Urgutda bir tup yong‘oq daraxtini noqonuniy kesgan fuqaro jarimaga tortildi

Urgut tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish nazorat inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan tuman hududida reyd tadbirlarini o‘tkazildi.

Tadbir jarayonida tumanning Kamangaron MFYda yashovchi fuqaro E.Z. tomonidan yashash manzili hududida qurilish ishlarini olib borish maqsadida bir tup yong‘oq daraxtini hech bir ruxsatsiz, noqonuniy tarzda kesganligi aniqlandi.

Mazkur qonunbuzar fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismiga binoan, bazaviy hisoblashning 5 (besh) barobari miqdorida, ya’ni 1 million 225 ming so‘m jarima va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-sonli "Davlat O‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan tabiatga yetkazilgan 4 410 000 so‘m zarar hisoblandi.