Ustasi farang qalbaki pul yasovchi: u buni boylik orttirish uchun emas, balki san’atga bo‘lgan muhabbati tufayli qilgan edi(mi?)
Soxta pul yasovchi Viktor Baranov qalbaki banknotalarni mustaqil ravishda o‘z omborida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. U faqat qo‘l ostidagi asboblardan foydalangan holda 33 454 rubl tayyorladi, shundan 28 mingdan ortig‘ini muomalaga chiqardi.
Mutaxassislar Baranovning yolg‘iz ishlaganiga ishonishmadi, ular uning bir necha sherigi borligi haqidagi taxminni ishlab chiqishdi. Biroq, tergov tadbirlari Viktor Ivanovichning yolg‘iz o‘zi soxta pullarni tayyorlashini tasdiqladi. Qizig‘i, Baranovda qalbaki pullarini yasashda boylik orttirish ishtiyoqi yo‘q edi, u shu yo‘l bilan hammaga o‘zining buyuk iste’dodi borligini isbotlamoqchi bo‘ldi va e’tirof etilishini istardi.
Tan olinmagan daho
Viktor Baranov 1941 yilda Moskva shahrida dunyoga keldi. 16 yildan keyin uning oilasi Stavropol o‘lkasiga ko‘chib o‘tdi. Baranov bolaligidan qog‘oz pullarga, ayniqsa eski banknotalarga qiziqqan. Shu sabab, u o‘zining podsholar tasvirlari tushirilgan kichik kolleksiyasini to‘pladi. Maktabda u hayratlanarli darajada osonlik bilan matematik fikrlash va rassom iste’dodini birlashtirgan holda yaxshi o‘qirdi. Bir necha marta mashhur rassomlar kartinalarini qayta chizishni o‘z zimmasiga oldi va buni qoyilmaqom tarzda uddaladi. Baranovning e’tirofiga ko‘ra, o‘shanda o‘zi ham bir kun kelib “san’at” bilan shug‘ullanishini xayoliga ham keltirmagan ekan.
Biroq, u kelajagini ijod bilan bog‘lamaslikka qaror qildi. Shuning uchun yetti yillik maktabni tugatgach, Rostov-Dondagi qurilish maktabiga o‘qishga kirdi. O‘shanda u ixtirolarga qiziqib qolgan edi va bir necha bor Stavropol zavodlari va fabrikalariga turli modernizatsiya loyihalarini taklif qildi. Ammo yosh innovatorning g‘oyalari hech kimga kerak emas edi. Samarasiz iltimoslari bilan ostonalardan o‘tkazilmagan Viktor “qing‘ir yo‘l”ga o‘tishga qaror qildi. Ixtirolar va izlanishlar uchun pul kerak edi, shunda u o‘zining rassomlik iste’dodini esladi. Baranov halol yo‘l bilan tan olinmagani uchun, boshqacha harakat qilish kerak, deb o‘ylardi. Nafsoniyati kamsitilgan Viktorning jizzakiligi tutib ketdi.
Kosiblik usuli
Baranovni banknotalardagi haqiqiylaridan farq qilmaydigan darajada nusxa ko‘chira olish masalasi xavotirga solardi. Kerakli ma’lumot topish oson bo‘lmagan o‘sha davrda hatto nodir kitoblar sotiladigan do‘konlari bu masalada yordam bera olmadi. Viktor Moskvadagi Lenin kutubxonasiga qatnay boshladi va faqat u yerda kerakli adabiyotlarni topishga muvaffaq bo‘ldi. U sinkografiya va poligrafiya bo‘yicha kitoblarni qunt bilan o‘rganib, asosiy fikrlarni qog‘ozga ko‘chirib oldi. Ba’zi bir qog‘oz nashrlarini cho‘ntakka urdi, biroq keyinchalik u bu haqda afsuslanib “Men muttaham odamlar sirasiga kirmayman, ularni qaytarmoqni niyat qilib qo‘ygandim”, dedi.
Viktor Ivanovich ustaxonani o‘z uyi hududidagi omborxonada jihozladi. Dastlab, u 50 rubllik kupyuralarni chiqardi. Qizig‘i, soxtasining sifati asl nusxasidan ham yaxshiroq bo‘lib chiqdi. 3500 rublni “nashr qilgan” Baranov endi eng qiyin “tish o‘tmaydigan yong‘oq” – hamma tomondan himoyalangan 25 rubllik banknotani chiqarish vaqti keldi, deb qaror qildi.
Baranovning omborxonada nima bilan shug‘ullanayotganini hech kim bilmasdi. Namunali oila boshlig‘i, Stavropol oblasti garajida haydovchi bo‘lib, bir muncha vaqt hatto o‘sha paytdagi viloyat qo‘mitasi kotibi Mixail Gorbachyovni olib yurardi. Uning uyida bo‘lgan mehmonlar hech narsadan shubhalanmas, omborxonaga kirganida ular surat chop etish uskunasi va metallga ishlov beruvchi dastgohni ko‘rishi mumkin edi. Pul chop etadigan “narsa” har doim qismlarga ajratilgan holatda saqlangan.
Viktor Ivanovich dastlab boshqalardan ajralib turmaslikka harakat qildi. Soxta banknotalar faqat zarurat tug‘ilganda sarflanardi. Hammasi 1976 yilning avgustida u ishdan ketganida boshlandi. Asosiy xatosi, ishsiz Baranov rafiqasiga qimmatbaho “shaqildoqlar” olib berar, qarindoshlariga qimmatli sovg‘alar qilar, o‘ziga esa yangi “Niva” mashinasini sotib oldi...
“Men qalbaki pul yasovchiman!”
Militsiya qimmatbaho mashina egasi va qimmat xaridlar qiladigan ishsiz Baranov bilan qiziqa boshladi. 1977 yilning 12 aprelida u Cherkessk shahridagi kolxoz bozorida qalbaki pullarni almashtirmoqchi bo‘lgan paytda hisbga olindi. Viktor Ivanovich qarshilik ko‘rsatmadi, aksincha u darhol “Men qalbaki pul yasovchiman!”, dedi. Baranov tergov bilan faol hamkorlik qildi, banknotalarni qanday qilib soxtalashtirganini aniq aytib berib, ko‘rsatdi. Mutaxassislar Baranov yolg‘iz o‘zi ishlaganini tasdiqlashdi.
Viktor Ivanovich o‘zining asosiy vazifasini bajardi – uning iste’dodi e’tirof etildi va keyinchalik ixtirolaridan biri Davlat belgisiga joylashtirildi.
Tergov bilan hamkorligi tufayli Baranov yengil jazoga hukm etilib – 12 yilga qamaldi. Qamoqda bo‘la turib, SSSR ichki ishlar vaziriga xat yozdi, unda u banknotalarni himoya qilishni yaxshilash usullarini batafsil bayon qildi.
1990 yilda ozodlikka chiqqan Baranov parfyumeriya ishlab chiqarishni boshlagan kompaniyaga asos soldi.
2016 yilda qalbaki pullar yasovchisining tarixiga asoslangan “Pullar” serialining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.