Toyloqdagi 14 fermerga shartnomada ko‘rsatilgan yerlarga urug‘ qadamagani uchun ma’muriy jazo qo‘llanildi

Huquqiy-me’yoriy hujjatlarga ko‘ra, Agroinspeksiyaning vazifalariga yerlardan qat’iy ravishda maqsadli foydalanish, sug‘oriladigan ekin maydonlarining muomaladan chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaslik hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha qabul qilingan shartnoma majburiyatlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish kiradi.

Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilganda, inspeksiyaning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan viloyatning 101 ming 230 gektar yer maydoniga ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirish uchun belgilangan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilmaganligi, shartnoma majburiyatlariga rioya etilmagani aniqlangan.

Jumladan, viloyatning Toyloq tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan 14 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 15 gektar yer maydoniga shartnomada belgilangan boshoqli don ekinlari ekilmaganligi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan xo‘jasizlarcha foydalanish, hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik singari holatlar sodir etilgan.

Shu munosabat bilan inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan shartnomada ko‘rsatilgan ekin maydonlariga boshoqli don ekinlari ekmagan fermer xo‘jaliklari rahbarlariga nisbatan kiritilgan da’vo arizasi ma’muriy ishlar bo‘yicha Toyloq tumani sudi raisi Temur Ergashev tomonidan o‘tkazilgan sayyor sud jarayonida ko‘rib chiqildi. Natijada 14 ta fermer xo‘jaliklari rahbarlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 65-198-moddalariga asosan ma’muriy jazo chorasi belgilandi.

Kezi kelganda shuni ta’kidlash lozimki, yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish, yer maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish, yerlarni foydalanishdan chiqarishga, hosildorlik pasayishiga, tuproqning buzilishi yoki yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladigan boshqa harakatlarni sodir etish, shuningdek, tanazzulga yuz tutgan qishloq xo‘jaligi yerlarini konservatsiyalashning belgilangan tartibini buzish, fuqarolarga - eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga - uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish bo‘yicha fuqarolarga – eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga — bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik bo‘yicha ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin takror sodir etganlik fuqarolarga – eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.