Urgutda yozuvchi Asad Dilmurod xotirasiga bag‘ishlab muzey ochildi
Urgut tumanidagi 41-umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adib Asad Dilmurod xotirasiga bag‘ishlab muzey tashkil etildi.
Bu yerda yozuvchi asarlari, uning shaxsiy kutubxonasidan keltirilgan kitoblar, kiyimlar, surat va portretlar saqlanmoqda.
- Mazkur muzey viloyat hokimi qarori bilan tashkil etildi, - deydi yozuvchining singlisi Anora Xudoyqulova. – Buning uchun akamning barcha yaqinlari nomidan minnatdorlik bildiraman. Muzeyni o‘quvchilar uchun qiziqarli bo‘lgan, ularning tarixga, adabiyotga mehrini oshirish, tasavvurlarini boyitish uchun xizmat qiladigan ashyolar bilan to‘ldirib boryapmiz. Akamning kitobga muhabbati boshqacha edi. Shuning uchun muzeyga kitoblar javonini keltirdik. Bu javonda yozuvchi yaratgan kitoblar, u sevib o‘qigan o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari joylashgan.
Shuningdek, Asad Dilmurod hayoti va ijodi aks etgan fotosuratlar, asarlari qahramonlarining portretlari ham muzeydan o‘rin olgan. Akam “Lenin yo‘li”, hozirgi “Zarafshon” gazetasi tahririyatida ham faoliyat olib borgan. Shu gazetaning 60 yilligi arafasida tahririyat xodimlarining ishlangan “venetka” fotosurati muzeyda saqlanayotgan narsalarning eng noyoblaridan.
O‘zbek adabiyotiga yangicha ruh olib kirgan romanlar, buyuk ajdodlarimiz hayoti va ibratli faoliyatiga oid tarixiy asarlar yaratgan Asad Dilmurod kitobxonlar qalbida mangu yashaydi. Uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida boshlangan ishlar xayrli bo‘lib, o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi.
Shahlo Ne’matullayeva,
Baxtiyor Mustanov.