Turkiyada hokim tayyorlaydigan akademiya bor

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan 2021 yil yakunida bir guruh davlat xizmatchilari boshqaruv tizimi bo‘yicha malaka oshirish maqsadida Turkiyada xizmat safarida bo‘ldi.

Yurtimizdagi eng yosh hokimlardan biri, Narpay tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Sherzod Rahmonov ham ushbu guruh tarkibida qardosh davlatdagi mahalliy boshqaruv organlari faoliyati bilan tanishib keldi. Sh.Rahmonov bilan bog‘lanib, safar taassurotlari haqida so‘radik.

– Yaxshi bilasiz, Prezidentimiz keyingi paytda har bir ma’ruzalarida, rahbarlar va faollar bilan uchrashuvlarida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, uni xalqchil tuzilmaga aylantirish bo‘yicha fikrlarini bildiryaptilar, – deydi Sh.Rahmonov. – Davlat xizmatchilarining kasb va malakasi, aholi bilan ishlash ko‘nikmasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shu asosida kadrlar tanlash va joy-joyiga qo‘yishda, ularning malakasini oshirishda yangi tizimlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Prezident huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va viloyatlarda uning filiallari tashkil etilishi bu borada, ayniqsa, katta qadam bo‘ldi. Turkiyaga xizmat safarimiz ham mazkur agentlik tomonidan davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi davomida bergan topshiriqlari hamda O‘zbekiston-Turkiya hukumatlararo komissiyasi bayonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Turkiya Respublikasi Prezidentining Inson resurslari ofisi hamkorligida uyushtirildi.

– Nega aynan Turkiyaga safar uyushtirildi?

– Faqatgina Turkiya emas, davlat xizmati tizimi rivojlangan boshqa mamlakatlar tajribasi ham o‘rganilmoqda. Bizning guruhimiz ushbu mamlakat tajribasi bilan tanishdi.

Bugungi kunda Turkiyada Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlar tajribasi asosida davlat xizmati bo‘yicha katta tajriba to‘plangan. Yana bir muhim jihat, Turkiya barcha sohalarda mamlakatimizning asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlanib bormoqda.

Biz Anqara, Istanbul va Koniyada bo‘ldik, bu hududlarning boshqaruv tizimi bilan tanishdik. Turkiya Prezidenti huzuridagi Inson resurslari ofisi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi faoliyati bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘ldik.

Shaxsan men tuman hokimliklari, ulardagi boshqaruv tizimi bilan ko‘proq qiziqdim. Turkiyada viloyat, tumanni boshqarish, ya’ni bizning tushunchamizda hokim bo‘lish uchun oliy ta’limdan so‘ng, Ichki ishlar vazirligi akademiyasida uch yil tahsil olish kerak ekan. Boshqacha aytganda, hokim bo‘lish uchun o‘zingiz o‘qib, o‘rganishingiz, kelajagingizni shu bilan bog‘lashingiz lozim. Hokimlar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, ularni tayyorlash, ishi bo‘yicha Prezidentga xulosa berish Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

– Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbar kadrlar tayyorlash bo‘yicha bizdagi Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasiga o‘xshar ekan-da...

– Tom ma’noda shunday. Lekin Turkiya akdemiyasida yuqorida aytganimdek kelajakda hokim bo‘lishni niyat qilganlar o‘qiydi. Bizda esa barcha sohalar bo‘yicha rahbar kadrlar o‘qib, malaka oshirishi mumkin. Demoqchimanki, Prezident akademiyasi qamrovi kengroq.

Ularda ham akademiyada o‘qishga nomzodning bilimi, dunyoqarashi, yetakchilik qobiliyati va rahbarlik uchun boshqa zarur xislatlari hisobga olinadi, belgilangan tartibda sinovdan o‘tkaziladi. Uch yillik o‘qish davomida nazariy bilimlar bilan birga amaliyot ham chuqur o‘rgatiladi. Ya’ni, shu davrda, masalan, ikki yillik o‘qishdan keyin hokimlikka bo‘lajak nomzod uch oy biror bir tumanga borib, amaldagi hokim bilan birga, dublyor singari ishlaydi, keyin yana uch oy viloyat hokimi bilan faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, o‘n oygacha Yevropa va Boltiqbo‘yi davlatlariga tajriba o‘rganish uchun yuboriladi.

Uch yillik o‘qish va amaliyotdan keyin talabaning bilimi, egallagan ko‘nikmasi yana sinovdan o‘tkaziladi. Bu jarayonda eng yuqori ball to‘plaganlar 900 dan ortiq tumandagi vakant hokim lavozimlaridan birini o‘zi tanlab, o‘sha yerda ish boshlaydi. Boshqalar esa qur’a tashlash yo‘li bilan vakant hokimlik lavozimlarida ishlash uchun yuboriladi.

Turkiyada hokimlik vakolat muddati uch yil ekan. Uch yildan so‘ng ular Ichki ishlar vazirligi tavsiyasi asosida Prezident tomonidan viloyat hokimiga o‘rinbosar, yordamchi yoki boshqa tumanga rahbarlikka yuboriladi. Ayrimlari o‘z ish joyida qoldirilishi ham mumkin.

– Rahbarlikka tayinlashda nomzodlarning yoshi, tajribasi ham inobatga olinar ekanmi?

– Bizdagi kabi demoqchisiz-da. Turkiyalik hamkasblarimiz ham aynan shu masalaga qiziqishdi va turli sohalarda ishlab, boshqaruv bo‘yicha malaka va tajribaga ega bo‘lgan rahbarlarning hokimlikka tayinlanishini yaxshi qabul qilishdi. Lekin ularda yuqorida aytganimdek, akademiyani bitirganidan so‘ng bilimiga qarab hokimlikka tayinlashadi. Yosh, tajriba muhim emas. Tumanlar rahbarlari orasida o‘ttiz yoshga to‘lmaganlari ham bor. Ammo Turkiyada hokimlar o‘zi rahbarlik qilayotgan hudud aholisi soniga qarab besh darajaga bo‘linar ekan. Eng kam aholi yashaydigan tumanlar hokimlari beshinchi darajali hisoblansa, eng ko‘pi birinchi darajaga ega bo‘ladi. Ularga ish haqi to‘lashda darajasi va tajribasi hisobga olinadi. Hokimlik apparati xodimlari ham aholi soni va hududning mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy hayotidagi o‘rniga qarab turlicha bo‘lishi mumkin.

– Davlat xizmati bo‘yicha yana qanday ijobiy tajribalar sizga ma’qul keldi?

– E’tiborimni tortgan tomonlardan biri mamlakatda davlat organlari xodimlari to‘g‘risidagi elektron baza mavjudligi bo‘ldi. Aytishlaricha, ular bu tizimni uch yil davomida yaratishibdi. Unda mamlakatdagi 852 mingdan ortiq davlat xizmatchisi haqida ma’lumot mavjud ekan. Ushbu bazadan har bir xodimning ish faoliyati to‘g‘risida barcha ma’lumotlarni olish mumkin.

Yana bir yaxshi tajriba – davlat xizmatchilari uchun onlayn malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Har bir boshqaruv organi xodimi ushbu platforma orqali bilimlarini mustahkamlashi mumkin. Kimning qachon va qancha vaqt davomida bu tizimdan foydalangani, qaysi mavzularni o‘rgangani elektron tarzda qayd etib boriladi. Demoqchimanki, boshqa yumushlar bilan band bo‘la turib, onlayn o‘qishda edim yoki malaka oshirdim, deb aytib bo‘lmaydi.

Umuman, xizmat safarimiz davomida ko‘rganlarimiz, tanishganlarimiz asosida o‘z taklif va xulosalarimizni Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga yozib berdik. O‘zimiz ham ish faoliyatimiz uchun foydali ma’lumot va ish uslublarini o‘rgandik. Bunday tajriba almashuvlar albatta, mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimini bugungi kun talabidan kelib chiqib takomillashtirish, davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

G‘olib Hasanov suhbatlashdi.