Ukraina prezidenti Zelenskiyning Bryusselga tashrifi "g‘arbga yuzlanish" deb baholanmoqda

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining ilk xorijiy tashrifini Yevropa Ittifoqi mahkamalari joylashgan Belgiyaning Bryussel shahriga amalga oshirdi.

Uning bu tashrifdan maqsadi Yevropa Ittifoqi va Ukraina o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va yanada rivojlantirish bo‘layapti.

Ukraina prezidentining ilk xorijiy tashrifni Yevropa Ittifoqi bosh idorasiga boshlaganini ko‘pchilik xalqaro siyosiy tahlilchilar "Bu Ukrainaning G‘arbga yuzlanishidir" deb talqin qilishayapti.

"Ilk tashrifning Yevropa Ittifoqiga bo‘lishi bir tarafdan ramziy ma’no kasb etadi. Shuningdek ushbu tashrif Zelenskiyning Ukraina tashqi siyosatida Yevropa Ittifoqi bilan yaqin munosabatda bo‘lishini, kelajakda Yevropa oilasiga qo‘shilishga harakat qilishini anglatadi", degan Ukraina siyosiy tahlillar instituti direktori Ruslan Bortnik.

Bortnikning so‘zlariga ko‘ra, prezident Zelenskiy Bryusselda avvalo, Yevropa Ittifoqi tomonidan Ukrainaga iqtisodiy va harbiy yordam berish masalasini ko‘taradi. Chunki, bugun Ukraina uchun Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy hamkorlik qilish va Ittifoqqa a’zo mamlakatlardan Ukraina iqtisodiyoti uchun yirik sarmoyalar jalb etish eng muhim masala hisoblanadi.

Shuningdek, tashrif davomida Bryusselda Ukrainaga Qrimni qaytarish masalalari ham muhokama etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi Qrimni hanuzgacha Ukrainaning ajralmas bir bo‘lagi deb biladi va uni Rossiya hududi deb tan olmagan.

Bryusselda Zelenskiy Polsha rahbari Anjey Duda, shuningdek NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg, yana Yevropa Ittifoqi prezidenti Donald Tusk va Yevropa Ittifoqi komissiyasi rahbari Jan-Klod Yunker bilan uchrashadi.