Umrining 15 yilini temir panjaralar ortida o‘tkazgan ayol takroran jinoyatga qo‘l urdi

Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida yashovchi I.A. so‘nggi 27 yil mobaynida ketma-ket og‘ir va o‘ta og‘ir (firibgarlik, bosqinchilik, giyohvand moddalarni qonunga xilof ravishda o‘tkazish, hujjatlarga shikast yetkazish va yashirish, qasddan odam o‘ldirish) jinoyatlarni sodir etgani uchun qonuniy jazoga tortilgan, hatto umrining salkam 15 yilini temir panjaralar ortida o‘tkazgan bo‘lsa-da, baribir jinoiy qilmishga qo‘l urishdan o‘zini tiyolmadi. Oqibatda ayni paytda oltinchi jinoyati uchun jazo muddatini o‘tamoqda.

Gap shundaki, I.A.ning 1996 yilda sodir etgan qotillik va bosqinchilik jinoyati oradan 21 yil o‘tgach, oshkor bo‘lgan va jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2018 yil 28 maydagi hukmiga muvofiq, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “j”, “i”, “p”, “r”-bandlari va 164-moddasi 4-qismi «v»-bandiga binoan, jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 13 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. Faqat ushbu jazo 12 ta amnistiya aktining har biriga asosan to‘rtdan bir qismiga qisqartirilib, aybdor sud zalidan ozod qilingandi. Ammo I.A. 6 oylik «tanaffus»dan keyin yana «eski hunari» — firibgarlikka qo‘l urdi.

Aniqroq aytganda, 2018 yil 6 dekabr kuni I.A. «Novza» metro bekati yaqinidagi «Gold centre» savdo markaziga boradi.

— Qadimgi Yoqutiston toshlaridan ishlangan tilla taqinchoqlarni sotib olaman. O‘g‘lim Amerikada tilla taqinchoqlar bilan savdo qiladi. Men sizlardan olib, o‘g‘limga yuboraman, — deydi u savdo markazidagi sotuvchi va xaridorlarga.

Albatta, bu gap Inobatning firib to‘ri edi. Biroq xaridorlar orasida turgan fuqaro Muhabbat Nazarova uning g‘arazli maqsadini qayoqdan bilibdi, deysiz?! Shu bois soddadil M.Nazarova I.A.ning gaplariga ishonadi.

— Menda siz aytgan tillolardan bor. Kerak bo‘lsa, yana topib berishim mumkin, — deydi Muhabbat opa.

Buni qarangki, I.A. unga o‘zini «Mahfirat» deb tanishtiradi.

— Ilgari ginekolog bo‘lib ishlaganman. Endi pensiyaga chiqib, o‘g‘limning biznesiga yordamlashayapman, — deydi u.

Shu tariqa I.A. og‘iz ko‘pirtirib, o‘g‘li va o‘zini maqtay ketadi. Tashqariga chiqqanda esa, M. Nazarovani ilintirish uchun yana avrashda davom etadi.

— O‘g‘lim «Oloy» bozori yonidagi «Kapitalbank» filialiga qirq besh ming dollar yuborgan. Bu pulning hammasiga tilla taqinchoqlar sotib olishimni tayinlagan. Ko‘rib turibman, istarali ayol ekansiz. Shuning uchun sizga taklifim, mendan foydalanib qoling.

Shundan so‘ng ular telefon raqamlarini almashib, ertasi kuni «Oloy» bozorida uchrashishga kelishib olishadi. 2018 yil 7 dekabr kuni esa, Muhabbat Nazarova undan oldinroq bozorga yetib borib, I.A.ga qo‘ng‘iroq qiladi. Avvaliga I. go‘shakni ko‘tarmaydi.

Faqat soat 11:40 lar chamasida uning o‘zi notanish raqamdan qo‘ng‘iroq qiladi-da, hozir yetib borishini aytadi.

I.A. yetib kelgach, M. Nazarovadan «tilla taqinchoqlarni olib keldingizmi?» — deb so‘raydi.

— Ha, olib keldim, — deydi M.Nazarova sumkasida turgan, narxi 13 500 AQSh dollariga teng bo‘lgan 4 juft brilliant uzuk va ziraklarni ko‘rsatib. Shundan so‘ng «Mahfirat» Muhabbat opani Dilbar ismli ayolning do‘koniga boshlab kiradi.

Ammo do‘kon sohibasi ular kutganidan anchagina past narxni aytdi.

Shu bois, Muhabbat Nazarova bu narxga sotmasligini bildirib, jahl qilgancha tashqariga chiqib ketadi.

— Shoshmang, Muhabbatxon, — deydi I. uning ortidan ergashib.

So‘ng qo‘lidagi sharfga o‘ralgan narsani M. Nazarovaning qo‘liga tutqazdi.

— Mana bu o‘ttiz ming dollar pul, hozirgina bankdan oldim. Siz ushlab turing, men tilla taqinchoqlaringizni baholatib chiqaman.

U shunday deb Muhabbat opaning tilla taqinchoqlarini olib, parfyumeriya mahsulotlari sotiladigan do‘konga kirib ketadi. Biroq xadeganda chiqavermaydi. Oxir-oqibat toqati toq bo‘lgan M. Nazarova o‘sha do‘konga kirib, «Mahfirat»ni — I.A.ni so‘raydi. Lekin sotuvchi ayol uni tanimasligini aytadi. Shunda boyaqish ayol aldanganini, firibgar do‘konning ikkinchi eshigidan chiqib ketganligini biladi. Shuning uchun shosha-pisha bir soat avval qo‘ng‘iroq bo‘lgan raqamga sim qoqadi.

— Bu mening raqamim. Mahfirat ismli ayolni tanimayman. Faqat boya bir ayol qo‘ng‘iroq qilish uchun telefonimni olgandi, — deb javob beradi go‘shakni ko‘targan notanish yigit.

Shundan so‘ng Muhabbat Nazarova darhol ichki ishlar idorasiga xabar beradi. Natijada I.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a»-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2019 yil 7 yanvardagi ajrimiga binoan esa, unga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilinadi. Buzoqning yugurgani somonxonagacha, deganlaridek, «qahramon»imiz 2019 yil 10 aprel kuni qo‘lga olinadi.

Pirovardida jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2019 yil 19 iyundagi hukmiga asosan, Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasi bilan aybdor deb topilib, kodeksning 50-moddasi 6-qismi va 57-moddasi qo‘llangan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shu bilan birga, jabrlanuvchiga yetkazilgan 13 500 AQSh dollari miqdoridagi zarar hukm e’lon qilingan kundagi 1 AQSh dollarining O‘zbekiston so‘miga nisbatan qiymat — 8 314 so‘m 85 tiyinda undirish belgilandi. Ammo I.A. bundan norozi bo‘lib, apellyasiya shikoyatini berdi.

Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a»-bandiga ko‘ra, aybdorga eng kam oylik ish haqining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Kodeksning 50-moddasi 6-qismida esa, «Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati ushbu kodeksning Maxsus qismi tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas» deya qayd etilgan. Binobarin, sud kodeksning mazkur moddasini inobatga olib, qolaversa, 57-moddasini qo‘llab, Maxsus qism moddasida nazarda tutilganidan ham kamroq jazo tayinlab to‘g‘ri xulosaga kelgan. Ana shu asoslarga tayangan apellyasiya instansiya sudi apellyasiya shikoyatini qanoatlantirmasdan, sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi.

Bu voqeani bayon etishdan maqsad shuki, har bir ayol haqiqiy baxtni oilada, farzandlari quvonchida ko‘radi. Buni unutish esa, inson hayotini izdan chiqarib yuborishi hech gap emas.

Muhtarama TURG‘UNOVA,

jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining sudyasi.