Uning manglayiga «yuksak fazilatli inson» deb bitilgan
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z adabiy merosida tarbiya masalasiga alohida urg‘u bergan. Inson kamoloti, uning tarbiyasi, xususan, farzand tarbiyasi har doim ijodkorning diqqat-markazida bo‘lgan.
Bobur farzandlarini, ayniqsa, o‘g‘illarini davlat boshqaruvi, harb va zakot sohasidagi ishlarga tayyorlash maqsadida ularga og‘zaki nasihatlar berib, «Mubayyin» nomli risola yozgan. Jumladan, «Boburnoma»da farzandlariga maktublar yo‘llab, nasihatlar qilgan. Ana shu maktublardan ikkitasi 1992 yil Bobur merosini o‘rganish, rag‘batlantirish va muvofiqlashtirish maqsadida Andijon shahrida tuzilgan Bobur nomidagi xalqaro jamg‘arma faoliyati natijasida aniqlangan. Maktublar Boburning katta o‘g‘li Nasiriddin Muhammad Humoyunga va ikkinchi o‘g‘li Komron Mirzolarga yo‘llangan. Ammo mazkur maktublar «Boburnoma»ga kirmagan.
Boburning Humoyunga yozgan muxtasar maktubi «maxfiy vasiyatnoma» xarakterida bo‘lib, tarbiyaviy-didaktik mazmunga ega. U 1529 yil 11 yanvarda (hijriy 935 yil jumodiulavval oyining birinchi kuni) Agra shahri yonidagi «Nilufar» bog‘ida dam olayotgan paytida yozilib, Humoyunga yuborilgan. Bobur o‘g‘liga vasiyatida o‘z hayot tajribasidan kelib chiqib, har bir masalada ulug‘ bobosi Amir Temurning hukmdorlik uslubidan, harb sohasidagi iqtidoridan andaza olishni, adolatli bo‘lishni ta’kidlab, «Hazrat Sohibqiron Amir Temurning ish yuritishlari doimo yodingda bo‘lsin. Shunda davlating ma’mur va puxta bo‘ladi», deydi.
Muallif har bir maktubida uning yozilgan vaqti va qaysi joy bilan bog‘liqligiga e’tibor qaratadi. Masalan, Humoyunning Hindiston bilan bog‘liq faoliyatini nazarda tutib, o‘g‘liga nasihat qilar ekan, ijtimoiy-siyosiy qarashlar, davlat boshqaruvi usullari, diniy mazhab va e’tiqodlarga, urf-odatlarga bo‘lgan munosabatlarda odillik bilan hukm chiqarish haqida quyidagilarni bayon etadi: «...Har bir mazhabga pok qalb bilan qaragin, har bir mazhab va tariqatga adolatli bo‘l. Xususan, sigirni qurbon qilishda saqlanginki, bu Hindistonning qalb ardog‘i va bu viloyat ahli podshoga yaxshi nazar bilan bog‘lanadi. Podshoh farmoniga bo‘ysungan xalqni xarob qilmagin. Adolatni ixtiyor qilgin. Shunda shoh raiyatdin, raiyat shohdin xotirjam bo‘ladi. Turli e’tiqoddagi xalqlarni teng tutginki, shunda saltanat turli tashvishlardan xoli bo‘ladi».
Bobur podshoh va raiyat o‘rtasidagi nozik jihat – ularning e’tiqodi bilan bog‘liq masalaga ham alohida urg‘u beradi. Bunga sabab, Bobur turli din va e’tiqoddagi xalqni demokratik boshqaruv orqali birlashtirish, ularning inoqligini ta’minlash mumkinligini chuqur anglaydi. U inson hayotiga tajovuz qiluvchi turli xurofotlarga (masalan, xotin kishini marhum turmush o‘rtog‘i jasadiga qo‘shib yoqish) tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lsa-da, lekin diniy e’tiqod nuqtai nazaridan qadrlanadigan tushunchalar (masalan, hindlarning sigirni muqaddas deb bilishlari)ni inkor etmaydi. Bu bilan millatlararo totuvlikni ta’minlaydi, adolatni «podshoh va raiyat» o‘rtasida ko‘prik, deb biladi.
Bobur maktublarida farzandlariga mehr-muhabbatli otaning siymosi gavdalanadi. Buni ayniqsa, ikkinchi o‘g‘li Komron Mirzoga yo‘llagan «Nasihatnomayi Bobur ba farzandi xud» («Boburning o‘z farzandiga nasihatnomasi») deb nomlanuvchi maktubidagi «Dono, qadrli va saodatli farzand Muhammad Komron bahodirga» kabi e’tiroflardan sezish mumkin. Maktubda jimjimador, maqtov mazmunidagi lutflar yo‘q emas. Ular balandparvoz ruhiyatni emas, balki Boburning farzandlariga muhabbatini namoyon etadi. Bunday lutf va jumlalar orqali ogohlikka da’vat, tahsil, pand-nasihat, ota-onaga hurmat, haqiqatga tik boqa bilish, do‘st tanlashda adashmaslik, elga dilxohlik, amir-beklarni to‘g‘ri tanlay bilish, xalqqa ishonch, ulamo va fuzalolarning hurmatini joyiga qo‘yish kabilar xususida nasihat qilinadi: «Turk ulusidin ota-onasi qo‘l ochgan, onasi to‘y boshlagan tartib-intizomli kishilar borkim, ularning otalari ota-onamizga xizmat qilib, jon nisor aylab, issiq-sovuq, safar va o‘troqda birga bo‘lib, bir lahza ham bizni tashlab ketishmagan. Ularning xizmati shoyista, pand-nasihatlari jo‘yalik. Ular orasidan so‘rab-surushtirib, dargohingga yo‘l berib, o‘zingga yaqin olib yur, g‘ofil bo‘lmag‘aysen».
Munosib farzand ota-onasi olamdan o‘tgach, ularga do‘st va qadrdon bo‘lgan, yordam bergan kishilar bilan yaqin bo‘lishi, ulardan xabar olishi, ularga yordam qo‘lini cho‘zishi, ular holidan xabardor bo‘lishi lozim. Bu haqda hadislar ham mavjud. Boburning yuqoridagi e’tirofida ham ana shu mazmunni anglash mumkin.
Darhaqiqat, Bobur ta’kidlaganidek, bunday insonlarni o‘ziga yaqin tutgan kishi to‘g‘ri do‘st tanlay biladi. Chunki uning yonida «ota-onamizga xizmat qilib, jon nisor aylagan» kimsalar borki, doimo to‘g‘ri yo‘lga boshlaydilar.
Bobur Komron Mirzoga yo‘llagan maktubida Xoja Hofiz, Shayx Sa’diy, Mavlono Jomiyning forsiy baytlaridan, xalq maqollaridan unumli foydalangan.
Masalan, Bobur Komron Mirzo atrofida munosib insonlar joy olmog‘i kerakligini nazarda tutib, shunday yozadi: «Elga yaxshi so‘z aytib, dilxoh bo‘lib, iste’dodi mukammal insonlar bilan hamdam bo‘lgaysen. Tag‘in: nojins, zoti past kimsalarga har qancha yoqimtoy va qobiliyatli bo‘lsalar ham tarbiyat qilib, mamlakatni idora qilishga imdod bermagaysenkim... Hazrati Mavlono Jomiydin bu qit’a shoyon bo‘lubtur.
Harki nokas buvad dar aslu sirisht,
Munqalib natavon kardan, ey jigar.
Sagmagasro agar kuni maqlub,
Qalbe u g‘ayre sagmagas nashavad.
Mazmuni: Har kim asli nokas bo‘lib yaralsa, jigarim, uni tuzatib bo‘lmaydi. Itchivin (sagmagas)ni harchand o‘zgartirganda ham, uning qalbi itchivin (sagmagas) bo‘lib qolaveradi».
Fikrimizcha, Bobur Komron Mirzoga xat yozar ekan, uning adabiyotga qiziqishi va nodir qobiliyatini nazarda tutib, ulug‘ ijodkorlarga murojaat qiladi va nasihatlarining ta’sir kuchini oshiradi. Boburning boshqa asarlaridagi kabi o‘z farzandlariga yo‘llagan muxtasar maktublarida ham muallif ma’naviy dunyosining teranligi, shuningdek, mehribon va g‘amxo‘r ota qalbi, kuchli davlat arbobi, bobosi Temurga munosib avlod qiyofasi namoyon bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, ingliz tarixchisi Eduard Xolden e’tirof etganidek, «U (Bobur)ning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan» va bu uning adabiy-ilmiy merosida, maktublarida ham o‘z tasdig‘ini topgan.
Gulsanam Xoliqulova,
filologiya fanlari nomzodi, doktorant.