Ukrainada politsiya saylov komissiyasining iltimosi bilan seyfni buzdi
Ravno shahrining saylov komissiyasi politsiyaga chaqiruv qog‘ozi bilan murojaat qilib, byulletenlar solingan seyfni buzishni so‘radi, chunki ularning o‘zlari ocholmagan, deb xabar bermoqda “Ukrainskiye novosti”.
Ukrainada saylovchilar qo‘mitasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, saylov komissiyasi a’zolari seyfni ocholmagach, o‘zlaricha buzmoqchi bo‘lishgan, ammo uddasidan chiqishmagan. Shundan so‘ng ular politsiyaga murojaat qilishgan va politsiya xodimlari seyfni buzgan. Seyf ochilgach, birorta saylov byulleteni zarar ko‘rmagan.
Ukraina prezidentligiga ikkinchi tur saylovlari yakshanba kuni bo‘lib o‘tmoqda. Unda prezident Petr Poroshenko va birinchi tur lederi Vladimir Zelenskiy ishtirok etmoqda. So‘rovnomalarga ko‘ra, Zelenskiyni 70 foizdan ortiq ukrainaliklar qo‘llab-quvvatlamoqda, Poroshenkoni esa 25 foiz atrofida.
Ukraina politsiyasiga saylovga oid mingdan ortiq qonunbuzilishlar haqida xabarlar tushgan.