Urush - o‘tmishning dog‘i

Urush. Bu so‘zning nomi ham, o‘zi ham sovuq. U notinchlik, parokandalik, yo‘qotishlar, xavf-xatar, ishonchsizlik kabi hislarni o‘zida jamlagan. Xalqimiz, ayniqsa, kam sonli qolgan Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari, urush ortida mehnat qilganlar buning zahridan benasib emaslar va bir umrga shirin turmushi parokanda bo‘lganligidan armonda. Biz esa shunday jasoratli insonlarning matonatli mehnatlarini qadrlaymiz, ularga hamisha hurmat va ehtirom ko‘rsatamiz. Qalblarida mash’um urushning dog‘i hamon saqlanayotgan bobolarimiz va momolarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. So‘zlab berganlaridan ibrat olamiz.

Momom aytgan haqiqat

 - 1942 yilning yozi edi, - deb achchiq xotiralarini aytib berardi Qunduz momom. - Urush avjiga chiqqan. Qishlog‘imiz - Nurobod tumanidagi Gumbazdan frontga ketgan o‘nlab jangchi askarlarning ota-onalari, yaqinlari tunu kun farzandiga omonlik tilab duo qilishardi. Har ikki-uch kunda kimningdir xonadonida yig‘i-sig‘i tovushi eshitilsa, barcha o‘sha xonadonga borib hol so‘rardilar. Chunki bu xonadondan urushga ketgan yana bir qishloqdoshimiz halok bo‘lganligi haqida “qoraxat” olingan bo‘lardi. Shu tariqa tushkun kayfiyatli qishloq ahli, keksalar va qizlar, yosh bolalar baravarakayiga dalada mehnat qilardik. “Hamma narsa front uchun, hamma narsa g‘alaba uchun!” degan da’vatga amal qilinardi. Yetishtirilgan hosil - meva-cheva, don-dunning barchasi frontga jo‘natilardi. Bu paytda bobong bilan biz o‘zbekona odatimizga ko‘ra unashtirilgan edik. Otam va amakilarim, qaynotamning qistovi bilan 4-5 nafar qishloq oqsoqollarini chaqirishib, ikki xonaligina uylarida kichik to‘y o‘tkazishdi. Biz oilali bo‘ldik. Oradan bir yil o‘tgach, 1943 yilning yozida yana o‘sha yumushlar boshlangan, biz bobong bilan daladagi jamoa g‘allasini o‘rish va odamlarga yordam berish uchun bug‘doyzorga borgandik. Ish qizg‘in ketayotgan bir payt tuproq yo‘ldan chang ko‘targancha qishloq tomonga yuk mashinasi kela boshladi. Bug‘doy o‘rayotgan odamlar bu mashinaning kelishi yaxshilik uchun emasligini, qishloqdan yana kimlarnidir urushga olib ketishini bilardi. Shu tariqa dalada bug‘doy o‘rayotganlarning barchasi boshlarini ko‘targancha mashinani kuzatishardi. Mashina to‘g‘ri dala boshiga kelib to‘xtadi. Undan mundir kiygan harbiy kishi tushib, o‘roqchilar bilan salomlashdi va muddaoga o‘ta qoldi. “Orangizda Jo‘rayev Murod, Mamatov Muso ismli yigitlar bormi? Ular bugundan boshlab harbiy xizmatga – urushga jo‘natiladi. Vatan uchun, xalqimiz uchun xizmatga chaqirilganlar!” Bu yo‘g‘on va jarangdor so‘z barchaga birdek eshitildi. Ularning biri bobong edi. Bobong va o‘roqchilar orasida bug‘doy o‘rayotgan Musa ismli tengdoshi baravarakayiga “men”, “men”, deyishdi. Har ikkalasini harbiy kishi yoniga chaqirdi va qandaydir qog‘ozga imzo qo‘ydirdi-da, mashinaga minishlarini buyurdi. Qishloq ahli ular uyga borishlarini, oilasi bilan xayr-ma’zur qilishlarini so‘rashdi. Mundirli kishi rozi bo‘ldi. Ularni mashinaga mindirib qishloq tomon yo‘l oldi. Bobong esa mashinadan men tomonga qaragancha nima deyarini bilmasdan ketib borardi. Odamlar mashina ortidan chopishar, chopayotib urushni la’natlab borardilar. Men ulardan ortda qolib ketdim. Chunki, onangga homilador edim, bolam. Oyoqlarim qadam tashlayaptimi, yo‘qmi bilmasdim. Kimdir kelib qo‘limdan tutdi. “Yig‘lama, bolam, yig‘lama”, boshimizga tushgan tashvish ekanda, Murodjon eson-omon qaytadi, mana ko‘rasan”, degancha qo‘lida olib ketayotgan ro‘moli bilan ko‘zimdan oqayotgan yoshni artardi. “Onajon, endi nima bo‘ladi?”, deya olardim goh yurar yo‘limga, goh onamning yuziga qarab. Bir chaqirimlik qishloq yo‘li ham olisdek bo‘lib ketdi. Kelganimda, bobong men kecha tunda yuvib qo‘ygan oppoq ko‘ylagini, toza shimini va qalpog‘ini kiyibdi. Qo‘lidagi xaltachada bir burda non, qaynonam solib bergan bir hovuch turshak va qand-qurs bor edi. Oyog‘ida etigi, bilagiga esa qaynotamning ko‘paykasini osib olgan edi. Ko‘z oldim qorong‘u bo‘lib ketdi. Bobongning mehriga qonmagan ekanman bir zum bo‘lsa ham qaynonam va qaynotamga, qaynsingillarimga xayrlashish uchun uni bergim kelmasdi, qo‘llarini mahkam siqib turardim. Ular barcha bilan quchoqlashib xayrlashdi. Mashina o‘t oldirildi. Ikkala yigit qayerga, nima uchun ketishayotganini juda yaxshi bilardi, ammo yigitlik g‘ururi, dushmanga bo‘lgan nafrat tuyg‘usi, bizni himoya qilishdek ishtiyoq yaqinlaridan ajralishdan-da ustun edi.

...O‘shanda bobong 19 yoshida edi. Ora-orada qisqagina yozilgan xat kelib turardi. Frontga ketganlarning ko‘pchiligi qaytmadi. Ularning yaqinlarining armonlari biznikidan ortiq edi. Qishloq aholisi odatdagidek jimoat ishida mardona, keksalar ham bolalar va xotin-qizlarga baholi qudrat dala ishlarida ko‘maklashardi. Dehqonchilik va poliz mahsulotlari frontga jo‘natilardi...

U uyga qaytdi, do‘sti qaytmadi

Oradan uch yil o‘tdi. Bu paytda farzandim, ya’ni onang ikki yoshdan oshgan edi. G‘alaba nashidasidan zavq olib mehnat qilayotgan xalq avvalgidan-da ko‘proq ishlar, front ortidagi mehnatlaridan g‘ururlanardi. Qishloqda farzandi urushga ketib “qoraxat” olmagan oilalar sirasida bizning oilamiz ham bor edi. Shunisiga ham shukur qilib yashardik. Kunlarning birida bobongdan xat oldik. Unda “Men yaqinda boraman”, degan jumla yozilgan ekan. Bu xat bizga olam-olam zavq bag‘ishladi. Xatda do‘stini ham so‘ragan. Javob xatimizda do‘sti xabarsiz ekanligini yozdik. Shu yil yozning saratoni juda issiq kelib, bog‘larda mevalar g‘arq pishgan, odamlar dalada mehnat qilishar, urush tugagan bo‘lsa-da, g‘alabaga o‘zlarining front ortidagi mehnatlari bilan hissa qo‘shishayotganliklaridan faxrlanishardi. Shunday kunlarning birida olisdan qishloq tomon kelayotgan harbiy kiyimdagi askar ko‘rindi. Bu sening bobong ekan. Odamlar o‘sha tomonga yugurdi. Biz qatori qishloqdoshlarning barchasi uni shodlik bilan qarshi olishdi. Qo‘li va yelkasidan yaralangan, ammo tirikligining o‘zi qishloqdoshlari singari bizning oilamiz uchun ham bayram bo‘ldi. Urushga birgalikda jo‘nab ketgan do‘sti esa qaytmagandi...

Rahmatli momomning dard, g‘am bilan sug‘orilgan hikoyalarini bolaligimda berilib tinglardim. U kishi ko‘p va xo‘p voqealarni, o‘tmishdagi urush iskanjasining azob-uqubatlarini bot-bot so‘zlab berardilar. Ikkinchi jahon urushi sababli insoniyat boshiga tushgan savdolar, ularning shirin turmushlarining buzilishi, yosh va navqiron damlarini ana shunday qiyinchiliklar bilan o‘tkazishlar, yosh yigitlarning bevaqt olamdan o‘tishi, xalqning osuda hayoti buzilib, toptalishi kabilarni tinglab qo‘rqib ketardim va bugungi tinchligimizga, dorilomon kunlarimizdan ayirmasligiga bag‘ishlab aytilgan shukronaliklarini his qilardim, qo‘l ochib duosiga qo‘shilgancha yuzimga fotiha tortardim.

Xulosa shuki, kimlarningdir xatosi va ko‘rsatmasi asosidagi harakatlar qurboniga aylangan begunoh insonlar soni ko‘pchilikni tashkil etgan. O‘sha xatoga yo‘l qo‘yganlar begunoh kishilar o‘limining uvoliga qolishni o‘ylamaganmikan, deya xayolga tolasan kishi. Negaki, ota-bobolarimiz, momolarimiz ko‘rgan o‘sha mudhish kunlar uchun bugungi farovon hayotning qadriga yetmog‘imiz, uning har daqiqasini asrab-avaylamog‘imiz kerak.

Mahmarizo Abdurahmonov.