Ukraina MDH doirasidagi bir qator shartnomalardan chiqdi
Ukraina Vazirlar Mahkamasi 2 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda, MDH doirasidagi hududlarning sanitariya muhofazasi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimdan chiqqanini e’lon qildi.
MDHga a’zo davlatlar hududlarining sanitariya muhofazasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim shartnomaga a’zo davlatlar aholisi uchun alohida xavf tug‘diradigan karantin va boshqa yuqumli kasalliklar olib kirilishi va tarqalishining oldini olish maqsadida imzolangan edi. Ushbu bitim 2001 yilning 31 may kuni Minsk shahrida imzolangan.
Bundan tashqari, Ukraina Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligining veterinariya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvdan ham chiqdi.
Veterinariya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv MDH a’zo davlatlari tomonidan 1993 yilning 12 mart kuni imzolangan. Bitimga binoan, tomonlar veterinariya sohasida hamkorlik qilishlari va transport turlari bilan veterinariya nazorati ostida barcha turdagi tovarlarni tashish paytida mamlakatlar hududidan hayvonlarning yuqumli kasalliklari tarqalishining oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rishlari shart.
Bir muddat ilgari Ukraina bir tomonlama tartib bilan Rossiya va MDH bilan bir qator kelishuv va bitimlarni to‘xtatgan edi. 2019 yil 1 aprel sanasidan e’tiboran, Ukraina Rossiya bilan do‘stlik, hamkorlik va sherikchilik shartnomalarini to‘xtatdi.