Turkiy davlatlar nevrolog olimlari Samarqandda tarqoq skleroz kasalligi muammolari bo‘yicha tajriba almashmoqda

Samarqandda turkiy davlatlar tibbiyotchilarining tarqoq skleroz kasalligining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan IV xalqaro kongressi boshlandi.

Samarqand shahridagi yoshlar markazida mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan va Turkiya, Shimoliy Kipr, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalaridan kelgan yetakchi nevropatolog, neyroreabilitolog, neyropsixolog, neyroreanimatolog, rentgen-radiolog olimlar ilmiy-amaliy ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.

- Kongressni o‘tkazishdan asosiy maqsad tarqoq skleroz kasalligini davolashda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, olimlar bilan tajriba almashish va uni amaliyotda qo‘llash, - deydi Turkiy davlatlar o‘rtasida tarqoq skleroz bo‘yicha izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi prezidenti, professor Demirkaya Sheref. – O‘ylaymizki, mazkur kongress ham tarqoq skleroz kasalligining zamonaviy diagnostikasi va davolash usullari bo‘yicha G‘arbiy va O‘rta Osiyo davlatlaridan kelgan olimlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va yangiliklarni o‘z davlatlarining davolash-profilaktika muassasalari amaliyotiga joriy etish orqali kasallikni davolash natijalarini yanada yaxshilashga olib keladi.



Tarqoq skleroz kasalligining dolzarb muammolari bo‘yicha dastlabki kongress 2019 yilda Turkiyaning Gulxane universiteti meditsina fakultetida turkiy davlatlarning mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan edi. Unda kongressni har yili G‘arbiy va O‘rta Osiyo davlatlarining birida o‘tkazilishga kelishib, maxsus kotibiyat a’zolari tarkibi saylangan.
Kongress 10 iyunga qadar davom etadi va akademik mobillik doirasida irsiy moyillikka ega bo‘lgan tarqoq skleroz kasalligining muammolari bo‘yicha davra suhbatlari, munozaralar o‘tkazilib, tajriba almashiladi.