Urgutlik deputatlar maktablarda an’anaviy ta’limni 14 sentyabrdan boshlashni rad etdi. Nega?

Xalq deputatlari tuman Kengashi 11 sentyabrda bo‘lib o‘tgan sessiyada  shunday qarorga kelgan. Negaki, maktablarda yuqori va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun kirish eshiklarining alohida-alohida etib tashkil etilishi lozim bo‘lsa-da, bu ish tumandagi 143 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarining hammasida ham amalga oshirilmagan.

Maktablarning kirish darvozasi oldida 2 metr oraliq masofa belgilanib, o‘quvchilar xarakatlanish sxemasi chizilgan. “Filtrlar” - tibbiyot xodimlari tomonidan har bir pedagog xodim va o‘quvchilarning haroratini o‘lchab, qayd etib borish daftarlari tashkil etilib, mas’ullar biriktirilgan.

Ta’lim muassasalariga o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, 300 nafar o‘quvchiga 1 tadan, jami 300 dona pirometrlar yetkazib berilgan. Lekin dozator, kam ta’minlangan oila farzandlari uchun antiseptik vositalar va himoya niqoblari hanuzgacha ijobiy hal etilmagan.

Jami 6251 nafar o‘qituvchilardan 2016 nafari test namunasini topshirgan va 4 sentyabr kuni 250 nafar o‘qituvchidan 37 nafarida virus aniqlangan. 1766 nafar o‘qituvchilardan olingan test namunalari natijasi taqdim etilmagan.

Tumandagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tibbiyot xonasi va kasalligi shubha qilingan o‘quvchilar uchun izolyasiya xonalari tashkil etilgan bo‘lsa-da, birlamchi tibbiy yordam uchun dori-darmon zaxirasi to‘liq yaratilmagan.

Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida maktablaridagi hojatxonalar sanitar talablariga mos ravishda ta’mirlanib, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 16 ta yangi hojatxona qurilgan. O‘quv binolariga kirishda dezto‘shamalar tashkil etilgan. Lekin xlor zaxirasi hamda tarkibida xlor saqlovchi zararsizlantiruvchi dezvositalar yo‘q.

Maktablarga malakali tibbiyot, ichki ishlar, mahalla hamda sanitariya-epedimologik osoyishtalik markazi xodimlari biriktirilgan. Lekin sanitariya-epedimologik osoyishtalik markazi tomonidan tegishli xulosalar berilmagan.

Yuqoridagilarga asosan, xalq deputatlari tuman Kengashida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar qoniqarsiz, deb topildi. Sessiyada maktablardagi mavjud kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng, joriy yil 21 sentyabrdan maktablarda an’anaviy ta’limni boshlashga ruxsat berilgan.