Turkiyada ijarachilarni ko‘chirish talabi oshmoqda
Mamlakatda yuqori inflyasiya tufayli ijarachilarni ko‘chirishni talab qiluvchi da’volar soni ortib bormoqda, sudlar bunday da’volarga to‘lib ketgan, deb yozadi Hürriyet.
Nashrning qayd etishicha, agar hozir kvartirani 15-20 ming liraga ijaraga olish mumkin bo‘lsa, bir necha yil avval ko‘chib kelgan ijarachi bor-yo‘g‘i 4 ming to‘lab kelmoqda (qonunga ko‘ra, ijara haqi yiliga maksimal 25 foizga oshirilishi mumkin).
Yashab turgan odamni shunchaki chiqarib yuborish ham mumkin emas. Buning uchun sudga da’vo qilish va uy egasi kvartiraga bo‘lgan ehtiyojini isbotlab berishi kerak. Sud va ekspertlar zimmasiga yuklangan yukni hisobga olsak, bunday ishlar bo‘yicha sud jarayoni 4 yilgacha cho‘zilishi mumkin, deb yozadi gazeta.
Turkiyada uy-joyni ijaraga berishga oid qat’iy qonun-qoidalar mavjud. Ularga binoan uy-joyni litsenziyasiz ijaraga berish taqiqlanadi. Tekshiruvlar tez-tez o‘tkazilgani bois qoidabuzar tez aniqlanadi va tegishli jazo tayinlanadi. Masalan, birinchi qoidabuzarlik uchun kvartira egasiga 5000-10000 turk lirasi (taxminan 400 dollar) miqdorida jarima solinadi. Agar yana takrorlansa jarima yanada kattalashadi va mulk muhrlanadi. Ijaraga beruvchi uchinchi marta qo‘lga tushsa, u yashash uchun ruxsatnomadan mahrum qilinishi va hatto qamoqqa olinishi mumkin.