Turkiyada ID amiri hibsga olindi

Islom davlati (ID) terrorchilik harakati (O‘zbekistonda taqiqlangan) amiri Turkiyada hibsga olindi. Bu haqda 1 sentyabr kuni Turkiya Ichki ishlar vaziri Suleyman Soylu ma’lum qildi.

“Jiddiy maqsadlarni rejalashtirgan, ID amiri Turkiyada hibsga olindi. Huquqni muhofaza qilish tizimini tabriklayman”, deb yozdi Soylu o‘zining Tvitter sahifasida. 

NTV telekanali bilan suhbatda bo‘lgan Soylu ID amirining ismini aytdi. Uning ismi Mahmud Ozden ekanligi va hibsga olish tadbiri Istanbulda bo‘lib o‘tganligi ma’lum qilindi.

Ichki ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, Turkiyadagi terrorchilar yetakchisi qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish va Turkiya siyosatchilarini o‘g‘irlab Suriyaga jo‘natish uchun bir guruh jangarilarni tayyorlagan.