Prezident va’da qilgan kutubxona ishga tushdi
Urgut tumanida yangi axborot resurs markazi majmuasi qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 martda Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Urgut tumanida zamonaviy kutubxona tashkil etish masalasi taklifi berilgandi. Ushbu tashabbus yurtboshimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va kutubxona qurilishi dasturga kiritilib, qisqa muddatda ishga tushdi.
Mazkur kutubxonaning ochilishini tuman aholisi katta shodiyona bilan qarshi oldi. Marosimda tuman hokimi Mamatjon Turdiyev, faxriylar, nuroniy va yoshlar qatnashdi.
– Bu kutubxona nafaqat yoshlarning, balki ota-onalarning ham sevimli maskaniga aylanishiga ishonaman, – dedi tuman hokimi M.Turdiyev. – Sababi tumanimizda o‘tirib kitob mutolaa qiladigan joy yo‘qligi bois ko‘plar shu masalada menga murojaat qilardi. Bugun mana shunday muammoga yechim topildi. O‘ylaymanki, bu yer kitobxonlar bilan doim gavjum bo‘ladi. Qolaversa, Prezidentimiz ilgari surgan beshta tashabbus bo‘yicha Urgut tumani uchun tuzilgan “Yo‘l xaritasi” ham maqsadli ishlarimizni amalga oshishiga xizmat qiladi.
“Quyitegana quruvchi” xususiy korxonasi tomonidan 3 milliard 600 million so‘mlik loyiha asosida Urgut istirohat bog‘ida bunyod etilgan kutubxonada 20 ga yaqin mutolaa zallari va 4 ta muhokama va kompyuter xonalari o‘rin olgan. Kutubxona ayni paytda 2000 dan ortiq badiiy, ijtimoiy-siyosiy va turli xil ertak kitoblardan iborat adabiyotlar bilan ta’minlangan. Shuningdek, ma’rifat maskanida 50 ta zamonaviy kompyuter, tezkor WI-FI tarmog‘i yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2000 ta adabiyotlarning elektron nusxa shakllantirilgan. Bino to‘liq isitish tizimiga ega va asosiy o‘quv xonalariga konditsioner o‘rnatilgan.
– To‘g‘risi, bunday kutubxonalarni televizorda ko‘rsam havasim kelardi, – deydi 128-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Farangiz Mahmadaminova. – Bugun shunday kutubxonaning tumanimizda ish boshlagani barchamiz uchun unutilmas voqea bo‘ldi. Endi kompyuterdan foydalanishimiz va kitob mutolaa qilishimiz uchun sharoit bor ekan, albatta, bu imkoniyatlarga munosib bo‘lishga harakat qilamiz.
Tadbir so‘nggida tuman rahbari yaqinda “Yosh chegarachilar” respublika musobaqasida ishtirok etib, birinchi o‘rin bilan qaytgan Urgut agrotadbirkorlik va servis kasb-hunar kollejining “Amir Temur vorislari” jamoasiga diplom va esdalik sovg‘alari topshirdi.
Shundan so‘ng tadbir qatnashchilari shu bog‘da tashkil etilgan favvoralar saylida bo‘ldi. U yerdagi hunarmandlar, ziravorlar ko‘rgazmasi va o‘quvchi-yoshlar tomonidan namoyish qilingan badiiy chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Abdujabbor PO‘LATOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).