Turkiy tilli davlatlar Savdo-sanoat palatalari biznes-forumida samarqandlik tadbirkorlarni nimalar qiziqtirmoqda?

Ayni kunlarda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov boshchiligidagi samarqandlik tadbirkorlardan iborat delegatsiya a’zolari Turkiyada o‘tkazilayotgan “Win Euroasia Istanbul – 2021” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda. Bugun bu yerda Turkiy tilli davlatlar Savdo-sanoat palatalari biznes-forumi tashkil etildi.

Ta’kidlash lozimki, turkiy davlatlar Savdo-sanoat palatalari, birinchi navbatda, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoit yaratish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishda o‘zini ishbilarmonlik bilan o‘zaro munosabatlarning muvofiqlashtiruvchi mexanizmi sifatida namoyon etadi. Biznes-forum esa iqtisodiyotning turli sohalarida ishtirok etuvchi mamlakatlarning biznesini rivojlantirishda asosiy platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Shu jihatdan viloyatimiz tadbirkorlari biznes-forumda faol ishtirok etmoqda, xorijlik ishbilarmonlarga o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar haqida videolavha va bukletlar taqdim etyapti. Shu bilan birga viloyatimizning har jihatdan sharoit va talablariga mos, sifatli va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilishini ta’minlaydigan biznes vositalariga qiziqmoqda.

Delegatsiyamiz a’zolari B2B shaklidagi tadbirkorlar uchrashuvida ishtirok etdi. Unda turli davlatlardan tashrif buyurgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi, mamlakat tadbirkorlariga foydali bo‘ladigan bir qator shartnomalar imzolandi.

Forum doirasida samarqandlik tadbirkorlar Izmir shahriga tashrif buyurdi. Shaharning erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan “Dirinler” va “Athapack” korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Ushbu korxonalar rahbar va mutaxassislari delegatsiyamiz a’zolariga o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar, yaratilgan sharoitlar, eksport bozoridagi o‘rni bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi. Faoliyati mos tadbirkorlarimiz ular bilan zarur kelishuvlarni amalga oshirdi.