Urgut tumanida 12 yildan beri qonuniy nikohdan o‘tmagan oilaga nikoh guvohnomasi topshirildi
15 may - Xalqaro oila kuni munosabati bilan Pastki Kalangar mahallasi, Istiqlol ko‘chasida 12 yil birga yashab qonuniy nikohdan o‘tmagan, shuningdek besh nafar farzandiga ham guvohnoma ololmagan Ulug‘bek Abloqulov hamda Munojot Rustamovalar oilasiga 1-son FHDYo bo‘limi tomonidan nikoh guvohnomasi topshirildi.
Parvina, Durdona, O‘g‘iloy, Shukrona, Norgul ismli qizaloqlar ham tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lishdi, deb yozmoqda “Urgut sadosi”.
- Oila - muqaddas. Unda kelajagimiz davomchilari bo‘lgan farzandlarimiz ulg‘ayib, kamol topadi, - dedi Urgut tuman FHDYo bo‘limi mudiri Sayyora Tursunova ularga guvohnomalarni topshirarkan. - O‘z vaqtida olinmagan hujjatlar turli muammolarga sabab bo‘ladi va bu xatoni to‘g‘rilash uchun ba’zan yillar kerak. Endi har qanday hujjatni o‘z vaqtida olishga o‘rganing. Bugundan boshlab siz mustaqil O‘zbekistonimiz fuqarolari safida, mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shasizlar. Qizaloqlar ulg‘ayib, bog‘chaga, maktabga borishadi.
Quvonchdan qalblari his-hayajonga to‘lgan oila sohiblariga va jajji qizaloqlarga tuman FHDYo bo‘limi tomonidan guldasta va esdalik sovg‘alari topshirildi.