«Tramp urushni tugatishi mumkin». Turkiyada saylov o‘tkazilishi talab qilinmoqda. Xitoy O‘zbekistonda chiqindidan energiya ishlab chiqarmoqchi

🔹 Turkiyaning asosiy muxolifat partiyasi yetakchisi O‘zg‘ur O‘zelning aytishicha, bir haftadan buyon davom etayotgan ziddiyatli norozilik namoyishlari navbatdan tashqari saylov e’lon qilinmagunicha yoki Istanbul meri Ekrem Imomo‘g‘li ozod etilmaguncha davom etadi. Mer hibsga olinganidan beri butun mamlakat bo‘ylab eng yirik ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Politsiya 1400 dan ortiq odamni, jumladan namoyishlarni yoritgan jurnalistlarni hibsga olgan. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an voqealarni “ko‘cha terrori” deb atadi.

🔹 Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Donald Tramp haqiqatan ham urushni 24 soat ichida tugatish haqidagi va’dasini bajarishga qodir ekanligini aytdi, faqat bir shart bilan: agar AQSh Ukrainani NATOga qabul qilishga qaror qilsa.

🔹 AQSh ma’muriyati mamlakatdan tashqarida ishlab chiqarilgan barcha avtomobillarga 25 foizlik import bojlari joriy qilmoqchi. Germaniyaning Porsche va Mercedes-Benz Group avtomobil ishlab chiqaruvchilari bundan eng ko‘p zarar ko‘radi.

🔹 Fransiya Ukraina uchun qo‘shimcha 2 milliard yevro harbiy yordam ajratadi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parijga tashrif buyurgan Vladimir Zelenskiy bilan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

🔹 Qozog‘istonning Turkiston shahri hunarmandchilik markazi maqomini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat oldi.

🔹 2024 yilda Rossiya fuqaroligini olgan xorijliklar soni so‘nggi besh yil ichida rekord darajada past (209 ming xorijlik) bo‘ldi. Bunga deportatsiyalar oshishi, Tojikiston fuqarolari tomonidan amalga oshirilgan «Krokus»dagi teraktdan keyingi migrantlarga qarshi pozitsiya, shuningdek, yangi Rossiya fuqarolarini urushga majburan yuborish sabab, deyilmoqda.

🔹 Xitoyning uchta kompaniyasi O‘zbekistonning olti viloyatida yaqin ikki yil ichida qattiq maishiy chiqindini yoquvchi elektr stansiyasi quradi. Ham chiqindi utilizatsiya qilinadi, ham hududlar elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

🔹 Boliviyada suv toshqinlari sodir bo‘ldi. Oqibatda kamida 51 kishi halok bo‘lgan. Yomg‘irlar mavsumida daryolar qirg‘oqlaridan toshgan, mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi.

Gulnora Xoldorova tayyorladi.