Urgutdagi 36 ta maktabga SamDTI professor-o‘qituvchilari biriktirildi

Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat tibbiyot institutiga Urgut tumanidagi 36 ta umumta’lim maktabi biriktirildi.

Urgut tumani hokimi, 1-sektor rahbari B. Jabborov va Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor J.Rizayev hamkorligida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, institutning tajribali professor-o‘qituvchilari biriktirilgan maktablarga borib, ulardagi mavjud holat bilan yaqindan tanishib, har bir maktab bilan ikki tomonlama memorandumlar imzolandi.

O‘rganishlar davomida o‘qituvchilar soni, shtat birligi, ularning ma’lumoti, maktablarning sig‘imi, mavjud o‘quvchilar soni, dars necha smenada tashkil etilayotganligi, bitiruvchilar hamda OTMlarga o‘qishga kirish darajasiga alohida e’tibor qatarildi.

Shuningdek, biriktirilgan maktablar sinfxonalarida issiqlik tizimining ishlash holati, yorug‘lik tizimi, maktablar kutubxonasidagi darsliklarning ta’minganlik darajasi, laboratoriya xonalarining holati, fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarning taisimoti o‘rganildi. Institutga biriktirilgan maktablarning moddiy texnika bazasini yanada yaxshilash, o‘quvchilarni zamonaviy axborot texnologiyalaridan xabardorligini oshirish maqsadida ularning 18 tasiga 60 (oltmish) dona kompyuter beg‘araz taqdim etildi.

Biriktirilgan maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish maqsadida yetakchi soha mutaxassislari va kafedralar mudirlari har haftada bir marta ochiq darslar, “Kimyo va biologiya” fanlari bo‘yicha har chorshanba kuni o‘tkazilayotgan metod kunlarida o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.

Maktablar bilan o‘rnatilgan hamkorlik doirasida asosiy e’tibor ta’lim sifat va samaradorligini oshirishga qaratilgan. Shu bois, maktablarning bitiruvchi sinf o‘quvchilarining qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib qaysi oliy ta’limga, qaysi yo‘nalishga qiziqishini aniqlash maqsadida so‘rovnomalar o‘tkazildi. O‘tkazilgan so‘rovnoma asosida o‘quvchilarning qiziqishlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil etildi.

Albatta, o‘quvchilarning sifatli bilim olishida oiladagi muhit alohida ahamiyatga ega. Shuning uchun bitiruvchi sinf o‘quvchilarining ota-onalari bilan ham uchrashuv o‘tkazilib, uga farzandlari uchun uyda sharoit yaratib, dars tayyorlashlarini nazorat qilib borishi to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.

E’tiborli tomoni, institutimizga biriktirilgan maktablarda faqatgina ta’lim sifatini oshirish emas, balki o‘quvchilar, o‘qituvchilar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, institutning stomatologiya fakulteti tashabbusi bilan 36 ta maktabning barchasida belgilangan reja asosida o‘quvchilar, pedagoglar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga zaruriy tavsiyalar berib kelinmoqda.

E.Tangirov,

SamDTI prorektori.