Urgut tumani 2-sektor tajribasi: Xorazm viloyati mas’ullari ulardan nimani o‘rgangan?
Odatda sektorlar haqida gap ketganda, ko‘pchilik ularning faoliyati haqida ijobiy fikr bildirishga shoshilmaydi. Salbiy xulosa beruvchilarni esa boshqa sohalar bo‘yicha ham topish mumkin. Urgut tumaniga safarimiz davomida hududdagi sektorlar faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
Tuman prokurori rahbarlik qiladigan 2-sektor 25 mahalladan iborat. Ya’ni, sektor shtabi a’zolari, ushbu hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga mas’ul hisoblanadi.
O‘zgarishning odamlar hayotiga ta’siri bormi?
Albatta, hech kim og‘ir ahvolga tushib qolishni xohlamaydi, ammo shunisi aniqki, hech kim bundan kafolatlanmagan. Sektor shtabi a’zolari, ehtiyojmand oilalarga ayni shunday munosabatda bo‘lmoqda. Ularga imkon qadar yordam berib, hayoti yaxshilanishiga hissa qo‘shmoqda.
Misol uchun, 2019 yil avgustda Xo‘jayduq mahallasida yashovchi M.Jabborovning xonadonida ehtiyotsizlik tufayli yong‘in kelib chiqqan. Tilsiz yov sezilarli talafotga sabab bo‘lgan. Holatdan xabar topgan sektor rahbari aralashuvi bilan tuman hokimligi va homiylar yordamida shifer, zarur qurilish mollari olib berilgan. Hashar tashkil qilinib, xonadon to‘liq ta’mirlangan.
- 2019-2020 yillarda homiylarni jalb qilgan holda sektor hududidagi 15 nafar yordamga muhtoj, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va boshqa fuqarolarning uy-joylari ta’mirlandi, - deydi Urgut tumani prokurori, 2-sektor rahbari Shuhrat Xolmurzayev. - Bunday ishlarga yana ko‘plab misol keltirish mumkin.
Yaqinda sektor shtabi tashabbusi bilan Jozmon mahallasida joylashgan "Burxon ota" bazmgohida "Temir daftar"da ro‘yxatda turuvchi hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalarning 10 nafar voyaga yetmagan farzandlarining sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Sektor faoliyatida bu kabi ishlar bilan birga hudud nfratuzilmasini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Misol uchun, keyingi uch yilda sektor hududidagi 38,1 kilometr ichki yo‘l ta’mirlanib, asfalt qoplamasi yoki shag‘al-tosh yotqizildi. Shuningdek, 300 dan ortiq ma’nan eskirgan simyog‘och almashtirilib, 7,8 kilometrlik elektr tarmoq tortildi. Bundan tashqari, 19 ta transformator ta’mirlandi va 17 ta yangi transformator o‘rnatildi.
Hududni markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlashda bir qator muammolar mavjud. Shu bois, bu borada ham bosqichma-bosqich ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, ko‘p yillardan buyon Nisbot mahallasidagi 200 ta xonadonning ichimlik suvi bo‘lmagan. Uyma-uy yurib, olib borilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan bu muammo bo‘yicha homiylik va hashar yo‘li bilan 2 ta yangi suv inshooti qurildi. Hududda 2 kilometr suv tarmog‘i tortildi.
Umuman, sektordagi mahallalarda 4 ta yangi suv inshooti qurilib, 15 ta eski suv minoralari ta’mirlandi.
Kambag‘allik muammo emas
Urgut tumanida “Temir daftar”ga kiritilgan 7 ming 422 ta oilaning 1971 tasi yoki 27 foizi 2-sektor hududida istiqomat qiladi. Karantin davrida ularga oziq-ovqat mahsulotlari, naqd pul ko‘rinishidagi yordam, ayrim oilalarning kommunal qarzdorligi to‘langan, dori-darmon, chorva va boshqa zarur mahsulotlar olib berilgan.
Ammo qo‘ldan berganga qush to‘ymas, deb bejiz aytilmagan. Sektor faollarining ayni shu maqsadda ko‘rgan chora-tadbirlari natijasida ehtiyojmand oilalarning 2 ming 405 nafar mehnatga layoqatli a’zolari bandligi ta’minlangan.
- Hududdagi aholi bandligini ta’minlashda, avvalo, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga e’tibor qaratildi, - deydi sektor shtabi a’zosi Z.Xo‘jayorov. – Misol uchun, bahavo tog‘ yonbag‘irlarida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha bir qancha ishlar olib borildi.
Xususan, 2020 yil davomida Nisbot, Taroqli, Jo‘raptepa va Beshkon mahallalarida 73 nafar fuqaroga subsidiya asosida, jumladan, 50 nafariga 2 sotixli va 23 nafariga 1 sotixli issiqxona qurib berildi. Jozmon mahallasida yashovchi tadbirkorga zamonaviy issiqxona qurish uchun 1 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilishida yordam berilgan.
Shuningdek, xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini rivojlantirish, shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish choralari ko‘rilmoqda. Misol uchun, sektor rahbarining ko‘magi bilan 3,5 milliard so‘mlik kredit mablag‘i evaziga Bahrin mahallasida zamonaviy hammom va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurildi.
Olis tog‘li hudud hisoblangan Qoratepa mahallasida yashovchi F.Isroilovning tadbirkorlik faoliyatini boshlashda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati asosida 500 million so‘m kredit mablag‘i olishiga ko‘maklashildi. Natijada, mahalla markazida “Shodiyona” diagnostika va davolash markazi barpo etildi.
Respublikada tan olingan tajriba
Kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirishda, parranda parvarishini yo‘lga qo‘yishda “Urgut tajribasi” respublikada tan olingan.
Sektor mutasaddilarining aytishicha, bunda hududda faoliyat ko‘rsatayotgan “Urgut Sifat Parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Dastlab 240 ta oilaga go‘sht yo‘nalishida 12 bosh jo‘ja tarqatilgan. Loyiha o‘zini oqlagach, keyingi bosqichga kirishilgan. Buning uchun tadbirkor Turkiyadan inkubator, Xitoydan yem ishlab chiqarishga mo‘ljallangan dastgoh sotib oldi.
Natijada, tadbirkor tomonidan 30 mingta broyler jo‘ja ochish, bir soatda 7 tonna yem mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Korxonada ishsiz fuqarolarga tovuqchilik ishi o‘rgatilib, har birining istagiga ko‘ra, xonadonida boqish uchun 10 kunlik jo‘ja va yem yetkazib berilmoqda.
- Bitta xonadonda 500-1000 tagacha jo‘ja boqish imkoniyati mavjud, - deydi sektor kotibi Begzod Aminjonov. – Har bir yetilgan jo‘ja uchun 2 ming so‘mdan pul berish nazarda tutilgan. Ya’ni, hududdagi istalgan oila 30-35 kunda qo‘shimcha 1-2 million so‘m daromad olishi mumkin.
2020 yil dekabrda davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari boshchiligida faollar kelib sektor tajribasini o‘rganib ketgandi.
Bugungi kunda hududda “Temir daftar”da qolayotgan oilalarga imkoniyatiga qarab hamda qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish orqali motokultivator, pishiriq pechi, tikuv mashinasi, payvandlash uskunasi subsidiya shartlari asosida taqdim etilmoqda.
Shuningdek, sektorda “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” bo‘yicha alohida ish olib borilmoqda. Negaki, hududda 20 ming 718 nafar yoshlar, 21 ming 858 nafar xotin-qiz mavjud. Ulardan 11 ming 169 nafar o‘g‘il-qiz hamda 13 ming 176 nafar opa-singillarimizning bandligini ta’minlash talab etiladi.
Albatta, bu ish “Boshqaruv ofisi” - moliya, bank, hokimlik, g‘azna va boshqa moliya-iqtisodiyot tizimi tashkilotlari xodimlari tomonidan hududda o‘rganish va xatlov ishlari bilan birgalikda hal etiladi. Chunki o‘rganish natijalari va har bir mahalla bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.
Yo.Marqayev.