Urgut turizm maskani Samarqand tajribasi bo‘lsin

Turizm natijasi odamlarni ishli qilish, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan soha sanaladi. Samarqandda turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar, muammolar bo‘yicha avval ham maqolalar berganmiz. Endilikda shu yo‘nalishni rivojlantirish masalasi tumanlarda ham kunning dolzarb masalasiga aylangan.

Xo‘sh, bugun Urgut tumanida qanday ishlar amalga oshirilgan, mavjud muammolar nimalarda?

Turizm qishlog‘iga qanday amaliy yordam bo‘ldi?

Urgut tumanidagi Tersak mahallasi turizm qishlog‘i deb e’lon qilinganligi ko‘pchilikka ma’lum. Aytish kerakki, mazkur hududning chiroyli tabiati, o‘ziga xos ob-havosi, tog‘li hududlarda joylashgan uylar chiroyli manzarani hosil qiladi.

Qishloq ahli bilan suhbatlashganimda ularning hamqishlog‘i, fransuz tili o‘qituvchisi  bo‘lib ishlagan Qo‘ysin aka tufayli bu yerga xorijliklar dam olish, tabiatdan bahramand bo‘lish uchun kela boshlagan ekan. Bu yaxshi tashabbus qishloqdoshlarga ham “yuqib”, asta-sekin mahallada mehmon uylari paydo bo‘lgan.

Mahalla turizm qishlog‘i, deb e’lon qilingach, bu yerda mehmon uylari soni 25 taga yetdi.

Misol uchun, Ofiyat opa Xudoyberdiyeva nomiga tashkil etilgan mehmon uyi bir vaqtning o‘zida 10 nafargacha mehmonni qabul qilishi mumkin. Mehmon uyi bog‘ning ichida joylashgan bo‘lib, atrofdagi yashillik, bog‘dagi sarxil mevalar, gullardan bahramand bo‘lish mumkin. Bog‘ adog‘ida qurilgan hovuzdagi baliqlarni tomosha qilish barobarida, uning ustiga qurilgan supada hordiq chiqarish, xorijlik mehmonlar uchun o‘zbekona taomlarni uy egalari bilan birgalikda tayyorlash, oilalardagi qadriyatlarni ko‘rish, bir so‘z bilan aytganda, bu mehmon uylarida sof o‘zbekona hayot tarzini his qilib ko‘rish mumkin.

Turizmda aynan shu yo‘nalish e’tiborli ekanini soha mutasaddilari yaxshi bilishadi. Ammo Tersakdagi mehmon uylarining bir nechta egasi bilan suhbatlashganimda ularga hatto imtiyozli kredit ajratilmagan ekan. Boz ustiga, qishloq o‘rtasidan o‘tuvchi katta soy ustidan qurilgan ko‘prikni ham mehmon uylaridan birining egasi o‘z mablag‘i hisobiga hashar bilan qurganligini bildik. Garchi, mahallaga kirish yo‘liga asfalt yotqizilgan bo‘lsa-da, tog‘li yo‘l bo‘lgani uchun ichki yo‘llarda yurish nafaqat noqulay, balki xavfli ham.

7200 nafar aholi istiqomat qiladigan mazkur mahallaga markazlashgan suv tarmog‘i endi tortilyapti, hozirda aholi quduq qazib, buloq suvidan foydalanadi, elektr masalasida muammolar yo‘q, aholi gaz balloni ishlatadi.

Tumanda o‘nlab turizm yo‘nalishini amalga oshirish mumkin

Aytish kerakki, Urgut viloyatdagi yirik tumanlardan biri bo‘lishi barobarida iqtisodiy salohiyati mustahkam.

Tuman Samarqand viloyatining janubiy-sharqiy tomonidagi tog‘lar etagida, dengiz sathidan taxminan 1000 metr balandlikda joylashgan. Bir tomondan Qashqadaryo viloyati, bir tomondan qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh.

Bu yerda nafaqat xorijiy, balki mahalliy turistlarni ham qiziqtiradigan qator maskanlar bor. Misol uchun, Urgut shahrining sharq tomonidagi G‘o‘s qishlog‘ida joylashgan G‘avsul A’zam ziyoratgohi, chinorlar bilan o‘ralib, yuqorisi tog‘lar bilan tutashib ketgan, ba’zi manbalarga ko‘ra, ming yoshli chinorlari mavjud Chorchinor ziyoratgohlari bugun ta’mirlanib, ziyoratchilarning doimiy maskaniga aylangan. Shuningdek, Urgutda noyob tabiat go‘zalliklarini mujassam etgan tog‘li, o‘rganish talab etiladigan, sayyohlarga sharoit yaratishga muhtoj qator hududlar ham mavjud. Xususan,  Amir Temur barpo etgan bog‘lardan biri Bog‘i jahonnoma, Samarqand shahrining janubida, “Toshkent-Termiz” yo‘li yoqasida joylashgan, qalin daraxtzorlar orasidagi so‘lim va go‘zal bir maskan, shuningdek, baland tog‘lar orasida joylashgan “Yaxdon” g‘orini sayyohlar tog‘ yo‘llaridan balandlab, mashhur Allayoron cho‘qqilarining butun mahobati bilan tomosha qilishlari mumkin.

Shunday g‘orlardan yana biri Qoratepa qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Omonqo‘ton qishlog‘idagi tog‘lardan birida mavjud. O‘z vaqtida g‘or tekshirilganda, ekspeditsiya a’zolari g‘orning faqatgina 1076 metr uzunlikdagi qismiga qadar bora olishgan.

Qolaversa, kulolchilikni davom ettirayotgan 17-avlod vakillari, mohir tadbirkorlari kashtado‘zlar, to‘ndo‘zlar mahallalari, respublikaning barcha viloyatlaridan keladigan yirik bozor ham bu yerga sayyohlarni jalb qilish imkonini beradi.

Haqiqatan ham bu hududga Yaratgan mehr bilan o‘z ne’matlarini ulashganiga ishonging keladi. Sababi, yuqorida ta’kidlangan tarixiy hududlari, chiroyli manzaralari qatorida tuman yana bir katta boylik – tadbirli, yo‘qdan bor qila oladigan salohiyatli odamlari bilan ham nom qozongan. Bu yerda saxovatli insonlar birlashib, o‘z hisobidan masjid, maktab, hatto tibbiyot muassasalari qurdirgan. Afsuski, aynan shu salohiyatdan turizm masalasida yetarlicha foydalanilmaganini ko‘rish mumkin. Bugungi kungacha yuqorida nomlari keltirilgan, bahavo tog‘li hududlarda sayyohlarga yetarlicha xizmat ko‘rsata oladigan mehmonxona ham qurilmagan hatto.

50 million dollarlik xorijiy investitsiyalar kiritiladi

- Xususan, joriy yil yakuniga qadar “Natural Dray Fruits” xususiy korxonasi tomonidan tumandagi Qoratepa suv ombori hududida ekoturizmni rivojlantirish va mehmonxona xizmati, dam olish maskanlari tashkil etiladi, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Uyg‘un Raupov. - Shuningdek, “Zamin trevel” MChJ tomonidan Omonqo‘ton mahallasi hududida joylashgan sobiq “Do‘stlik” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi bino-inshooti o‘rnida turizm zona, mehmonxona hamda yozgi bolalar oromgohi tashkil etiladi. “Ishtixon Gold Grapes Expart” MChJ tomonidan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlari belgilangan holda zamonaviy xususiy klinika, sihatgoh hamda nuroniylar maskanlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Yaqinda Misr Arab Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Amira Faxmin boshchiligidagi delegatsiya (Ahmed Zidan investor) tuman tadbirkorlari bilan uchrashib, Chorchinor mahallasidagi tog‘ tizmasida ekoturizmni rivojlantirish, kanat yo‘llarini qurish loyihasi bilan tanishdi va loyiha 2022-2023 yillarda uch bosqichda amalga oshirilishi belgilandi. Birinchi bosqichda 100 o‘rinli mehmonxona kompleksini qurish, ikkinchi bosqichda 2 kilometr kanat yo‘llarini qurish va ekoturizmni rivojlantirish, uchinchi bosqichda 100 o‘ringa mo‘ljallangan sanatoriy va davolash muassasasini barpo etish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda ushbu loyihani amalga oshirish yuzasidan investorlarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Mazkur loyiha amalga oshadigan bo‘lsa, 50 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritilishi ta’minlanadi.

Turizm boshqarmasining bo‘limlari ham kerak

Aytish kerakki, internetdagi qidiruv xizmatlari orqali Urgut bo‘yicha qidiruvga bersangiz, yuzlab ma’lumotlarni tavsiya qiladi. Ular orasida yurtimizdagi eng yirik sayyohlik firmalari tomonidan tashkil etilgan yo‘nalishlar orasida Urgut ham alohida o‘rin olgan.

Qolaversa, tuman yuqorida ta’kidlaganimizday, birgina yo‘nalish emas, balki ham ziyorat, ekologik, tog‘, dam olish, tibbiy turizm, hunarmandchilik kabi bir nechta yo‘nalishlarni o‘zida jamlagan hudud sanaladi. Turizmni rivojlantirishga oid dasturlarda respublikada 135 ta turizm qishloqlari tashkil etilishi belgilangan bo‘lsa, ularning 11 tasi Urgutdadir. Afsuski, bu bo‘yicha hozir biror amaliy ish boshlanmagan.

Umuman, taxminlarga ko‘ra, shu yil davomida  11 ming xorijiy hamda 380 mingga yaqin mahalliy sayyohlarni qabul qilgan tumanga turizm masalasida alohida yondashuv talab etiladi. Hech bo‘lmasa, shu kabi bir nechta sayyohlik yo‘nalishlari mavjud tumanda turizm va madaniy meros boshqarmasining bo‘limi albatta, faoliyat olib borishi kerak. Umuman, tumanda turizmni rivojlantirish bo‘yicha masalani tuman darajasida qoldirish yaxshi natijalarga olib kelmaydi. Oddiygina misol, tumanda turizm oqimi bo‘yicha statistikaning yuritilmasligi tufayli hozirgi mavjud holatga baho berishning imkoni yo‘q.

Agar realroq qaraydigan bo‘lsak, tarixiy obidalari bilan yetti iqlimga mashhur Samarqand turizmi ham hukumat miqyosida e’tibordan (logistika, soliq imtiyozlari va hokazo) so‘nggina sayyohlarni jalb etishda qator natijalarga erishdi.

Viloyatda birgina turizm xizmatlari sohasida 5,9 trillion so‘mlik 365 loyihani amalga oshirish orqali 21 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan edi. Hozirgacha, 2022 yil 8 oyi davomida 18,5 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Hozir viloyat bo‘yicha turizm sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarni sanab o‘tmoqchi emasmiz, yuqoridagi raqamning o‘zi ham ko‘p narsadan dalolat beradi. Hatto amalga oshirilgan shunday keng miqyosdagi ishlarga qaramay, turizm va madaniy meros boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatdagi tarixiy obidalar va muzeylar imkoniyatlarining bor-yo‘g‘i 50 foizidan foydalanilmoqda. Bugungi kunda viloyatda jami 98 ta salohiyatli madaniy meros ob’yektlari mavjud bo‘lib, hozirgi vaqtda ularning 51 tasi tur marshrutlarga kiritilgan. Sayyohlarning tungi payt mazmunli dam olishlari uchun maskanlar kam.

Bizningcha, har bir qishlog‘i sayyohlarni qiziqtiruvchi Urgut to‘lig‘icha turizm tumaniga aylantirilishi va namuna sifatida ko‘rsatilishi kerak. Bu esa kompleks tarzda yondashuvni, turizm sohasi mutasaddilari, olimlar va boshqa, yetakchi ekspertlar bilan hamkorlikda, o‘ziga xos dastur asosida ishlashni talab etadi. Qadimiyligi, hunarmandchiligi, o‘ziga xos an’analariyu ziyoratgohlari bilan mashhur bu tuman shunday maqomga arziydi.

Qolaversa, juda go‘zal tog‘ manzaralari mavjud tuman o‘zimizda bo‘lgani holda samarqandliklarning boshqa viloyatlarga borib dam olishlari, to‘g‘rirog‘i, pul sarflashlarini qanday tushunish mumkin? Ushbu tog‘ hududlarida yirik dam olish maskanlari qurilishi nafaqat tuman, balki viloyat iqtisodiga foyda keltiradi-ku, shunday emasmi?

Gulruh MO‘MINOVA.