Tramp AQShda yuz berayotgan ommaviy tartibsizliklarni “terrorizm” deb atadi
AQSh Prezidenti Donald Tramp Jorj Floyd o‘limidan so‘ng mamlakatni qurshab olgan ommaviy tartibsizliklarni “ichki terror”, deb atadi.
“Shu yerda, mamlakat poytaxtida, politsiya boshqarmasi qo‘lga olindi. Linkoln memoriali va Ikkinchi jahon urushi memoriali vandalizmga uchradi. Bizning eng asosiy va tarixiy cherkovlarimizdan biri yoqib yuborildi. Kaliforniya ofitseri va afroamerikalik bo‘lgan huquqni muhofaza qilish qahramoni otib o‘ldirildi. Bu tinch norozilik namoyishlari emas, bu begunoh odamlarning qonini oqizayotgan ichki terror namoyishlari. Bu insoniyatga qarshi jinoyat”, deya ta’kidladi Tramp Oq uyda qilgan chiqishida.
Federal Milliy gvardiya boshqarmasi rahbari general Jozef Lengiyel bergan ma’lumotga ko‘ra, ayni vaqtda 17 mingdan ortiq Milliy gvardiya jangchilari AQShdagi tartibsizliklarga qarshi kurash olib bormoqda.
Shuningdek, Vashingtonda yakshanba kuni joriy etilgan “komendant soati” yana 48 soatga uzaytirilgan. Bu haqda Vashington meri Myuriel Bouzer 1 iyun kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida xabar qilgan.