda agrobiotexnogiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti ochishga qaror qildik.
Yangi o‘quv yilidan boshlab universitet qoshida Toyloq agrobiotexnologiyalar texnikumi ochiladi. Texnikumga 300 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Shunisi ahamiyatliki, universitet professor-o‘qituvchilari fakultetda ham, texnikumda ham birdek faoliyat olib boradi. Texnikumni a’lo baholar bilan bitirgan o‘quvchilar universitetning o‘sha yo‘nalishdagi fakultetiga 2-bosqichdan imtihonsiz qabul qilinadi.
Xurshida ERNAZAROVA.