Ukraina prezidentida koronavirus infeksiyasi aniqlandi

Bu haqda u o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

«Mening isitmam 37,5, lekin barchaga 36,6 bo‘lishini tilayman. O‘zimni yaxshi his qilyapman», deya xabar qildi u.

Davlat rahbari «ko‘pchilik COVID’ni yengdi, men ham yengaman», deya o‘z vazifalarini izolyasiyada davom ettirishini ta’kidlagan.

Mamlakatda so‘nggi haftalarda kasallikni yuqtirganlar soni oshib bormoqda. Favqulodda holat rejimi yil oxirigacha saqlanib qoladi. 5 noyabr kuni mamlakatda yana bir antirekord o‘rnatildi – bir sutkada 9850 kishida COVID-19 aniqlandi. Shu bilan birga sog‘ayganlar soni ham ortmoqda. 5 noyabrda sog‘liqni saqlash vazirligi 8378 tuzalib chiqqan bemorlarni qayd etdi.

Hozirda Ukraina og‘ir epidemiologik vaziyatga qarab to‘rtta karantin zonalariga ajratilgan. Hukumat qo‘shimcha cheklovlar kiritishni rejalashtirmoqda. Gap hafta oxiri dam olish kuni karantini haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. «Biz Yevropa jazm etgan to‘liq lokdaun kiritolmaymiz», deya ta’kidladi sog‘liqni saqlash vaziri Maksim Stepanov.